19:00 / 10.09.2017
113870

O‘zbekiston nomi Ginnecs rekordlar kitobiga kirmagan edimi?

Foto: Milliy TV

O‘tib borayotgan hafta davomida shov-shuvli xabarlar oqimida Ginness rekordlar kitobi kirgan mega-palov haqida qizg‘in suhbatlarga ko‘p bora duch keldim. Uning tafsilotlari va muhokamasiga to‘xtalib o‘tirmayman, ammo bir savol o‘ylantiradi: O‘zbekiston Ginness rekordlar kitobiga endi kirdimi? Yoki megapalov pishirilishi ortida ajoyib o‘tgan festival oshirib yuborilmayaptimi? Quyida shu savollarga javob berish bahonasida, Ginness rekordlar kitobida O‘zbekiston nomining qayd etilishiga e'tibor qilamiz.

1. O‘zbekiston dengizga ikki mamlakat osha chiquvchi (double landlocked) aholisi eng ko‘p davlat hisoblanadi. Bu tabiiy o‘rnatilgan rekordning yangilanishi ehtimoldan ancha uzoq chunki, ikkinchi ana shu tasnifdagi Lixtenshteynda bor-yo‘g‘i 38 ming nafarga yaqin kishi istiqomat qiladi.

2. O‘zbekiston dunyodagi eng qadimiy muqaddas Qur'on kitobi saqlanib kelinayotgan yurt sifatida qayd etilgan. Milodiy 588-656 yillarda yashab, hukmronlik qilgan xalifa Usmon Mus'hafi ayni paytda Toshkent shahrida saqlanadi.

3. O‘zbekistonlik Jamshid To‘rayev bir daqiqada 19 marta ikki dona barmoq orqali balandlikka osilish mashqini bajarib, Ginness rekordlar kitobiga o‘z nomini yozib qo‘ygan.

4. Olimpiada bahslarida eng uzoq vaqt qatnashgan ayol gimnastika vakili sifatida taniqli sport ustasi Oksana Chusovitina kitob ro‘yxatidan o‘rin olgan. Shuningdek, u eng yoshi katta gimnast sifatida ham e'tirof etilgan.

5. O‘zbekistonlik Timur Gareyev 2016 yil dekabr oyida ko‘r-ko‘rona shaxmat donasini surish bo‘yicha 48 raqib bilan bir vaqtda kuch sinashib, yakunda 80.2 foizlik natija ko‘rsatib, Ginness rekordini o‘rnatgan.

6. Ot egarini eng tez fursatda egallash va undan tushish bo‘yicha Ginness rekordi O‘tkurov Sarvar tomonidan 2014 yil Xitoyda davom etayotgan xalqaro musobaqada qayd etilgan.

7. Marg‘ilonlik oshpaz Hakim G‘aniyev dunyodagi eng katta lag‘mon taomini pishirib Ginness rekordlar kitobiga kirgan. Undan tashqari, eng katta norin tayyorlanganda ham G‘aniyev ishtirok etgan edi.

8. Xalqaro futbol arenasida mashhur bo‘lgan o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov chempionatlarning final bosqichini eng ko‘p marta boshqargan hakam sifatida tan olingan.

9. Andijonlik sportchi Muhtaram Aliyev bir daqiqada ko‘p marta tosh ko‘tarish bo‘yicha bir necha marta Ginness rekordlar kitobiga kirgan. So‘nggi marta 2013 yil Arxangelsk shahrida bir daqiqada 12 kg og‘irlikdagi toshni 118 marta ko‘targan sportchi kitobda qayd etilgan edi.

10. Taniqli o‘qituvchi, mehnat faxriysi Uteniyozov Allaniyoz ingliz tili o‘qituvchisi sifatida umumta'lim maktabda bolalarga ta'lim bergan. U 1954 yildan boshlab, yozgi ta'til davrida, kam ta'minlangan va nochor oilalarga, jismoniy imkoniyati cheklangan hamda uysiz kishilar turar joy qurib berishni boshlaydi. Butun umri davomida o‘z qo‘llari bilan 40 uy, 2 maktab, har biri 30 o‘rinli 2ta bolalar bog‘chasi, 2ta shifoxona, 1ta kutubxona qurib bitkazgan. 2000-yillarda 15 gektar yer maydonini ko‘kalamzorlashtirib, unumli yerga aylantirgan. Beminnat xizmatlari uchun 2001 yilda Prezident tomonidan "O‘zbekiston Qaxramoni” deb e'lon qilingan. Uning amalga oshirgan ishlari Ginness rekordlar kitobida alohida e'tirof etilgan.

8 sentabr kuni o‘zbekistonlik bir guruh oshpazlar tomonidan tayyorlangan megapalov esa bu ro‘yxatni yana bir marta kengaytirishga xizmat qildi.

Top