13:00 / 17.09.2017
16018

AQShda avtoshou vaqtida avtomobil tomoshabinlarni bosib ketdi

Foto: Reuters

AQShning Boyse shahridagi (Aydaxo shtati) avtoshou vaqtida avtomobilning tomoshabinlarga urilishi oqibatida kamida 11 kishi jarohat oldi. Bu haqda mahalliy politsiya ma'lum qildi.

Boyse politsiyasi saytida chop etilgan bayonotda aytilishicha, Cars and Coffee avtoshousida qatnashgan kulrang Porsche mashinasi haydovchisi katta tezlikda boshqaruvni qo‘ldan chiqargan.

Voqea oqibatida 6 kishini tez tibbiy yordam mashinasi olib ketgan, yana 5 kishi xususiy mashinalarda shifoxonalarga yetkazilgan.

Politsiya leytenanti Charlz LeBarning aytishicha, voqea haydovchi odamlar oldida “o‘zini ko‘z-ko‘z qilishi” sababli yuz bergan bo‘lishi mumkin. “Menda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, haydovchi tomoshabilar oldida o‘zini ko‘z-ko‘z qilgan”, deb aytgan leytenant. Uning aytishicha, haydovchi juda katta tezlikda harakatlangan va boshqaruvni qo‘ldan chiqarib, tomoshabinlar bo‘lgan trotuar va o‘tloqqa uchib chiqqan.

Ayni vaqtda voqea tergov qilina boshlangan. Voqeaga aybdor haydovchi ko‘rsatmalar bergan.

Mavzuga oid
Top