13:54 / 15.09.2017
10990

18 nafar fuqaroni chuv tushirib ketgan shaxs qamoqqa olindi

Buxoro viloyatining Shofirkon tumani Jilvon qishlog‘ida yashovchi, hozirda Buxoro viloyat IIB 3-sonli Tergov hibsxonasida saqlanayotgan A.A.M. “G‘arbgazta'minot” unitar korxonasi “Shofirkongaz” filialida nazoratchi sifatida ishlab kelib, aholidan tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorlik uchun pul yig‘ish uning xizmat vazifasiga kirmasada, 2013 yilda boshlab jinoyat sodir etish yo‘liga o‘tib, aldash va o‘ziga bo‘lgan ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan 18 nafar fuqarolarning mol-mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, ularning tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorligini to‘lab berishlikni va'da bergan. U mazkur pul mablag‘larini o‘z ehtiyoji uchun sarflab, jabrlanuvchilarga eskidan qolgan tabiiy gaz to‘lovini amalga oshirganligini aytib, ularni aldab firibgarlik jinoyatlarini sodir qilgan. Bu haqda KUN.UZ'ga Buxoro IIB xabar berdi.

Jumladan, A.A.M. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, fuqaro M.Q.ni aldash va o‘ziga bo‘lgan ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan uning mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, uning tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorligini to‘lab berishlikni va'da berib, 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarini olib, takroran firibgarlik jinoyatini sodir qilgan. Shuningdek, fuqarolar I.U.dan 500 ming so‘m, I.I.dan 300 AQSh dollari, M.V.dan 1.500.000 so‘m, M.E.dan 930.000 so‘m, R.D.dan 2.100.000 so‘m, L.I.dan 500.000 so‘m, M.Sh.dan 300.000 so‘m, Ya.S.dan 1.320.000 so‘m, D.T.dan 1.480.000 so‘m, L.I.dan 1.000.000 so‘m,  X.S.dan  550.000 so‘m miqdoridagi pullarni olib o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan bo‘lsa,  fuqaro J.N.ni ham o‘zining tuzog‘iga ilintirib, undan 1.500.000 so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olganligi aniqlangan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan A.A.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-, 2- va 3-qismlari  bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.  

 

Top