10:11 / 31.08.2017
53550
Jyeton o‘rniga karta bilan. Endi Toshkent metrosida yevropacha tizim
Foto: Kun.uz

Toshkent metropoliteni foydalanuvchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, “Toshkent Metropoliteni” UK va “Mikroelektronika Plyus” MChJ hamkorlikda metropoliten xizmatlaridan foydalanishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirilmoqda.

Loyihaning dastlabki bosqichida Mustaqillik maydoni metro bekati test sinovlari tariqasida maxsus turniket va bir martalik chipta sotuvchi avtomatlar bilan jihozlandi. Loyiha boshlanganiga 2 yil bo‘lgan bo‘lsa, ushbu davrda dunyoning rivojlangan shaharlarining transport tizimlari o‘rganib chiqildi va mahalliy injyener va dasturchilar tomonidan milliy yechim ishlab chiqildi.

Tizim to‘liq joriy etilgandan so‘ng yo‘lkira haqini to‘lashning bir necha qulay usullari amaliyotga joriy etiladi, jumladan:

Bir martalik metro chiptasi yordamida metroga kirish. Bunday chiptalar har bir metro bekatining kirish qismida o‘rnatilgan maxsus chipta sotuvchi qurilmalar orqali naqd pul va plastik karta yordamida sotib olinadi. Chiptada QR kod (Quick Response Code - tezkor javob beruvchi kod) tasvirlangan bo‘lib, uni turniket skaneriga ko‘rsatish yetarli bo‘ladi.

Hozirgi kunda, NFC (Near Field Communication - yaqin masofadagi aloqa) kartalari yordamida obektga kirish va to‘lovlarni amalga oshirish dunyoda ommalashib bormoqda. Metroga kirishda ham mazkur texnologiyani qo‘llovchi kartalardan foydalanish imkoni yaratilmoqda. Ushbu kartalar bir marotaba xarid qilinadi va hisobini to‘ldirish orqali doimiy foydalanish mumkin.

Yana bir innovatsion qulaylik, bu to‘lovlarni smartfon qurilmasi yordamida amalga oshirishdir. O‘zbekiston aholisining 2/3 qismidan ortig‘i mobil aloqadan foydalanuvchilar ekanligini inobatga olsak bu juda ommabop yechimdir. Buning uchun smartfon qurilmasiga maxsus dastur o‘rnatiladi hamda QR kod yoki NFC bog‘lanish orqali to‘lovlar o‘tkaziladi.

Mazkur o‘zgarishlar amalga oshirilgandan so‘ng, NFC kartalar oylik yo‘l chiptalari o‘rnini bossa, plastmassa jyetonlar vazifasini esa QR kodli biletlar bajaradi.

Top