09:26 / 19.09.2017
7913

Isroilda yangi haydovchisiz RAMBOW tanki taqdim qilindi

18 sentabrda Isroilning Meteor Aerospace kompaniyasi Tel-Aviv yaqinidagi Rishon le-Tsion shahrida o‘tkazilgan boshqaruvchisiz qurilmalar aviashousi va ko‘rgazmasida haydovchisiz yengil tank – robotlashtirilgan RAMBOW majmuasini taqdim qildi. Qurilma keng spektrdagi vazifalar, jumladan quruqlikdagi jangovar harakatlar va o‘t ochish bilan qo‘llab-quvvatlash, razvedka ma'lumotlarini to‘plash va tirik kuchni xavfga qo‘ymagan holda chegarani himoyalashni bajarishga moslangan. 

Ta'kidlanishicha, RAMBOW noyob elektr dvigatel tizimi bilan jihozlangan. Unda o‘rnatilgan tizimlar stansiyadan turib masofadan boshqariladi. Majmuada og‘ir pulemyot yoki vazifaning turiga qarab boshqa boshqariluvchi tizim yoki qurilmalarni o‘rnatish mumkin. Tank og‘irligi 4 tonnani tashkil qiladi va o‘z bortiga bir tonnagacha foydali yukni olishi mumkin. Mashina operatorga bort kameralari va 3,5 metrga ko‘tariladigan teleskopik machtada o‘rnatilgan uzoq masofalarga mo‘ljallangan optik qurilma yordamida real vaqtda o‘z atrofida yuz berayotgan hodisalar videosini uzata oladi.

Foto: TASS 

Robotning uzunligi 3,7 metrni, eni 2,2 metrni tashkil qiladi. U belgilangan yo‘nalish bo‘yicha yo‘lidagi to‘siqlarni aniqlab va ularni chetlab o‘tgan holda mustaqil harakatlana oladi. Olti g‘ildirakli tankning maksimal tezligi soatiga 50 km ni tashkil qiladi. U batareyasi evaziga 50 km yo‘l bosa oladi va shundan keyin harakat vaqtida akkumulyatorlarni quvvatlay oladigan dizel generatori ishlab chiqaradigan energiya hisobiga yana 160 km yo‘l yurishi mumkin. 

Isroil armiyasi bu mashinaning bir nechtasidan chegaralarni himoya qilishda va logistik vazifalarni, jumladan harbiy qismlarga o‘q-dori va kerakli anjomlarni yetkazishda foydalanmoqda. 

Isroil ayni kunda boshqaruvchisiz va robotlashtirilgan qurilmalarni yaratish bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi. Ko‘rgazmada shuningdek Super Heron droni, bir motorli Black Eagle 50 uchuvchisiz vertolyoti hamda AMSTAF robotlashtirilgan majmuasi namoyish qilingan.

Mavzuga oid
Top