18:34 / 11.09.2017
4025

O‘zbekiston delegatsiyasi JSST Yevropa mintaqaviy byurosi 67-sessiyasida ishtirok etmoqda

Foto: JSST

Shu yilning 11-14 sentabr kunlari sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vengriyaning Budapesht shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda KUN.UZ’ga Sog‘liqni saqlash  vazirligi axborot  xizmati xabar berdi.

Tadbir kun tartibiga Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakabning 2016-2017 yillarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti, JSSTning 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan umumiy ish dasturi, “Salomatlik-2020” siyosatini amalga oshirish, Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo davlatlar o‘rtasida dori-darmon ta'minoti bilan bog‘liq aloqalarni yaxshilashga doir bir qator dolzarb masalalar muhokamasi kiritilgan. 

Ma'lumki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining 2012 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan yillik sessiyasida unga a'zo 53 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham “Salomatlik — 2020” strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan edi. “Salomatlik – 2020” strategiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, inson salomatligi va bo‘lajak nasllar kamolotiga salbiy ta'sir etadigan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishga yo‘naltirilgan. O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda ushbu strategiyani amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va ko‘rsatmalari asosida olib borilayotgan tibbiy islohotlar bugun yangi bosqichda davom etmoqda. 

Vengriyada o‘tkazilayotgan 67-sessiya ishi davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirliklari va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar olib borishi ko‘zda tutilgan. 

Eslatib o‘tamiz mazkur sessiya 14 sentabrga qadar davom etadi. 

 

Top