13:00 / 14.09.2017
63542

Bankomatlardan naqd pul yechishda komissiya to‘lovi joriy etildi. Ekspert izohi

Avgust oyining ikkinchi yarmida Toshkent shahrida ilk marta bankomatlar o‘rnatishni boshlagan «Xalq banki» 12 sentabr kuni bankomatlardan pulni naqdlashtirishda umumiy summaning 1 foizi miqdorida komissiya to‘lovi belgiladi.

Ushbu foiz bankomat orqali pulni naqdlashtirish jarayonida avtomatik tarzda yechib olinmoqda.

Hozircha NBU va «Ipak yo‘li banki» bankomatlarida komissiya joriy qilinmadi.

Qayd etish kerakki, komissiya to‘lovi haqidagi xabarlar iste'molchilar tomonidan yaxshi qarshilanmadi.

Ekspert bankomatlardan naqd pul yechish uchun komissiya o‘rnatilganiga asoslar keltirib, buni ijobiy baholashga chaqirdi.

«Har qanday tovar yoki xizmat o‘zining narxiga ega, jumladan naqd pul yechish ham. Tekin xizmat oxir oqibatda va pirovardida yoki amalda yo‘q xizmatga yoki korruptsion to‘lov evaziga amalga oshiriladigan instrumentga aylanadi. Buni tushunish va qabul qilish lozim.

Chunki bankomat pulga sotib olinadi, uning amortizatsiyasi mavjud, unga mulk solig‘i to‘lanadi, bankomat o‘rnatilgan joyga ijara haqi to‘lanadi, yana bankomat elektr energiyasi va qog‘oz xarajati, ekspluatatsiya chiqimlarini talab etadi.

Bu xabar ko‘pchilik OAVlar taqdim etayotganidek salbiy kontekstda baholanmasligi lozim», deya o‘z munosabatini bildirgan ekspert.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14 avgustidan boshlab Toshkent shahridagi Oloy, Yunusobod va Qo‘yliq bozorlarida naqd pul yechib olish mumkin bo‘lgan bankomatlar ishga tushdi. Har bir bozorda bittadan bankomat o‘rnatilgan. Bankomatlarga har kuni o‘rtacha 30 mln so‘m pul qo‘yiladi. 

Top