12:55 / 06.09.2017
19016

Tomorqaga ko‘milgan qurol topildi

O‘q-otar qurollar inson hayoti va jamiyat osoyishtaligi uchun xavfli hisoblanadi. Shuning uchun ham ularni noqonuniy ravishda saqlash, olib yurish va bojxona chegaralari orqali olib o‘tish qat'iyan man etilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda Xatirchi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qurol va o‘q-dorilarning yashirin ravishda saqlanayotganligi fosh etildi.

Fuqaro T.Yo.ning xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, hovlidagi tomorqaga 1 dona o‘q-otar ov quroli, 2 dona gilza, 7 dona qo‘lbola usulda tayyorlangan patron, 50 gr. sochma drob va boshqa moslamalar polietilen qopga solingan holda ko‘mib qo‘yilganligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respbulikasi Jinoyat kodeksining 248 moddasi 1 qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud xukmiga binoan ashyoviy dallillar davlat egaligiga o‘tkazildi. Fuqaroga nisbatan eng kam oylik ish haqining 8 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tovarlar eksportini rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» 1997 yil 10 oktabrdagi PF-1871-sonli Farmoni talablariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi xududiga maxsus ruxsatnomasiz qurol yarog‘, o‘q-dori va ularning qismlarini olib kirish taqiqlangan.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksida qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro S.Alimardonov bojxona nazoratidan chetlab o‘tib, 39 dona bo‘sh gilzalar, 198 dona yelim gilza pistonlari, 57 dona yelim gilzalar va boshqa moslamalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida respublika bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 74 ta qonunbuzarlik holatlarida 31 ta ovchilik quroli, 12 dona o‘qotar qurol, 621 dona patron, 4,5 ming donadan ortiq kapsula, 1700 donadan ortiq gilzalar huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yilgan.

Mavzuga oid
Top