09:29 / 31.08.2017
147373

Shavkat Mirziyoyevning ma'ruza va nutqlarida eng ko‘p ishlatilgan so‘z aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazining Yoshlar sektori Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12ta ma'ruza va nutqlari matnlarining lingvistik tahlili natijalarini e'lon qildi.

Unga ko‘ra Prezident tomonidan “Investitsiya” so‘zi 30 marta qo‘llanilgan, “Xalqaro va xorijiy” so‘zlari 55 marta tilga olingan, “Samarali va tarkibiy” so‘zlaridan 87 marta foydalanilgan, “Rivojlanish” so‘zi ma'ruza va nutqlarda 111 marta ishlatilgan. Prezident tomonidan eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar reytingida ikkinchi o‘rinni “Iqtisod va hududlar” so‘zlari egallagan, bu so‘z 158 marta qo‘llanilgan.

Reytingning birinchi o‘rnini egallagan so‘z jami 298 marta ishlatilgan bo‘lib, lingvistik tahlil natijalariga ko‘ra, davlatimiz rahbari tomonidan eng ko‘p urg‘u berilayotgan masala bu “Xalq va mamlakat” so‘zlari ekani aniqlangan.

Yoshlar sektori tadqiqotchilarining fikriga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda Shavkat Mirziyoyevni “Xalq Prezidenti”, “Bizning Prezident” kabi iboralar bilan tobora keng tilga olinayotgani bejiz emas. Davlat rahbari tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda uning doirasida 320 banddan iborat “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili Davlat dasturi qabul qilingani aholi orasida daxldorlik hissini kuchaytirdi. Ayniqsa, xalq manfaatlarining birinchi o‘ringa qo‘yilishi, odamlarni rozi qilish va ularning muammolarini hukumat kun tartibiga eng ustuvor masala sifatida olib chiqilishi fuqarolarda Prezidentga bo‘lgan ishonchni yanada oshirmoqda.

Mavzuga oid
Top