08:09 / 18.09.2017
16299

Surxondaryoda profilaktika inspektorlariga xizmat uylari va avtomashinalar kalitlari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan joriy yilning 17 sentabr kuni soat 10:00da Surxondaryo viloyati Termiz shahrining Xotira xiyobonida Surxondaryo viloyati IIB ichki ishlar organlari tayanch punktlarining 228 nafar profilaktika inspektorlarini qasamyodga keltirish, ularga  xizmat uylari va imtiyozli ravishda berilayotgan shaxsiy avtomashinalar kalitini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.

Marosimda hukumat a'zolari, davlat boshqaruv organlari va viloyat hokimlik rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari, profilaktika inspektorlarining ota-onalari, oila a'zolari ishtirok etishdi.

Dunyoda insonning hayotidan, uning tinchligidan ham azizroq, muhimroq narsa bo‘lmasa kerak. Bugungi davrda ichki ishlar organlari xodimlari, ayniqsa, profilaktika inspektorlari Vatan kelajagi va istiqboli uchun daxldorlik hissi bilan yashashi, yurtiga fidoiylarcha xizmat qilib, o‘z  qasamyodiga sodiq qolgan holda jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Ana shunday damlarda ichki ishlar organi xodimi, ayniqsa profilaktika inspektoridan kuchli sabr-toqat, mehr-oqibat, matonat, yuksak ma'naviyat talab etiladi. 

Ana shu talabdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi Farmoni asosida joylardagi profilaktika inspektorlari soni oshirilib, ular uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari tayanch punktlari tashkil etildi.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari nufuzini oshirish va xizmatni samarali o‘tashlarini ta'minlash maqsadida komumnal-maishiy sharoitlarga ega bo‘lgan, zamon talablari va standartlariga javob beradigan qulay xizmat uy-joyi bilan ta'minlash maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi Qarori qabul qilindi. Ushbu qaror talablari asosida, profilaktika inspektorlariga o‘zlari xizmat qilayotgan hududdan oila a'zolari bilan yashashlari uchun,  barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xizmat uylari ajratilmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 avgust kunidagi Qaroriga asosan uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtoulovlar olishlari uchun sharoit yaratildi.  

 

Top