12:25 / 08.09.2017
54202

Chimning ta'mi qanday yoxud Babayanga bag‘ishlov

Milliy terma jamoamiz hamma narsa o‘ziga bog‘liq bo‘la turib, imkoniyatni boy berdi. To‘g‘ri, hisob bo‘yicha yutqazmadi, lekin amalda sharmandali mag‘lub bo‘ldi. «Sharmandali» deganimning boisi o‘z uyida to‘p sura turib, raqibga yetarli bosim o‘tkaza olmadi, futbolchilarning ko‘zi yonmadi, hatti-harakatlarida shiddat, shijoat yetishmadi. Ikkinchi bo‘limning katta qismi o‘tib, o‘yin o‘z yakuni tomon yaqinlashish arafasida futbolchilarimiz belidan balchiqqa botgan eshak aravadek imillab yurishini ko‘rgan sharhlovchi Konstantin Genich ham «o‘yin sur'atidan O‘zbekistonga g‘alaba suv va havodek zarur degan taassurot uyg‘onmaydi», deya hayratini yashirmadi.

O‘ylaymanki, barcha ehtiroslarni jilovlab, do‘ppini bir chetga olib qo‘yib fikr yuritish payti keldi. Chunki, oradan bir-ikki kun vaqt o‘tdi, oz-moz sovugandek bo‘ldik. Shunday ekan, keling hammamizni birdek bezovta qilayotgan bosh murabbiy masalasini ko‘rib chiqamiz.

To‘g‘ri, futbolda bizdan «bir-ikki ko‘ylak ortiq yirtgan» mamlakatlarda mag‘lubiyat yoki inqiroz (hozirgi holatimizni shu so‘z yaxshiroq ifodalaydi) uchun kimnidir aybdor qilishmaydi, balki butun tizim qayta ko‘rib chiqiladi. Lekin qanday qarorga kelinishidan qat'i nazar, avvalo bosh murabbiy qayd etgan natijalar chuqur tahlil va taftish qilinadi. Ko‘p hollarda murabbiyni almashtirish biz bilgan o‘sha tizimli va tarkibiy o‘zgarishlarning ajralmas qismi bo‘ladi. Istaymizmi yo‘qmi, terma jamoa natijalari uchun asosiy javobgarlik bosh murabbiy zimmasida.

Bosh murabbiy risolada qanday bo‘lishi kerak? Uning shaxsiyatiga qanday talablar qo‘yiladi? Bizning muhtaram Samvel Babayan bu talablarga nechog‘lik javob beradi? Qaysi omillar bo‘yicha uning kuchli va kuchsiz jihatlariga baho berish mumkin?

Ijozatingiz bilan, bu yerda men chaynalib mag‘zavasi chiqib ketgan masala - taktik o‘yin sifatiga e'tibor qaratmoqchi emasman. Chunki Babayan «uslubi»da va jamoasida taktika umuman ko‘zga tashlangani yo‘q. Yo‘q narsani esa muhokama qilib ham bo‘lmaydi. 

Birinchi omil. G‘oliblik ruhiyati

Bu Babayan «uslubi»dagi eng zaif element bo‘lsa ajabmas. «Yigitlarimiz» (kinoya uchun uzr) vatan sha'ni uchun yonishlari, jonlarini jabborga berishlari kerak bo‘lgan damlarda maydonda maqsadsiz toshbaqadek sudralib yurishdi. Bokschilarimizni eslang, azizlar! Hatto ular mag‘lub bo‘lgan janglarda ham ular haqiqiy jasorat ko‘rsatishdi. Ishonsangiz, Janubiy Koreya bilan uchrashuv yakunlanib borarkan, Hasanboy Do‘smatov va Isroil Madrimov mag‘lub bo‘lgan boks janglari ko‘z o‘ngimda kino lentasidek o‘tib turdi. Shahram G‘iyosovning final jangini esa gapirmasa ham bo‘ladi. Qonim qaynadi! Xuddi sevimli qahramonimiz kabi televizorni oynadan uloqtirgim keldi. «Onamdan qolgan toshoyna qani» deya hayqirgim keldi. Barcha ishqibozlar shunday holda o‘tirishganiga shubham yo‘q. Futbolchilarimizga jangchi qoni, jangchi ruhi ochiqchasiga yetishmadi.

Madrimov, G‘iyosov, Do‘smatov, Xoldorov kabi bokschilarimiz haqida gapirganda ulug‘ ajdodlar to‘g‘risida ham so‘z ochish men uchun aslo ortiqcha ehtirosga berilish hisoblanmaydi. Chunki, bu yigitlar, zarra bo‘lsaki shak-shubhasiz, zamonamiz Temurlari, Manguberdilaridir. Ularga boshim yerga tekkunicha ta'zimdaman.

Anzur Ismoilov bergan intervyu esa milliy terma jamoamiz ruhiyatini yaqqol ochib berdi. Uchrashuv durang hisob bilan yakunlanib borarkan, jamoa sharmandalarcha keyingi o‘yin - pley-off to‘g‘risida xayol sura boshladi. Biz Erondek har bir o‘yinda hayot-mamot uchun kurasha olmadik. Bizda mudom imkoniyat borligi oyog‘imizga tushov bo‘ldi. Bugun yutmasak, ertaga yutamiz va barchasini joyiga keltirib olamiz, degan xomxayol bizni yupatib keldi va natijada e'tiborni har bir alohida o‘yin uchun maksimal darajada jamlay olmadik. Suriyani mensimasdan maydonga chiqdik va jazolandik, Erondan qo‘rqdik, Marchello Lippi desa oyog‘imiz qaltiradi. Aslida esa biz hamma raqibni birdek ko‘rishimiz va barcha o‘yinlarga birdek - final o‘yinidek o‘ta jiddiy munosabatda bo‘lishimiz kerak edi.

Bir sarkarda daryo ortidagi dushmanni taslim qilish uchun daryo ustiga ko‘prik qurdiribdi. Qo‘shinlari bilan ko‘prikdan o‘tgach, ko‘prikni yoqishga buyruq beribdi, toki biror jangchi orqaga qaytish, chekinish haqida xayol qilmasin, debdi. Bizning «sarkarda»ning butun sikl davomidagi fikru zikri esa o‘sha «ko‘prik»da bo‘ldi, raqiblarimiz to‘plagan ochkolarni hisob-kitob qilish bilan band bo‘ldi. Jamoaga ham ana shunday nomard va qo‘rqoq ruhiyatni singdirdi.

Ko‘zi yongan yigitlar, jonini jabborga berganlar mendan xafa bo‘lmasin. Denisov, Nesterov va Ahmedov, afsuski sizlarni kseroks yoki inkubator mashinasiga solib ko‘paytirib bo‘lmaydi. Afsus!

Ikkinchi omil. Jismoniy tayyorgarlik

Koreys jamoasi murabbiyi bizni ayadi. O‘lganning ustiga chiqib, sakragisi kelmadi. «Jamoangiz ikkinchi bo‘limda charchagandek ko‘rindi» dedi. Halloslab qolib, o‘yin oxirini o‘rmalab-so‘rmalab o‘tkazdi, demadi. Rahmat unga.

Men bir narsani hech tushuna olmadim. Nega ushbu sikldagi deyarli barcha uchrashuvlarda o‘yinning oxirgi 15-20 daqiqasida charchab qolish va natijada konsentratsiyani yo‘qotish yaqqol ko‘zga tashlanib turganiga qaramasdan, o‘yinchilarimiz jismoniy tayyorgarlik ustida ter to‘kishmadi? Murabbiy nega shu kamchiligimiz to‘g‘risida bosh qotirmadi? Nega? Nega? Nega?

Uchinchi omil. Xatolarni tan olib, ular ustida ishlash

Ha, murabbiy shaxsiyati shu yerda ham pand berdi. U avval boshdan nimani to‘g‘ri deb hisoblagan bo‘lsa, o‘sha fikrida qattiq turib oldi. Deyarli barcha chiziqlarda, ayniqsa hujumchi va darvozabon xususida o‘zini oqlamasada, doim bir xil qarorni qabul qilaverdi.

Bu murabbiyda ijodkorlik hissi deyarli o‘lik edi. Tarkib va taktikada variativlik, har xillik qilishdan qo‘rqdi yoki uning qaysarligi bunga yo‘l qo‘ymadi.

Bahonabozlik bo‘yicha esa u rekord qo‘ygan bo‘lsa ajabmas. Mag‘lub bo‘lganimizda mavjud bahonalarning hammasini birma-bir qo‘llay oldi. Noqulay ob-havo, sifatsiz chim, noxolis hakam, va hokazo. Lekin hech qachon murabbiy va jamoa aybdor bo‘lmadi. Xitoy bilan mehmondagi uchrashuvdan keyin jurnalistlar savollariga javob berar ekan, bezbetlarcha barcha savolga to‘tidek «biz mag‘lubiyatga loyiq emasdik» deya javob qaytaraverdi. O‘z xarakterini, boladek xarxashalarini ko‘rsatishga xitoyliklar oldida uyalmadi ham.

To‘rtinchi omil. Xolislik

U xolislik qila olmadi. Odam ajratdi. Bu uning deyarli barcha qarorlarida aniq-tiniq ko‘rinib turdi. Muxlis va mutaxassislar orasida «Sergeyev» mavzusi bejizga klassikaga aylangani yo‘q.  Qiziq, Abduxoliqovda o‘yin amaliyoti yo‘q ekan, «Jyey-Liga»da muntazam o‘yin amaliyotiga ega Fozil Musayev nega bir daqiqa ham o‘ynamadi? To‘xtaxo‘jayev, Krimets, Jyeparov va Hoshimov qaysi karomati uchun terma jamoada doimiy «propiska»ga ega bo‘lishdi? Murabbiy bu savollarga jo‘yali javob topib bera olgani ham yo‘q.

Demoqchi bo‘lganim, murabbiy nafaqat professional, balki shaxsiy fazilatlar ham egasi bo‘lmog‘i zarur. U mardona, ochiq, optimistik va kuchli ruhiyat egasi bo‘lsin. Jamoada ham xuddi shunday ruhiyatni shakllantira olsin.

Azizlar, jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz alamli, albatta. Lekin jamoamiz shunday o‘yin bilan jahon chempionati to‘g‘risida xayol surishi undanda alamli emasmi? Men ishonamanki, siz millat jamoasi bu o‘yini bilan jahon chempionatiga chiqishi tarafdori emassiz. Biz o‘z o‘rnimizni, hurmatimizni biladigan xalqmiz. Bizga muzqaymoq yeyish uchun jahon birinchiligiga boradigan jamoa kerak emas. Biz birovning oldida uyatli, til qisiq bo‘lishga va oqibatda orqa eshikdan, xayr-xo‘shni nasiya qilib qochib qolishga o‘rganmaganmiz.

Rahimberdi Mamayusupov

Top