10:48 / 13.09.2017
9044

Mulk huquqini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi

Foto: Adliya vazirligi

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan jinoyat sodir qilishda ishtirok etmagan shaxsning jinoyat quroli sifatida foydalanilgan mulkini musodara qilishni taqiqlashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar bermoqda adliya vazirligi rasmiy sayti.

Loyihaga asosan endilikda faqatgina sodir etilgan jinoyat ishtirokchisi bo‘lgan shaxsga tegishli jinoyat qurollarini musodara qilish lozim bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning xususiy mulki bo‘lmagan mulkni musodara qilish ham taqiqlanmoqda.

Bugungi kunda Jinoyat protsessual kodeksining 211-moddasiga asosan jinoyat qurollari, kimga tegishliligidan qat'i nazar, musodara qilinadi va tegishli muassasalarga topshiriladi yoki yo‘q qilinadi.

Ushbu qoidadan kelib chiqib, mulkdorlar jinoyat sodir etishda qatnashmagan, ishtirokchi, gumonlanuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkum bo‘lmaganligidan qat'i nazar, ularning mulki bo‘lgan jinoyat qurollari musodara qilinadi.

Shu sababli, hozirgi kunda amaliyotda mol-mulk egalarining sodir qilingan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi, mulk ijaraga berilganligi yoki tashkilotning xizmatda foydalanish lozim bo‘lgan mulkidan jinoyat sodir qilishda foydalanilganligi kabi holatlar inobatga olinmasdan, mulkdorlar mulk huquqidan mahrum etilmoqda.

Shu munosabat bilan, loyiha xususiy mulk kafolatlarini ta'minlashga hamda mulk huquqini himoya qilishni kuchaytirishga, xususan jinoyat ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarning jinoyat sodir etishda foydalanilgan mol-mulkini musodara qilishning oldini olishga xizmat qiladi.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyiha Hukumatda ma'qullanib, hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga taqqoslash jadvali bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Top