18:56 / 02.09.2017
14492

Sun'iy idrok​ bilan yashashdan avval 4 savolga javob topish zarur

Foto: Business Insider

Sun'iy idrok amaliyotda qo‘llana boshlanganidan beri, u odamlar bilan so‘zlashishni, kompaniyada ishlashni, musiqa bastalashni, hattoki, maqola yozishni ham o‘rgandi. Ayrim mutaxassislar ushbu texnologiyaning salbiy jihatlari haqida so‘zlasa, boshqalari esa insoniyatning eng yirik kashfiyotlari qatoriga sun'iy idrokni ham qo‘shib bo‘lgan. Barcha muhokamalar ana shu texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda yuz bermoqda. Business Insider nashri insoniyat sun'iy idrok bilan hamnafas yashashga o‘tishdan avval, bir nechta savollarga javob berish kerakligini eslatib o‘tdi.

Texnologiya ijodkorlari va tadqiqotchilarni bir savol o‘ylantirmoqda: shu turdagi idrokka ega jismda axloq bo‘ladimi?! Mestsia kolleji professori va MindfulMarketing.org portali asoschisi doktor Devid Hegenbuxning fikricha, texnologiya axloq tushunchasiga ega bo‘lishi mumkin, ammo buning uchun katta mehnat qilinishi lozim.

Gap shundaki, texnologiyalar, asosan, samaradorlik va sermahsul foyda evaziga ishlaydi. Shunga qaramay, o‘rtada axloq va ma'naviyat tushunchasi turar ekan, samaradorlik ikkinchi planga tushib qoladi: eng to‘g‘ri, deb hisoblangan tomonga yon bosish talab etiladi. Agar biz sun'iy idrok bilan yashashni istar ekanmiz, quyidagi to‘rtta savolga javob berishimiz zarur.

1. Qanday axloq qoidalariga amal qilinishi lozim?

Insoniyatning axloq tushunchasi bir madaniyatga mansub shaxsga odatiy tuyilgan va boshqa birini haqorat qilish ma'nosida bo‘lgan harakatlar bilan o‘lchanadi. Bunga misol qilib, so‘z, imo-ishora, kiyim-kechak va boshqa narsalarni keltirish mumkin. Mashinani axloqqa «chaqirishdan» avval, odamzot uchun yagona axloq me'yori qanday bo‘lishi kerakligini aniqlash muhim.

2. Sun'iy idrok axloqqa oid masalalarni muhokama etishga haqlimi?

Birinchi savolga e'tibor qiling, insoniyat turli axloq me'yorlarini yakdil bir ko‘rinishga keltirmoqchi va buni eplay olmadi. Shunga qaramay, kishilar kelishuvga erishdi, endi esa mashinalarning turfa dasturi va muhokamasini tasavvur qiling. Mashina murakkab vaziyatni tushuna olishi va qanday yechim taklif qilishini anglab olish lozim.

3. Algoritm mazmunni to‘liq tushunadimi?

Muhim qarorni qabul qilishdan avval, biz vaziyat to‘liq nazoratda ekanligiga ishonch hosil qilamiz hamda sharoitdan kelib chiqib biror harakatga qo‘l uramiz. Masalan, yakka turdagi tovar uchun bozorda talab oshsa, kompaniya ishlab chiqargan mahsulotlari uchun narxni oshiradi. Lekin gap inson hayoti bilan bog‘liq dori-darmon va unga egalik qiluvchi yagona kompaniya haqida ketsa, mashina bu holatda boshqa omillarni hisobga ola biladimi?

4. Javobgarlik kimning zimmasiga yuklatiladi?

Kompaniyalar doimo tanqid va muammolarga uchrab turadi. Ba'zida inqiroz ishtirokchisi og‘ir vaziyatdan qutulib ketish uchun javobgarlikdan qochadi va boshqalarni ayblay boshlaydi. Sun'iy idrokni ishga o‘rgatish paytida yo‘l qo‘yilgan xatoga javobgar kim: ishlab chiqaruvchi kompaniya, dasturchi yoki foydalanuvchi? Ziddiyatlarni oson yechish uchun shu savolga javob topish lozim.

SpaceX va Tesla asoschisi va rahbari Ilon Mask aytganchalik sun'iy idrokning paydo bo‘lishi ijobiy hodisa emas, balki takomillashib borishni talab etadigan, hali yetilmagan loyiha hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top