08:26 / 07.09.2017
13447

AQShning 15 ta shtati Tramp ustidan sudga shikoyat qildi

Foto: AP

Nyu-York shtati Sharqiy okrugi sudiga 15 ta shtat va Kolumbiya federal okrugi hukumatlaridan AQSh prezidenti Donald Trampning noqonuniy muhojirlar farzandlarini himoyalovchi dastur DACA’ni bekor qilish qarorini noqonuniy deb topish talabi bilan jamoaviy shikoyat arizasi berildi. 

Da'vo arizasida dasturning bekor qilinishi muhojirlar huquqlarining buzilishi deb aytilgan. Ariza tashabbuschilarining aytishicha, “mamlakat uchun qorong‘u davrlar” keldi. Arizani Ayova, Vashington, Vermont, Virjiniya, Gavayi, Delaver, Illinoys, Konnektikut, Massachusets, Nyu-Meksiko, Nyu-York, Oregon, Pensilvaniya, Rod-Aylend va Shimoliy Karolina shtatlari imzolagan.

Bundan avval AQSh ma'muriyati DACA yoki “Orzu qiluvchilar” (Dreamers) deb ataluvchi dasturni bekor qildi. Bu dastur yoshligida AQShga kelgan noqonuniy muhojirlar farzandlariga deportatsiya muddatini keyinroqqa surish imkonini bergan. 

Trampning bu qarori AQSh biznes hamjamiyati va siyosatchilar, jamoatchilikning noroziligini keltirib chiqardi. Ular “DACA’ni to‘g‘rilash” uchun yangi qonunlar qabul qilinishi zarurligini aytishgan.

Tramp noqonuniy muhojirlar huquqlarini himoyalovchi qonunlarni ishlab chiqib, qabul qilish uchun kongressga yarim yil vaqt berdi.

Avvalgi prezident Barak Obama tomondan joriy qilingan bu dastur bir qator sharoitlarda AQShga 16 yoshga yetmasdan kelgan muhojirlarga deportatsiya muddatini keyingi surish va ishlashga ruxsat olish imkonini bergan. Bunday muhojirlarga ularga nisbatan 2 yilga deportatsiya harakatlarini qoldirish va ishlashga ruxsat berish bo‘yicha hujjat berilgan. Dastlab bu me'yorga mos keluvchi muhojirlar 1,7 mln kishi deb baholangan. AQShda 2016 yil holatiga ko‘ra, 750 ming kishiga deportatsiya qilinishini qoldirishga ruxsat berilgan. Ulardan yarmidan ko‘pi Kaliforniya va Texas shtatlarida yashaydilar.

Mavzuga oid
Top