17:22 / 31.08.2017
15875

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining maqomi oshirildi

Prezidentning 30.08.2017 yildagi PF–5174-son «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi, deb xabar bermoqda Norma.uz.
 
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga aylantirildi. Inspektsiya Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari kompleksi tarkibiga kiritildi, va, o‘z bo‘linmalari bilan birga o‘simliklar karantini sohasidagi davlat nazoratining yagona tizimini tashkil etadi.
 
Inspektsiyaning asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
 
1) yagona siyosatni amalga oshirish, o‘simliklar karantini to‘g‘risidagi qonunchilikning amalga  oshirilishini ta'minlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mazkur sohadagi hamkorligini muvofiqlashtirish;
 
2) o‘simliklarning tashqi va ichki karantini bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
 
3) respublika hududini iqtisodiyot tarmoqlariga anchagina zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar va begona o‘tlarning karantin va boshqa xavfli zararkunandalari, kasalliklarining chet mamlakatlardan kirib kelishidan muhofaza qilish;
 
4) o‘simliklar va begona o‘tlarning karantin va boshqa xavfli zararkunandalari, kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda bartaraf etish, shuningdek, ularning respublikaning ular yo‘q bo‘lgan joylariga kirib borishining oldini olish;
 
5) qishloq xo‘jaligi va boshqa o‘simlik mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, sotish hamda ulardan foydalanishda o‘simliklar karantini bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya etilishi va tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan davlat nazoratini o‘tkazish;
 
6) o‘simliklar karantini sohasida ilmiy-metodologik va ma'rifiy salohiyatni har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarning yo‘nalishlarini aniqlash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar natijalarini fitosanitariya amaliyotiga joriy etishni muvofiqlashtirish;
 
7) xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or xorijiy texnologiyalar hamda ishlash uslublarini karantin xizmati faoliyatiga joriy etish;
 
8) kadrlarni tizimli ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbarlar va mutaxassislarning ishlash shakllari va uslublarini takomillashtirish, ularning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishi bo‘yicha javobgarligini oshirish.
 
Inspektsiya boshlig‘i maqomi bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga, uning o‘rinbosari esa vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. O‘simliklar karantini hududiy inspeksiyalari rahbarlari Inspektsiya rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar  hokimi taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Mavzuga oid
Top