22:30 / 20.09.2017
15786

1 ta telefonda 3 mingta behayo filmlarni olib o‘tishga uringan shaxs aniqlandi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Qarshi aeroportida bir dona qo‘l telefoni xotirasida qariyb 3 ming dona behayo filmlarni olib o‘tishga uringan “jahongashta” aniqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bergan.

Ma'lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 48 ta holatda 5 ming 769 dona pornografik mazmundagi videolavhalar, o‘yin kartalari va suratlar bojxona chegaralari orqali mamlakatimizga olib kirilishining oldi olindi.

Shunga qaramasdan, ishlash yoki boshqa maqsadda xorijga chiqqan ayrim fuqarolar tomonidan pornografik mazmundagi videolavhalar va fotosuratlarni turli moslamalar orqali yurtimizga olib kirishga urinish hollari uchramoqda.

Misol uchun, Moskva-Qarshi yo‘nalishidagi 606-sonli aviareys bilan Qarshi xalqaro aeroportiga uchib kelgan M.K.ning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan “Nuawei ale l21” markali qo‘l telefoni xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan 300 dona pornografik mazmundagi videolavha borligi aniqlandi.

Yana bir holatda Moskva-Qarshi yo‘nalishidagi 624-sonli aviareys bilan Qarshi xalqaro aeroportida parvozini yakunlagan Kasbi tumani Maymanoq qishlog‘ilik F.Q.ning yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda unga tegishli bo‘lgan “HTC One X+” markali qo‘l telefoni xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan naq 2 ming 869 dona pornografik mazmundagi videolavha borligi ma'lum bo‘ldi va belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtirildi. 

Tegishli sud idoralarining qarorlariga ko‘ra, yuqoridagi huquqbuzarlik holatlarini sodir etgan aybdor shaxslarga nisbatan jarima jazolari belgilandi. Huquqbuzarlik ashyolari hisoblangan telefon apparatlari davlat egaligiga o‘tkazildi hamda ular xotirasidagi behayo lavhalar belgilangan tartibda yo‘q qilinishi ta'minlandi.

 

Top