16:12 / 15.09.2017
16044

Ishonch suiiste'mol qilindi

Foto: Huffingtonpost

Toshkentlik Ahror Valiyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qarindoshi Ravshan Zufarov bilan sudning qora kursisidan joy olishga majbur bo‘ldi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Xullas, qarindoshlar gapni bir yerga qo‘yishdi-da, bo‘lib to‘lash sharti bilan yakka tartibdagi tadbirkor “Rahimov A.N.” do‘konidan Ravshan Zufarovning nomiga televizor xarid qilishga kelishishadi. Buning uchun A.Valiyev R.Zufarov «Agro max global» MChJda ishlashi haqidagi, shuningdek, uning oylik ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni qalbakilashtirib, hujjatlarni do‘konga taqdim qiladi. Televizor qiymatining 25 foizini to‘lagach, ular bahosi 6 million 673 ming so‘mlik televizorni olib ketishadi. R.Zufarov dastlabki to‘rt oy davomida pullarni to‘lab turdi, keyin esa qarzini to‘lashni “unutib” qo‘yadi.

Oson yo‘l bilan televizorli bo‘lib olgan R.Zufarov vaqtni o‘tkazmay, tanishi Davron Hojiyevni ham “ish”ga soladi. Unga o‘zi televizor olgan manzilni tushuntirib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Qarabsizki, hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan 4 million 723 ming so‘mlik televizorni do‘kondan olib chiqqan R.Zufarov uni Ahror Valiyevga berib yuboradi.

Oradan ko‘p o‘tmay firibgarlar boshqa bir do‘konni nishonga olishadi. Bu safar ham eski usulni qo‘llab, hujjatlarni qalbakilashtirishadi-da, 7 million so‘mlik televizor bilan 3 million 200 ming so‘mlik telefon apparatini qo‘lga kiritishadi. R.Zufarov telefon apparatini o‘zida olib qolib, televizorni esa A.Valiyevga “hadya” qilib yuboradi.

Keyinchalik esa yana boshqa bir shaxsning nomiga qalbaki hujjat tayyorlab, qiymati 4 million 651 ming so‘mlik televizor xarid qilinadi. Tabiiyki, bu holatlarda ham kredit to‘liq qaytarilmaydi. Maishiy texnika buyumlari esa Ahror Valiyev tomonidan sotib yuboriladi.

Molidan ayrilib qolayotgan do‘kon egalari bu haqda tegishli organlarga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘lishadi.

Sud tomonidan ularning har biriga qilmishiga yarasha jazo tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchilar R.Zufarov hamda A.Valiyevdan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi. 

Top