23:48 / 07.09.2017
9202

BMT: “Irma” dovuli sababli 37 mln kishi jabr ko‘rishi mumkin

Foto: SS0

Atlantika okeanida avj olayotgan kuchli “Irma” dovuli sababli 37 mln kishi jabr ko‘rishi mumkin. Bunday ma'lumotlarni BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik keltirdi, deb xabar bermoqda DW.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, “Irma” Barbuda oroli va Sen-Marten orolining bir qismini xarobaga aylantirdi. Sen-Martenda 95 foiz shaxsiy mulk vayron bo‘lgan, ulardan 30 foizi butkul yo‘q bo‘lgan. Bu orolda suv va elektr ta'minoti izdan chiqqan. Fransiya ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, bu ikki orolda dovul oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, 20 dan ko‘proq kishi jarohatlangan. BMT Barbados orolida gumanitar missiyasini ochgan.

Meteorologlar “Irma” Dominikana va Gaitiga yetib kelib, so‘ngra Kuba va AQShning Florida shtatiga yo‘nalishidan ogohlantirishgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Puerto-Riko, Virginiya orollari va Floridada favqulodda holat tartibini e'lon qilgan.

Bu orada NASA koinot agentligi dovulning sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratini chop etgan. Agentlik mutaxassislari dovulning uch fazoli modelini yaratishgan. Sun'iy yo‘ldoshlardan birida o‘rnatilgan radar uzatgan ma'lumotlarga ko‘ra, dovul shamolining oqimlari uning markazida 12 km balandlikka yetmoqda. 

Top