11:51 / 05.09.2017
12575

O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida birinchi marta havoni 99,9 foizgacha steril holatga keltirish tizimi tatbiq etildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining operatsion majmualari havoni 99,9 foizgacha steril holatga keltirish tizimi bilan ta'minlandi. Bunday tizim yurtimiz tibbiyotida birinchi marta qo‘llanilmoqda, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev  tibbiyot sohasini rivojlantirishga doimiy e'tibor qaratib kelmoqda. Qisqa vaqt ichida davlat rahbari tomonidan sog‘liqni saqlash tizimi holati va uning rivojlanish istiqbollari yuzasidan to‘rt marta yig‘ilish o‘tkazilgani ham buning yaqqol isbotidir. Ushbu yig‘ilishlarning har birida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni rivojlantirish, bu yo‘nalishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirish va davolashning eng ilg‘or usullarini amaliyotga tatbiq etish masalas ham muhokama qilinib, unga yechim izlandi.

Joriy yilning 20 iyunida Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani esa bu boradagi vazifalarni bajarishda muhim asos bo‘lmoqda. 

Ushbu qaror doirasida hamda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining barcha operatsion majmualari Yevropa standartlari talablari asosida qaytadan rekonstruksiya qilindi. Bu ezgu maqsad uchun davlat byudjyetidan 12 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

— Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni rivojlantirish, bu yo‘nalishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirish va davolashning eng ilg‘or usullarini amaliyotga tatbiq etish zamonaviy tibbiyot oldida turgan dolzarb masalalardan biri, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi direktor o‘rinbosari Mirjamol Zufarov. — Mana shu maqsadda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan  xirurgiya markazimiz Fransiya va Italiyada ishlab chiqarilgan ventilatsiya va konditsionerlash kabi jarayonlarni dunyo standartlari talablari darajasida boshqaruvchi texnikalar hamda murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan uskunalar bilan jihozlandi. To‘g‘risini aytganda, markazda juda katta ish amalga oshirildi. Uning ko‘lamini yaxshiroq anglash uchun birgina misol keltiraman: markazimizda yiliga 8 mingga yaqin yuqori texnologik, murakkab va miniinvaziv operatsiyalar bajariladi. 

Bugungi kunda yurak va qon tomirlarida sun'iy qon aylanish sharoitida bajariladigan ochiq operatsiyalar, ayniqsa yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda tug‘ma nuqsonlarni davolash kabi o‘ta murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Operatsiyalarnining muvaffaqiyatli chiqishida sharoit katta rol o‘ynaydi. Bugun o‘rnatib berilgan ventilatsiya, konditsionerlash tizimi yordamida operatsiya xonasiga uzatiladigan havo uch bosqichli jarayonda tozalanadi. Uchinchi tozalashdan keyin havo 99,9 foizgacha steril holatda bo‘ladi. Bunday sharoitda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uning muvaffaqiyatli chiqishini ta'minlab, ko‘plab asoratlarning oldini olish imkoni yaratmoqda. Bugun butun marakazimiz ushbu texnikani katta quvonch bilan kutib olgani sababi ham shunda. 

2012 yilda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida zamonaviy kardioxirurgiya majmuasi qurib, foydalanishga topshirilgan edi. To‘rt qavatli mazkur majmua kardoxirurgiya yo‘nalishida foydalanadigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta'minlangan. Majmuaning birinchi qavatida kuniga ikki yuz nafar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga mo‘ljallangan poliklinika, qon quyish stansiyasi, statsionar sharoitda davolanadigan bemorlarni qabul qilish xonasi, ikkinchi qavatida yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarning tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash bo‘limi hamda angiografik jarrohlik xonalari mavjud. Muassasaning uchinchi qavatida kardioxirurgiya bo‘limining palata, gemodializ va transplantatsiya bo‘limlari, klinik-diagnostika laboratoriyasi hamda diagnostika xonalari joylashgan. To‘rtinchi qavatda esa reanimatsiya bo‘limi va kardiojarrohlik xonalari mavjud.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Markaz xodimlarining ma'lum qilishicha, kelajakda odam a'zolari transplantatsiyasiga oid qonun kuchga kirsa, markaz jigar, buyrak, o‘pka va yurak transplantatsiyasini o‘tkazishga tayyor. 

Prezident tashabbusi va bevosita ko‘rsatmalari bilan olib borilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan tizimli islohotlar bugun o‘zining ilk mevalarini bermoqda. Ya'ni bu tizim operatsiyadan keyingi asoratlarning oldini olish hisobiga bemorlarning hayot sifatini yaxshilash va umrini uzaytirishga, fuqarolarning shifo istab uzoq xorij davlatlariga safar qilishi kabi holatlarga barham berishga xizmat qilishi shubhasiz. 

Kelajakda O‘zbekistondagi boshqa davolash muassalariga ham ushbu tizim joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ularning qurilish loyihalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Top