09:55 / 12.09.2017
11862

EXPO-2017’ning eng yaxshi pavilonlari aniqlandi

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan butunjahon EXPO-2017 ko‘rgazmasida eng yaxshi pavilonlar taqdirlandi. Ularni taqdirlashda nafaqat ko‘rgazma tematikasiga mosligi hisobga olindi, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun qulayligiga ham e'tibor qaratildi, deb yozadi Tengrinews.kz.

Mukofotlarning ikki toifasi joriy etildi: birinchisi — ko‘rgazma dizayni, rasmiylashtirilishi, eksponatlar va ularning ko‘rgazma tematikasiga mosligi bo‘lsa, ikkinchisi — tematikani ochish, kelajak energiyasi sohasida innovatsion yechimlar jihatiga nisbatan belgilandi. Mukofotlar qatnashuvchilarning har bir jihatini baholadi: dizayndagi innovatsiya, eksponatlarning taqdim etilishi, boy va tushunarli yechimlar, pavilonlar ichidagi oqimning qulay tashrif uchun yengil sirkulyatsiyasi va boshqalar.

Qayd etib o‘tish kerakki, eng yaxshi pavilonlarni aniqlash uchun milliy pavilonlar 4ta turga bo‘lib olindi: 700 kv.m. va undan ortiq; 400 dan 700 kv.m.gacha; 400 kv.m.dan kam; va qo‘shma pavilonlar.

Ko‘rgazmalar, arxitektura sohasida xizmat ko‘rsatgan va xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashib yurgan 9 ekspertdan iborat xalqaro hakamlar hay'ati ikki toifada — ko‘rgazma dizayni va ko‘rgazma tematikasini ocha olganiga qarab, birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin egalarini aniqlab berishdi.

Qo‘shma pavilonlar orasida «Ko‘rgazma dizayni» toifasida «bronza» Lotin Amerikasi, «kumush» — Tinch okeani orollari, «oltin» esa Karib hamjamiyati pavilonlariga nasib etdi. «Tematikaning ochib berilishi»da esa «bronza» — Ukrainaga, «kumush» — Ganaga, «oltin» — Tojikiston paviloniga ketdi.

400 kv.m.dan kam bo‘lgan pavilonlar orasida «Ko‘rgazma dizayni»da «bronza» Latviyaga, «kumush» — Slovakiyaga, «oltin» esa Polshaga berildi. «Tematikaning ochib berilishi» toifasida Chexiya («bronza»), Singapur («kumush») va Finlyandiya («oltin») g‘olib bo‘ldi.

400 kv.m.dan 700 kv.m.gacha bo‘lgan pavilonlar ichra eng yaxshi dizayn tasnifida «bronza» — Monakoga, «kumush» — Ozarboyjonga, «oltin» esa Qatarning paviloniga berildi. «Tematikaning ochib berilishi» tasnifida uchinchi o‘rin Hindiston, ikkinchi o‘rin Vengriya va birinchi o‘rin Shveytsariya pavilonlariga topshirildi.

700 kv.m.dan ortiq yuzaga ega bo‘lgan eng yirik pavilonlar tanlovida «Eng yaxshi dizayn» nominatsiyasida «bronza» mukofotni Janubiy Koreya, «kumush» — Buyuk Britaniya, faxrli «oltin» medalni esa tashkilotchilar Rossiya paviloniga taqdim etishdi.

«Tematikaning ochib berilishi»da esa «bronza» Fransiyaga, «kumush» Xitoy Xalq Respublikasiga, «oltin» esa Germaniya pavilonlariga nasib etdi.

Eslatib o‘tamiz, mukofotlash marosimi Londonda (Buyuk Britaniya) ilk bora 1861 yilda tashkillashtirilgan butunjahon ko‘rgazmasidan buyon an'anaga aylangan edi va 1958 yilda Belgiyada o‘tgan butunjahon ko‘rgazmasidan so‘ng bekor qilingandi. Butunjahon ko‘rgazmalar byurosi tashabbusiga ko‘ra oradan deyarli 50 yil o‘tib, 2005 yilda Yaponiyaning Ayti shahrida o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada an'ana yana tiklandi. O‘shandan buyon mukofotlash marosimi butunjahon ko‘rgazmalarning ajralmas qismi bo‘lib kelmoqda.

Top