21:55 / 06.09.2017
116321

“Do‘stlik” chegarasi ochildi

Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara majmuasida Andijon viloyati hamda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayevning taklifiga binoan 5-6 sentabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasida bo‘ldi. Tashrif doirasida qo‘shni o‘zbek va qirg‘iz xalqlari manfaatlariga xizmat qiluvchi qator kelishuvlarga erishildi.

Chegara majmuasida Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar keng jamoatchilik, yurtimizda istiqomat qilayotgan qirg‘iz millati hamda yoshlar vakillari ishtirokida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari, hukumat delegatsiyalari uchrashuvidan keyinoq o‘tkazilgan mazkur tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘sh viloyati gubernatori Talaybek Saribashev, O‘sh shahri meri Aytmamat Qadirboyev ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari qadim tarixga ega ekanligi, davlatlarimiz rahbarlari ucharashuvi nafaqat ana shu do‘stlikni, balki ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida yangi sahifa ochganligini ta'kidladilar.

Qo‘shnichilik munosabatlari, do‘stlik rishtalari hamda hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, qo‘shni davlatga borish-kelishdagi to‘siqlar, ortiqcha rasmiyatchiliklarning olib tashlanganligi, ayniqsa, asrlar davomida qo‘shni yashayotgan, tili, dili, dini bir ikki xalq aholisini behad quvontirdi.

- Mening millatim qirg‘iz, O‘zbekiston fuqarosiman, - deydi Xo‘jaobod tumanidagi 10- umumta'lim maktabining qirg‘iz tili fani o‘qituvchisi Xonoyim Arziyeva. – Shukrki, olib borilayotgan odilona millatlararo siyosat tufayli mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllangan. Qirg‘izistonda yaqin qarindoshlarim juda ko‘p. Faqat keyingi yillarda xalqlarimiz o‘rtasida yuzaga kelgan turli to‘siqlar sabab ular bilan aloqalarimiz uzoqlashib qolgan edi. Davlatlarimiz rahbarlari uchrashuvidan keyin bordi-keldi uchun eshiklar ochilganligida boshimiz ko‘kka yetdi. 

- Haqiqatan ham ikki qo‘shni xalq o‘rtasidagi to‘siqlar tufayli qarindosh-urug‘larimiz bilan bordi-keldi uzilib qolgan edi, - deydi  Xo‘jaobod tumanidagi “Solpi” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Qunduzxon aya G‘opporova. – Faqat to‘y, yaqinlarimiz vafot etgandagina telegramma (chaqiruv) orqali bordi-keldi qilinayotganligidan juda ko‘p fuqarolar qiynalayotgan edi. Axir biz asrlar davomida qo‘shni bo‘lib yashaganmiz, Qirg‘izistonga qiz berib, qiz olganmiz. Xalqlarimizni yanada yaqinlashtirganligi uchun ikki davlat rahbarlaridan, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan cheksiz minnatdormiz.

- Men uch marotaba Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘qori Kengasi deputati bo‘lganman, - deydi tadbir ishtirokchisi, o‘shlik mehnat faxriysi Muqambek Aliqulov. – Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik rishtalari tiklanganligidan behad mamnunman. Bu ikki davlat iqtisodiyoti rivojida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

- Viloyatimizda juda ko‘p qirg‘iz millatiga mansub aholi yashaydi, - deydi Andijon viloyati Qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbari Obidjon Nosirov. – Milliy an'analarimizni rivojlantirish, o‘z ona tilimizda o‘qish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni kunda 20 dan ortiq umumta'lim maktablarida qirg‘iz tili o‘qitilmoqda, Andijon davlat universiteti filologiya fakultetining qirg‘iz tili va adabiyoti yo‘nalishida 70 dan ortiq yoshlarimiz tahsil olmoqda. Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi qo‘shnichilik munosabatlari tiklanganligidan, ayniqsa, biz juda ham xursandmiz. Buning uchun davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdormiz. 

Endi ikki xalq vakillari chegara postidan 24 soat davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida bemalol o‘tish imkoniga ega bo‘ldi. 

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Rustamjon Eshonov.

Top