14:30 / 09.09.2017
30237

Samvel - «Lev»mas: terma jamoa esa «Paxtakor» emas

Foto: KUN.UZ

1998 yilda Fransiyada o‘tkazilgan jahon chempionati saralashi o‘yinlaridan boshlab O‘zbekiston milliy terma jamoasining deyarli barcha o‘yinlarini bevosita stadionda ko‘rib kelaman. Ishonmassiz balki, milliy terma jamoamizning JCh-2018 saralashidagi so‘ngi ikki o‘yinini ilk bor «yana o‘sha tarkib, yana o‘sha Sergeyev», deya ishtiyoqsiz holda televizorda ko‘rdim. Va, baribir, Vatan jamoasi emasmi, ichki bir umid bilan so‘nggi daqiqalargacha kutdim. 

Bo‘lmadi!

Suriya bilan safar o‘yinidagi mag‘lubiyatimizdan so‘ng tug‘ishgan ukam «Babayan epopeyasi. «Mabodizm» sindromi» sarlavhali maqolasida yozganidek: «MABODO raqib darvozasi lang ochilib qolsa, MABODO himoyachilar xato-pato qilib o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ysa yoki MABODO hakam adashib penaltimi, yaqinroq masofadan jarima zarbasimi belgilasa-yu va MABODO kimningdir zarbasi «o‘xshab» qolib, gol urib qolinsa», degan kul tagidagi yonishi gumon bo‘lgan cho‘g‘dek zarra umidimiz alanga olmadi. Eron terma jamoasi ham bu cho‘g‘ni tepkilab tashlash uchun Suriya terma jamoasiga yordam berib yubordi. 

Shuningdek, ikkinchi marta so‘nggi umidimiz Janubiy Koreya terma jamoasi ishtirokidagi o‘yin tufayli amalga oshmay qoldi. 

Futbolimizdagi futboldan boshqa narsani ustun qo‘yuvchilar bo‘lishsa, bundan ich-ichidan qayg‘urgani yo‘q. Bu holatda muxlisga qiyin! «Yana to‘rt yil kutamiz-da, 1998 yildan beri kutayapmiz-ku», deguvchilar ham topilar balki. Biroq lanj terma jamoamizdan uyida tinchlik bo‘lmagan Suriyaki oldinga o‘tib ketgan ekan, 2022 yilgi jahon chempionatigacha Afg‘oniston yoki Xitoy Taypeyi terma jamoalari ham bizga jiddiy to‘siq bo‘la olmaydi, deb hech kim aytolmaydi! 

«2026 yilgi jahon chempionatida 48 ta terma jamoa ishtirok etadi-ku, o‘shanda bemalol biz ham qatnashamiz» deguvchilar ham o‘ylab gapirishsin. Bugun 4,5 ta yo‘llanma uchun kurash bo‘lgan saralash o‘yinlarida 7 yoki 8-o‘rinda qolgan terma jamoamiz 2026 yilgi jahon chempionatida Osiyoga beriladigan 8 yo‘llanma uchun kurashda 9 yoki 10-o‘rinda qolib ketishi mumkin ekanini inkor qilolmaymiz! 

2011 yildan boshlab terma jamoamiz o‘yinlari borasida gap ketganda optimistik ruhda so‘zlashni o‘rgangan muxlislarning kalomlari 2015 yildan keyin pessimistik ruhga sho‘ng‘idi. Xuddi terma jamoamizning o‘yinlari kabi!

Terma jamoamizning o‘yinlari, natijalari statistikasidagi diagrammani yana yuqoriga ko‘tarish uchun hujumkor taktikani xush ko‘ruvchi, muxlislar oldida yolg‘on gapirmaydigan, qandaydir boshqa manfaatlarni futboldan ustun qo‘ymaydigan, matbuot anjumanlaridan qochmaydigan, noto‘g‘ri ish qilib qo‘ysa, ochiqchasiga, mardona tan ola biladigan, qaysarligini yaxshi ishlar va natijalar uchun yo‘naltira oladigan, eng muhimi, xalqini yaxshi ko‘radigan MURABBIY kerak!

Samvel Babayan balki yaxshi insondir — buni bilmayman. Samvel Babayan yaxshi menejyer — buni bilaman. Biroq Samvel Babayan yaxshi murabbiy emas — buni bildim. 

Bir paytlar Samvel Babayan «Paxtakor» klubini boshqarganida jamoani «sher»lar deb atash urf bo‘lgandi va bu nom hamon «Paxtakor» bilan qo‘shib aytiladi. Balki «Paxtakor»da Samvel sher — «lev» bo‘lgandir. Ammo terma jamoa miqyosida olganda SAMVeL — «LeV»MAS. Buni kech angladik. Terma jamoa miqyosidagi murabbiylar orasidagi sher — «lev»lar 2018 yilda Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatida o‘z jamoalarini murabbiylar va zaxira o‘yinchilari uchun atalgan o‘rindiqlarda o‘tirib kuzatadi. Uyda televizor orqali emas.

Sherali KARVONLI.

Top