13:32 / 04.09.2017
17040

IIV jurnalistni ta'qib etmasdan, masalaga qonuniy yondashsa - o‘ziga ham foyda

1 avgust — test sinovlari o‘tayotgan kun reportaj tayyorlashimga to‘sqinlik qilgan ichki ishlar organi podpolkovnigining xatti-harakatiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan hozirgacha huquqiy baho berilgan emas. Dastlab bu haqda veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar tarqatilgan edi. 4 avgustda kamina IIV vaziriga ochiq xat bilan murojaat qilgan edim. Xatni, shuningdek, IIV virtual qabulxonasiga hamda vazirlikning elektron manziliga jo‘natdim. Bir oydan ortiq vaqt o‘tishiga qaramasdan, huquq va tartibotga mutasaddi bo‘lgan davlat organidan javob yo‘q. Buni qanday tushunsa bo‘ladi? Bu nimaning alomati?

Aslini olganda, xabar e'lon qilingan kunning o‘zidayoq vazirlik ko‘rsatilgan holatga munosabat bildirishi lozim edi. Bunday yo‘l tutish barcha huquqiy demokratik davlatlar uchun odatiy hol. O‘z harakati bilan podpolkovnik nafaqat mening jurnalist sifatidagi faoliyatimga to‘sqinlik qildi, balki «nima yozishingiz va kimga xizmat qilishingizni bilaman», deya meni haqoratladi, o‘zini tanishtirmasdan va xizmat guvohnomasini ko‘rsatmasdan u «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun talablarini buzdi.

Ana shu harakati bilan ichki ishlar zobiti Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «ura-urachilik», ya'ni madhiyabozlikni tugatib, jurnalistlar hayotni bor bo‘y-basti, kam-ko‘sti bilan ko‘rsatishga qilayotgan chaqiriqlari, jamiyatda shaffoflik va oshkoralikni ta'minlash yo‘lida qilinayotgan ishlarni tushunmasligi yoki bunday siyosatga qarshiligini namoyish etdi. U mamalakatimizning xalqaro imijiga zarar yetkazganini anglarmikin? Nega deysizmi? Axir, xorijlik huquq posbonlari, qator xalqaro tashkilotlar ommaviy axborot vositalarining qanchalik erkin ekanligini, mamlakatda qabul qilingan qonunlar doirasida faoliyat yurgizishi uchun amalda qanday sharoit yaratilganligini doimo kuzatib, monitoring qilib boradi. Ular podpolkovnikning qilgan ishini va eng muhimi, unga IIV tomonidan huquqiy baho berilmaganini tushuna olishmaydi.

Nima, vazirlik shu yo‘l bilan o‘z xodimini himoya qilyaptimi? Prezident Shavkat Mirziyoyevning 17 avgust kuni ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan ishlarning ahvoli, muammolar va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta'kidlagan qo‘yidagi so‘zlaridan keyin kamina IIVdan javob kutgan edim: «Ichki ishlar organlari xodimlari sodir etgan jinoyatlar yashirish, ro‘yxatga olmaslik holatlari kuzatilmoqda. Bu qog‘ozda jinoyat ko‘rsatkichlarini sun'iy ravishda pasaytirishga, o‘z xodimlarini himoyalashga urinishdan boshqa narsa emas».

Sohadagi ahvolni tahlil qilar ekan, davlatimiz rahbari «barcha kamchiliklar avvalo ichki ishlar organlarida kadrlar tanlash, joy-joyiga qo‘yish, qayta tayyorlash bo‘yicha ishlar ahvolining qoniqarsizligi bilan bog‘liq» ekanligini uqtirib o‘tgan.

Ko‘p yillardan buyon o‘zim ham hayron edim: ichki ishlar tizimida chuqur tahlil qila oladigan, do‘stu dushmanni ajratishga qodir rahbaru xodimlar yo‘qmi? Nega bo‘lmasa, qonunni buzayotganlar, o‘z xizmat vazifasini suiiste'mol qilayotgan amaldorlar qolib, haq so‘zni aytgan jurnalistlar ta'qib qilinadi? Buni o‘z misolimda ko‘rsatib o‘tishim mumkin. Prezidentimiz Samarqandga kelishi arafasi 26–27 avgust kunlari telefon orqali bir yigit qayerda ekanligim, shu kuni nima ish qilishim bilan qiziqdi. 28 avgust — Sh.Mirziyoyev keladigan kun yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ikki kishi kun davomida eshigimiz qarshisida «Jiguli»da (davlat raqami 30 0 964 VA) meni poylab o‘tirishdi. Kechqurun ular oldiga borib, «kelinglar, choy qilib beray» deb, ikkalasini ham esdalik uchun suratga ham tushirdim. Kattalari so‘zlarimga e'tiroz bildirsa, ko‘rsatishim mumkin.

Qo‘shnilardan biri hayron bo‘lib, «sizning nimangizni poylaydi, hamma kimligingizni biladi-ku, buning o‘rniga ikki xodim kunini moshinada o‘tkazgandan ko‘ra, jinoyatchilarga qarshi kurashsa bo‘lmaydimi» desa, boshqasi respublikamiz bo‘yicha jinoyatchilik ko‘rsatkichlari kamaygan holda, lekin Samarqand viloyatida oshib ketganini uqtirdi. Afsuski, jinoyat sodir etganlar orasida ichki ishlar organi xodimlari ham bor. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ana shunday xodimlarga nisbatan 223ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, 462 xodim intizomiy jazoga tortilganini qayd etgan edi. Undan oldinroq, 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz «Qonun himoyachilarining o‘zi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak?» degan edi.

Menga nisbatan ta'qibning yana bir turi bu — blogimning va Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ining bloklanganligidir. Ko‘pchilik blogimni ocholmaydi, o‘zim esa 20 kunlardan beri Feysbukni ochish uchun boshqa yo‘llarni axtarishga majburman.

IIVdan javob bo‘lmayotganligini men boshqacha talqin eta boshladim. U yerdagilar meni o‘z javoblariga noloyiq, deb hisoblagan bo‘lishsa kerak. Vazirga, balki undan ham yuqoriroqqa mening «ayblarim» qayd etilgan «dokladnoy» yuborilgan bo‘lsa kerak. Birinchi «aybim» sifatida «noshukrlik» qilib, tanqidiy maqolalar yozishim ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Tahlil qila olishdan yiroq bo‘lgan xodimlar blogimni bir ko‘zdan kechirishsin qani, nima ayb topa olishar ekan? Shu yilning o‘tgan 8 oyi davomida 126ta xabar hamda maqola e'lon qilganman va bu bir oyda deyarli 16ta material degani. Ularni dunyoning 110 mamlakatidan kirib ko‘rishgan. Demak, kamina mamlakatimizdagi yangiliklar bilan o‘z fuqarolarimiz va xorijliklarni tanishtirish borishda hissa qo‘shib kelyapman. Nokamtarlik demanglar-u, ayrim maosh va qalam haqi olib ishlayotgan hamkasblardan mehnatim samarasi kattaroq bo‘lsa kerak?

Tepadagilar uchun ikkinchi «aybim» sifatida viloyat IIB rahbarlari xalqaro tashkilotlar bilan aloqam ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Eng avvalo shuni uqtirishim lozimki, men hukumatimiz ruxsati bilan mamlakat ichida faoliyat yuritgan xalqaro tashkilotlar bilan aloqa qilgan edim. Ular jumlasiga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Konrad Adenauer va Yevraziya kabi fondlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Ular tashkil etgan anjuman va treninglarda qatnashdim, ularning granti yordamida Yosh jurnalistlar maktabi tashkil etdim. Bu bilan o‘zbek, tojik, rus tillarida mahalliy OAV uchun kadrlar tayyorlashda ma'lum hissa qo‘shdim.

Shuningdek, AQSh elchixonasi granti asosida ham yosh jurnalistlar uchun kurslar tashkil etgan edim. Keyingi yillarda ushbu mamlakat elchixonasi har bir-ikki oyda bir marta o‘tkazayotgan «Pressgap» nomini olgan matbuot anjumanlarida bir qator kasbdoshlarim qatori qatnashib kelmoqdaman. Ular haqidagi hisobotlarim bilan blogimda tanishish mumkin.

Yana qanday «aybim» bo‘lishi mumkin? Buni balki viloyat IIB yoki IIV mas'ullari tushuntirib berishar? Gap shundaki, ichki ishlar zobitining o‘sha harakati faqat konkret bir jurnalist, ya'ni kaminaga nisbatan qilingan qonunbuzarlik sifatida emas, balki butun jurnalistikamizga hurmatsizlik, ushbu kasb vakillarini mensimaslik, deb talqin etilmog‘i kerak. Agar bizda jurnalistlarning haqiqiy tashkiloti bo‘lganda, jurnalistlar hamjamiyati shakllanganda edi, bu ahvol shundayligicha qolib ketmagan bo‘lardi. Zobitning xatti-harakati atrofida keng jamoatchilik fikri shakllanardi va uning xo‘jayinlari bunga o‘z vaqtida to‘g‘ri baho bergan bo‘lishardi.

Hozir esa kasbdoshlarim mendan «nima bo‘ldi» deb so‘rashadi. Men gap nima haqida borayotganligini tushunib, «jim-jit», deb javob qaytaraman. Ayrim jurnalistlarning kelgusida o‘zini qanday tutishi IIVning javobiga bog‘liq, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Agar meni ta'qib etishni davom ettirib, jazolash izmida bo‘lishsa, dilini oldirib qo‘ygan kasbdoshlarim umuman ovozini chiqarmay qo‘yadi. Agar podpolkovnikning xatti-harakatiga kech bo‘lsa ham, qonuniy baho berilsa, tizimdagi barcha xodimlarga jurnalistlar bilan qanday munosabatda bo‘lish o‘rgatilsa, ahvol boshqacha tus oladi va bu ichki ishlar organi uchun ijobiy o‘zgarishning omillaridan biriga aylanadi. Bejiz davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirishda keng jamoatchilikni jalb etish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta'kidlab o‘tmagan edi-da!

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida jumladan shunday degan edi: «Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash uchun biz fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan samarali hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yamiz».

 

Toshpo‘lat Rahmatullayev,

Mustaqil jurnalist

Mavzuga oid
Top