12:20 / 03.09.2017
4827

BRICS sammiti​da jahon savdo siyosatiga ishlov berilishi kutilmoqda

Foto: Reuters

Xitoyning janub-sharqida o‘tkazilayotgan BRICS sammitining birinchi ish kunida Xitoy Savdo vazirining birinchi o‘rinbosari ishtirokchilarning yig‘ilishida savdo proteksionizm siyosatiga qarshi choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.

Rossiya, Braziliya, Hindiston, JAR va Xitoy davlat rahbarlari kelgusi seshanba kuni Xitoyning Ciamen shahrida yig‘ilishi rejalashtirilgan. Bu Xitoyga mezbon sifatida AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surayotgan "Amerika birinchi” siyosatiga qarshi tura olish imkoniyatini taqdim etadi.

Shuningdek, BRICS​ yetakchilari safiga Tailand, Meksika, Misr, Gvineya va Tojikiston rahbarlari ham kuzatuvchi maqomida qo‘shilishi kutilmoqda. Mustaqil mutaxassislarning fikricha, "BRICS​ Plus” ko‘rinishida o‘tadigan sammit yig‘ilishida tashkilotga yangi a'zolar qabul qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Trans-Atlantik savdo shartnomasidan voz kechgan yangi AQSh hukumati endilikda 23 yillik tarixga ega NAFTA tashkilotini ham isloh qilishga kirishmoqda. Donald Trampning fikricha, shimoliy Amerikada NAFTAning bo‘lishi mamlakat ichida yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon bermayapti.

Bundan tashqari, sammit bir hafta oldin Himolay atrofida chegara masalasidan kelib chiqqan Xitoy-Hindiston inqirozi ijobiy hal bo‘lishi bilanoq tashkil etilmoqda. Bu a'zo davlatlarning hamkorlikda qaror chiqarishga yaxshi sharoit yaratib beradi.

Top