21:11 / 13.09.2017
5608

YUNISEF va Ucell hamkorlikdagi faoliyat natijalarini sarhisob qildi

2017 yil 5 sentabr kuni YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann va Ucell (“KOSKOM” MChJ HK) Bosh ijrochi direktori janob Tonu Gryunberg O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda mamlakatning chekka hududlarida joylashgan maktablardagi suv ta'minoti, sanitariya va gigiyena xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlik loyihalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qildilar. 

Xorazm viloyati Chalish qishlog‘idagi 46-o‘rta maktabda sanitariya inshooti qurib bitkazilgan bo‘lib, hozirda undan 180 o‘quvchi va o‘qituvchilar jamoasi foydalanmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ko‘kcha qishlog‘idagi 46-o‘rta maktabda 250 o‘quvchi va maktab atrofidagi hududda istiqomat qiluvchi 1000 kishidan iborat aholini suv bilan ta'minlash uchun 300 metr uzunlikdagi suv quvurlari o‘tkazilishi nishonlandi.  

Foto: YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

“Suv, sanitariya va gigiyena odatiy va oddiy masala bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo bu uzluksiz ta'limning muhim qismidir, chunki bu bolalarning sog‘lom bo‘lishlariga va maktabda o‘qishni tashlab qo‘ymasliklariga yordam beradi,” -  deydi Sasha Graumann. “Umumiy aholisining uchdan bir qismi 18 yoshga to‘lmagan yoshlardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston uchun bu muhim ahamiyatga ega, chunki 15 yildan so‘ng bugungi bolalar mamlakat tarixidagi eng katta ishchi kuchini tashkil etadilar.  Hukumat O‘zbekistonning kelajakdagi taraqqiyoti, tinchligi va farovonligi uchun eng yaxshi sarmoya, ya'ni bolalar salomatligi, ta'limi va farovonligiga sarmoya kiritayotgani quvonarlidir,” - deb so‘zini yakunladi Sasha Graumann. 

Foto: YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridagi uchta kichik maktablarda ham sanitariya inshootlarining qurilishi yakunlanmoqda. 

Ushbu faoliyat orqali YUNISEF tashkiloti va Ucell kompaniyasi bolalar diareya kabi kasalliklardan himoyalanganligini, ota-onalar va o‘qituvchilar esa qo‘llarni sovun bilan to‘g‘ri yuvish kabi hayotni saqlovchi ko‘nikmalarni uyda va maktabda targ‘ib etishlarini ta'minlash yo‘lida mamlakat hukumatining sa'y-harakatlariga ko‘maklashadilar. 

Foto: YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

“Biz global fuqarolarmiz va qanday sharoitlarda hayot kechirayotganligimizga o‘zimizni mas'ul deb bilamiz. YUNISEF bilan hamkorlik qilishdan ko‘zlagan maqsadimiz suv ta'minoti va sanitariya xizmatlarining barqarorligi hamda gigiyenani targ‘ib etish, buning natijasida viloyatlar va kichik qishloqlardagi bolalar salomatligining yaxshilanishi va iqtisodiy farovonlik oshishiga ko‘maklashishdir,” - deydi Ucell kompaniyasining Bosh ijrochi direktori Tonu Gryunberg. “Shu bilan birga, ijtimoiy rivojlanishdagi muammolarni hal etish, O‘zbekiston bolalari ta'lim olishlari uchun yanada yaxshiroq sharoitlar yaratish hamda mahalliy hamjamiyatlar taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun mobil aloqa texnologiyalaridan foydalanishni davom ettiramiz,” - deb ta'kidladi janob Tonu Gryunberg. 

Mavzuga oid
Top