21:52 / 14.09.2017
14599

2018 yilgi Davlat dasturi loyihasiga takliflar qabul qilinmoqda

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha 2017 yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida erishilgan natijalarni chuqur o‘rganish va puxta tahlil qilish maqsadida fuqarolar o‘rtasida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazilmoqda. Shuningdek, kelgusi yil Davlat dasturi loyihasiga aholidan taklif va loyihalar olinmoqda. 

So‘rovnoma aholining keng qatlamlari, jumladan yoshlar, davlat xizmatchilari, tadbirkorlar, pensionerlar o‘rtasida tarqatilmoqda. Shuningdek, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida www.strategy.uz veb-saytida alohida sahifa yaratildi. So‘rovnomani mobil telefon orqali to‘ldirish imkoni ham mavjud.
Ijtimoiy so‘rovnoma “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 avgustdagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5024-sonli farmoyishida belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2017 yilda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish hamda 2018 yil Davlat dasturi loyihasiga kiritish uchun fuqarolardan takliflarni to‘plash rejalashtirilgan.

Fuqarolar so‘rovnomada ishtirok etish orqali Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan muhim islohotlar va jamiyat hayotida ro‘y bergan yana boshqa o‘zgarishlarga baho berishadi. Jumladan, ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan qaysi tadbir eng muhimligi, Davlat boshqaruv organlarining xalq bilan muloqot qilishida, fuqarolarga bo‘lgan munosabatidagi o‘zgarishlar haqidagi savollarga javob berishlari kerak bo‘ladi.

Jamoatchilik fikri so‘rovi shu yilning oktabr oyiga qadar barcha hududlardagi oliy ta'lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan Harakatlar strategiyasi xonalari, mahalla fuqarolik yig‘inlari, korxona va tashkilotlarda o‘tkaziladi. Shundan so‘ng barcha ma'lumotlar umumlashtirilib, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyaga taqdim etiladi.

Ta'kidlash joizki, 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan Davlat dasturi loyihasiga kiritiladigan takliflar faqat keng jamoatchilik bilan dastlabki muhokama qilingandan keyin ko‘rib chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 15 avgustidagi farmoyishi bilan belgilab qo‘yildi. 

Top