07:42 / 16.09.2017
2828

Islandiya bosh vaziri navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishini e'lon qildi

Foto: EPA/UPG

Islandiya bosh vaziri Byarni Benediktsson uchta partiyadan iborat bo‘lgan hukmron koalitsiya parchalangani sababli mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishini e'lon qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

“Biz ko‘pchilikni yo‘qotdik va men uni tiklash uchun imkoniyat borligini ko‘rmayapman. Men saylovlar o‘tkazilishini e'lon qilaman”, deb aytgan bosh vazir. Benediktsson saylovlar noyabrda o‘tishini ma'qul ko‘rishini ta'kidlab o‘tgan.

Islandiyaning hukmron koalitsiyasi 15 sentabrda undan “Porloq kelajak” partiyasi chiqib ketishini e'lon qilgandan keyin parchalangan. Partiya bu qarorini bosh vazir va uning yon atrofidagilarga ishonch yo‘qolgani bilan tushuntirgan.  

14 sentabrda mamlakat OAVda bosh vazir atrofida yirik mojaro avj olgan. Aniqlanishicha, bosh vazirning otasi Benedikt Sveynsson 2004 yilda balog‘atga yetmagan o‘gay qizining nomusiga tekkani uchun aybdor deb topilgan do‘stidan sudlanganlik olinishi haqidagi tavsiyanomani imzolagan.

Byarni Benediktsson adliya vaziri bilan birgalikda otasining bu qilmishi haqidagi axborot ommaga ma'lum bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilganlar.

Islandiyada avvalgi saylovlar 2016 yil oktabrda mamlakatning o‘shandagi bosh vaziri Sigmundur David Gunnlyoygssonning Panamadagi ofshorlarga aralashgani sababli iste'foga ketishi munosabati bilan muddatdan avval o‘tkazilgandi.

Byarni Benediktsson hukumati hokimiyat tepasida rekord qisqa vaqt – 247 kungina bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top