18:25 / 01.09.2017
33658

Top-10. Yozning eng qimmat transferlari

Yozgi transferlarning asosiy qismi yakunlandi. Yevropaning deyarli barcha hududlarida transfer oynasi yopildi. Faqat Ispaniyada bugun tunga qadar futbolchilarni ro‘yxatga o‘tkazishi mumkin. Ammo ko‘rinishidan bugungi kunda e'tiborli transfer bo‘ladiganga o‘xshamaydi. Bu esa yozgi transferlar bo‘yicha yakuniy xulosalar chiqarishga imkon beradi. Tribuna.Uz so‘nggi 3 oy davomida amalga oshirilgan eng qimmat transferlar o‘nligi bilan sizni tanishtirib o‘tadi.

10. Bernardu Silva 
«Monako»dan «Manchester Siti»ga
Transfer narxi: 50 million yevro

O‘tgan mavsumni «Monako» o‘ta ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. Jamoa «PSJ» qatnashadigan chempionatda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Yevropa chempionlar ligasida shov-shuv ko‘tarib yarim finalga qadar yetib bordi. Bu esa Yevropaning grand jamoalarining knyazlik jamoasi futbolchilariga bo‘lgan talabini keskin oshirdi. Ana shunday futbolchilar ichida birinchi bo‘lib, portugaliyalik Bernardu Silva «Manchester Siti»ga yo‘lllanma oldi. Gvardiola o‘yin uslubiga juda mos tushadigan futbolchi uchun «shaharliklar» 50 million yevroni ayashmadi. Hozircha, Silva «Manchester Siti» tarkibida bitta uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Ko‘rinishidan u yomon taassurot qoldirgani yo‘q. 

9. Kayl Uoker

«Tottenhem»dan «Manchester Siti»ga
Transfer narxi: 51 mln. yevro

Foto: «Siti»

O‘tgan mavsumda Gvardiolani eng qiynagan muammo bu himoya chizig‘i edi. Jamoa himoyaning barcha chiziqlarida muammoga duch keldi. Yoshi o‘tib, tezligini yo‘qotgan futbolchilar o‘rni yangilari bilan to‘ldirilishi lozim edi. Jamoaning bu yo‘ldagi eng muhim transferi aynan Kayl Uoker bo‘ldi. Birinchi navbatda Kayl bilan o‘ng qanotdagi eng katta muammo bartaraf etilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan «Siti» uchun muammoli bo‘lgan «ingliz pasporti» aynan Uokerda borligi jamoaning bir o‘q bilan ikki quyonni urishni anglatardi.

8. Xames Rodriges

«Real»dan «Bavariya»ga
Transfer narxi: jami bo‘lib 53 mln. yevroni tashkil qiladi

Foto: «Bavariya»

Uch yil muqaddam «Real» kolumbiyalik futbolchini «Monako»dan 81 mln yevro evaziga sotib olgandi. Jahon chempionatining haqiqiy kashfiyoti bo‘lgan Xames Madridning yangi yulduzi bo‘lishi kutilgandi. Ammo uch mavsum davomida u bu ishonchni oqlay olmadi va natijada uzoq kutilgan transfer amalga oshdi. Xames jamoani tark etdi. Ammo u kutilmagan yo‘nalishda harakat qildi. «Bavariya»ga. Transfer siyosati bilan istalgan jamoaga dars bera oladigan myunxenliklar bu safar ham ajoyib iqtisodiy yo‘l bilan futbolchini bugungi bozor sharoitida «suv tekin»ga qo‘lga kiritdi. Gap shundaki «Bavariya» kolumbiyalik futbolchini 2 yilga ijaraga oldi. Bu muddat uchun ular madridliklarga 13 million yevro (yiliga 6,5 million) to‘laydi. Shundan so‘ng jamoa Xamesni 40 million yevro evaziga sotib oladi. Uning transferi uch yilda jami 53 million yevroga aylanadi.

7. Aleksandr Lyakazett
«Lion»dan «Arsenal»ga
Transfer narxi: 53 million yevro

Foto: BBC Sport

Frantsuz futbolchisi Angliyaga fransuz murabbiy qo‘l ostida to‘p surish uchun tashrif buyurdi. «Arsenal» Aleksni qo‘lga kiritishda klub uchun rekord bo‘lgan 53 mln yevro miqdorida mablag‘ sarfladi. Albatta Lyakazettning sotib olinishida «Arsenal»ga qaysidir ma'noda omad ham kulib boqdi. «Yoshligimdan «Arsenal»da o‘ynashni orzu qilardim», deb ming marta ta'kidlasada, Lyakazettning istagi «Atletiko» Madrid safiga o‘tish edi. Ammo FIFA madridliklarning voyaga yetmagan futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda qilgan qing‘irliklari uchun jazoladi va transferlar uchun taqiq joriy qildi. Bundan Venger foydalanib qoldi. Lyakazett premer-liganing birinchi turida 2-daqiqadayoq gol urdi va unga sarflangan mablag‘lar bekorga emasligini isbotlashni boshlab yubordi.

6. Benjamin Mendi

«Monako»dan «Manchester Siti»ga
Transfer narxi: 57,5 mln. yevro

Foto: «Siti»

Yana bir «Monako»-«Manchester Siti» yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshgan transfer. O‘tgan mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan fransuz futbolchisi manchesterliklarning yana bir muammoli chizig‘i chap qanot himoyasini to‘ldiradigan bo‘ldi. Arab shayxlari Mendi uchun himoyachilarga to‘langan rekord miqdordagi puldan ham voz kechishga tayyor ekanini ko‘rsata oldi. Ingliz klubi «Monako»ga Mendi uchun 57,5 mln yevro to‘ladi. Natijada, mankunianlar ikki qanot futbolchisi uchun jami 108,5 million yevro puldan voz kechishiga to‘g‘ri keldi. Qanotni yoshartirishning bahosi shunchani tashkil qildi. Mendi o‘tgan haftada APLda debyut qildi va birinchi uchrashuvidayoq ko‘plab nashrlar tomonidan tur ramziy terma jamoasiga kiritildi.

5. Alvaro Morata
«Real»dan «Chelsi»ga 
Transfer narxi: 65 mln. yevro

Foto: Premier liga

«Real» tarbiyalanuvchisi «Yuventus»dagi yorqin mavsumdan keyin ham ortga qaytarilgan bo‘lsada, Zidan tomonidan asosiy hujumchiga aylantirilmadi. Frantsuz mutaxassisi ko‘proq fransuz hujumchisini afzal bildi. Natijada, Morata jamoani tark etishga majbur bo‘ldi. «Real» uning transferi uchun «Chelsi»dan 65 mln yevro ishlab oldi. Ispaniyalik hujumchi Angliyadagi faoliyatini muvaffaqiyatli boshlashga ulgurdi. Birinchi uchrashuvda zaxiradan tushishiga qaramasdan, Morata «Chelsi»dagi debyut golini urdi.

4. Romelu Lukaku
«Everton»dan «Manchester Yunayted»ga
Transfer narxi: 84,7 mln. yevro

Foto: «MYu»

«Men uchun Lukaku va Morata bir xil saviyadagi futbolchilar», – deya tan olgandi Antonio Konte. Sir emaski, italiyalik mutaxassis birinchi navbatda aynan belgiyalik hujumchini o‘z safida ko‘rishni istagandi. Ammo Lukaku 2014 yilda «Everton»ga ketishiga sababchi bo‘lgan klubga qaytishni istamadi. U «Manchester Yunayted»ni tanladi. Mankunianlar futbolchi uchun salkam 85 mln yevro sarfladi. Lukaku dastlabki o‘yinlardan boshlab o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay boshladi. Superkubokda «Real» darvozasi ishg‘ol qilindi, APLdagi dastlabki 3ta turda u 3ta gol urishga ulgurdi.

3. Usmon Dembele
«Borussiya»dan (Dortmund) «Barselona»ga
Transfer narxi: 105 mln. yevro (bonuslar bilan 145 mln yevroga yetishi mumkin)

Foto: «Barselona»

Bir yil muqaddam Dembele Kataloniya klubi taklifini qabul qilishga shoshilmagandi. Sababi 19 yashar yigit o‘sishi uchun har hafta to‘liq futbol o‘ynashni istagandi. «Ammo men ertami, kechmi «Barselona»ga o‘tishimni bilaman», – deya ishonch bilan gapirgandi. Uning orzusi juda qisqa vaqtda amalga oshdi. Dortmunddagi bir mavsum davomidagi muvaffaqiyatli o‘yindan so‘ng fransuz futbolchisi Kataloniyaga ko‘chib o‘tdi. Albatta bu safar Dembele transferi haqida gap ketganda bir yil oldingiga nisbatan salkam 10 baravar katta summalar haqida gap borayotgandi. Uzoq va o‘ta murakkab muzokaralardan so‘ng «Barselona» bir yil oldin aqlbovar qilmas deya qaralgan summa — 105 mln yevro va qo‘shimcha 40 mln yevro bonuslar evaziga futbolchini sotib oldi. Ammo bugungi kunga kelib, bu transfer jahon transfer tarixidagi bor-yo‘g‘i uchinchi ko‘rsatkich bo‘lib qoldi.

2. Kilian Mbappe
«Monako»dan «PSJ»ga
Transfer narxi: 135 mln. yevro (qo‘shimcha bonuslar bilan 180 million yevroga yetishi mumkin)

Foto: «PSJ»

«PSJ» – transfer bozorining yangi qiroli. Yozning eng e'tiborga molik transferlarini aynan fransuz yetakchisi amalga oshirdi. Transfer bozorining so‘nggi kuniga qadar Mbappe qanday shartlarga ko‘ra «Monako»dan «PSJ»ga o‘tishi topishmoq bo‘lib turgandi. Nihoyat 31 avgustga kelib, parijliklar 18 yoshli futbolchini dastlab ijaraga va kelgusi yilda bonuslar bilan 180 million yevrogacha yetishi mumkin bo‘lgan narxga sotib oldi. Mbappe yoshiga nisbatan 10 baravar qimmatroq narxga sotilgan ilk futbolchi bo‘ldi deyish mumkin. Ammo bu aqlbovar qilmas pullar ham eng qimmat transfer raqamlari oldida hech narsa degani emas edi...

1. Neymar
«Barselona»dan «PSJ»ga
Transfer narxi: 222 mln. yevro

Foto: «PSJ»

Bir futbolchi uchun 222 mln yevro! Bundan ko‘p emas 1-2 yil oldin oradan ma'lum vaqt o‘tib futbolchi uchun shuncha pul sarflanadi desa ishonmasligi mumkin edi. Ammo bu mavsumga kelib bu ish amalga oshdi. Nafaqat yozning, balki futbol tarixidagi eng shov-shuvli transfer bo‘lgan ushbu voqea bozorni larzaga soldi. «Barselona» bitta futbolchi uchun shunchalik ko‘p pul ishlab topgan bo‘lsada, ko‘pchilik uchun bu «PSJ»ning g‘alabasi edi. Sababi olingan ma'lumotlarga ko‘ra, rasmiy hujjatlarda Neymar parijliklarga tekinga tushdi. Ya'ni Neymar Kataloniya klubidan o‘z shartnomasini sotib olgandi. «Odamlar meni faqatgina pul uchun ketgan deyishsa alam qiladi», – deya afsus bilan vaziyatni tushuntirgandi Neymar. Neymarning maqsadini tushinish mumkin – u dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lmoqchi. Lionel Messi yonida esa buning ilojisi yo‘q edi.

Bonus
Yozgi transferlar mavsumi shu qadar faol kechdiki, TOP-10lik safiga Gilfi Sigurdsson (49,4 mln yevro), Nemanya Matich (44,5 mln yevro), Leonardo Bonuchchi (42 mln yevro) va Muhammad Saloh (42 mln yevro) kabi transferlar bu ro‘yxatga kira olmadi.

Azamat Murodov tayyorladi

Top