15:31 / 09.09.2017
9329

Firibgar ayol fosh etildi

Jizzax viloyati O‘rta maxsus kasb-hunar ta'lim boshqarmasida xo‘jalik-mudiri kassir lavozimida faoliyat yuritgan Zulayho Jo‘rayeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) boshqarma tarkibidagi o‘quv yurtlariga o‘quvchilarni kiritish orqali moddiy manfaat ko‘rishni maqsad qiladi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Avvaliga Z.Jo‘rayeva fuqaro Nina Olkinaga tanish-bilishlari orqali qizi Umida Olkinani Jizzax tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, uning ishonchiga kiradi. Ayolning so‘zamolligi, cho‘rt kesib gapirishiga ishongan Nina Olkina 1200 AQSh dollarini Z.Jo‘rayevaga tutqazadi.

Yolg‘on gaplar, so‘zamollik ortidan kelayotgan pul “qahramon”imizni anchayin o‘zgartirdi. Birinchi “ov”idagi natija sabab, ko‘nglida yana shum niyat tug‘ildi. Shu boisdanmi, oradan bir oy o‘tib, Z.Jo‘rayeva Nina Olkinaning qizi Umid Olkinaning yoniga keladi. “Seni kollej kiritib qo‘ydim. O‘qishga borishing, sessiya yopishing, amaliyotlarga qatnashishing shart emas, barchasini hal qilganman”, deya turli yolg‘onlarni to‘qib, qizni ishontiradi. Uning yolg‘on gaplariga ishongan Umid Olkina yetti oy davomida 6 mln so‘m pullarini Z.Jo‘rayevaga qo‘shqo‘llab topshirganini bilmay qoldi.

Umida Olkinaga Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan onasidan kelib turgan pulning daragini eshitgan “qahramon”imiz bu bilan to‘xtab qolmadi. Firibgar ayol yana Umidaga uchrashdi. Bu safar u 10 kun ichida qaytarib berish sharti bilan 1600 AQSh dollarini cho‘ntagiga urdi.

Qanday bo‘lmasin, Umidadan yana pul undirishni maqsad qilgan Z.Jo‘rayeva bu safar o‘ziga Jizzax tuman kompyuter texnologiyalari kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Sevara Turg‘unovani sherik qildi. Unga Umida Olkina Jizzax tuman kompyuter texnologiyalari kollejida o‘qiyotganligini, tez orada hujjatlari boshqarma orqali tibbiyot kollejiga o‘tishini tushuntirishda yordam berishini so‘raydi. S.Turg‘unova tanishi Z.Jo‘rayevaning aytganiga rozi bo‘ldi.

Unga uchragan Umid Olkinaga kollejida o‘qiyotgani, yaqin kunlarda tibbiyot kollejiga hujjatlari o‘tishini aytib, qizni uyiga kuzatadi. Bu orada “qahramon”imiz ishlari bitayotganligi uchun Umidadan yana 100 AQSh dollarini oldi.

Mehnatsiz daromaddan og‘zi shirin bo‘lgan Z.Jo‘rayeva yana “o‘lja” izlashga tushdi. Ko‘p o‘tmay unga Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Farangiz Asqarova ro‘para bo‘ldi. U qizi Dilafro‘zni Jizzax tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritish niyati borligi, shu masalada yordami kerakligini aytdi. Z.Jo‘rayeva F.Asqarovaning ishonchini “oqladi”. F.Asqarova 800 AQSh dollari, 1,5 mln so‘mlik uch dona tilla uzuk, oradan ko‘p o‘tmay, yana 200 AQSh dollarini “hojatbaror”ga berganini bilmay qoldi.

Bundan tashqari, Z.Jo‘rayeva Jizzax shahrida yashovchi fuqaro Zarnigor Nabiyevadan uni Jizzax pedagogika kollejiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 200 AQSh dollarini firib yo‘li bilan oladi.

Z.Jo‘rayevaning firiblariga chek qo‘yildi. Jinoyat uchun javobgarlik muqarrar. Sud tomonidan Z.Jo‘rayevaga qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.

Mavzuga oid
Top