20:00 / 06.09.2017
26067

«Siz haqingizda ko‘p eshitganman». Shavkat Mirziyoyev qirg‘izistonlik deputatlar bilan uchrashuvda

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekka tashrifining ikkinchi kunida Qirg‘iziston parlamentida (Jogorgu Kenesh) bo‘lib, u yerda barcha siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

Jogorgu Kenesh raisi (spiker) Chinibay Tursunbekov  Shavkat Mirziyoyevga partiyalar rahbarlarini tanishtirib chiqdi. O‘zbekiston prezidenti har bir siyosatchi bilan qo‘l berib ko‘rishib, ularga iliq so‘zlarini bildirdi.

Prezident «Respublika» fraksiyasi rahbari Omurbek Babanov oldida ko‘proq to‘xtadi va unga dedi: «Juda xursandman, siz haqingizda ko‘p eshitganman».

Qayd etish kerakki, Shavkat Mirziyoyev uchrashgan partiya rahbarlarining aksariyati prezidentlik saylovlarida nomzodlar hisoblanishadi. Shu yilning oktabr oyida Qirg‘izistonda yangi prezident saylovi bo‘lib o‘tadi, amaldagi prezident Almazbek Atamboyev muddati yakunlangani tufayli, lavozimni tark etadi.

O‘zbekiston prezidenti 5-6 sentabr kunlarida Qirg‘izistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tashrifning birinchi kunida u qo‘shni davlat rahbari bilan uchrashib, tor doirada muzokara o‘tkazgandi. Shundan so‘ng, ikki prezident ishtirokida delegatsiyalar bir qator hujjatlarni, jumladan, davlat chegaralari to‘g‘risidagi bitimni imzolashdi.

Mavzuga oid
Top