00:14 / 02.09.2017
7192

Nursulton Nazarboyev Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar iziga tushishiga umid bildirdi

Foto: RIA "Novosti"

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan suhbatda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muloqot yaxshilanishiga umid bildirdi. Bu haqda 1 sentabrda Nazarboyev matbuot xizmati ma'lum qildi.  

Matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Nazarboyev Trampga 10-11 sentabrda Ostonada Fan va texnologiyalar bo‘yicha islom hamkorligi tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tishidan xabardor qilgan. Ikki davlat yetakchisi Qozog‘iston-AQSh munosabatlari rivojlanishining joriy holati va istiqbollarini muhokama qilishgan.    

Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikrlar almashilgan.

Shu bilan birga, suhbat chog‘ida Tramp Nazarboyevni Ostonadagi "EKSPO-2017" xalqaro ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazilishi bilan tabriklagan va AQSh delegatsiyasining bu ko‘rgazmadagi ishtirokini yuqori baholagan.   

Nazarboyev o‘nlab odamlarning umriga zomin bo‘lgan, Texas shtatida yuz bergan tabiiy ofat munosabati bilan hamdardlik bildirgan va jabrlangan hududlar infratuzilmasining tezroq tiklanishi va mahalliy aholining tezroq normal hayotga qaytishi istagini bildirgan.

Tramp suhbat davomida Nazarboyevni  Vashingtonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilgan. 

“Suhbat yakunida ikki yetakchi o‘zaro manfaatga ega masalalar bo‘yicha muntazam muloqot olib borish istaklarini tasdiqladilar”, deb aytilgan xabarda.

Top