00:34 / 20.09.2017
44912

BMT minbarida O‘zbekiston rahbari: o‘tgan davrdagi nutqlar bo‘yicha qisqacha sarhisob 

Foto: President.uz

Ayni paytda Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohda o‘z ish faoliyatini boshlagan BMT Bosh assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning minbarda nutq so‘zlashi kutilmoqda. Unda mintaqa mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy aloqalariga oid, shuningdek, xalqaro integratsiyani rivojlantirish borasida O‘zbekiston rahbarining takliflari yangrashi taxmin qilingan. Kun.uz​ prezidentning ushbu chiqishi BMT sahnasida ilk qadamlardan biri ekanligini ta'kidlagan holda, shu davrgacha BMT bosh minbarida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi prezidenti Islom Karimovning barcha chiqishlarini qisqacha sarhisob qilib chiqdi.


1. 1993 yilda o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 48-sessiyasi

Foto: UzReport 

Mustaqillikka erishgan O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 2 mart kuni BMT a'zoligiga qabul qilindi. Shu bilan birga xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan ko‘p tomonlama aloqalarni o‘rnatdi. Ilk bor marhum Islom Karimov 1993 yil Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohda nutq so‘zlagandi. Unda mamlakat sobiq prezidenti Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish taklifini ilgari surgan. Buning amaliy natijasi o‘laroq, 2009 yil 20 martda "Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish to‘g‘risida"gi shartnoma kuchga kirdi. Aynan ushbu tashabbus keyinchalik Monterey xalqaro tadqiqotlar instituti huzuridagi yadro quroli tarqalishining oldini olish masalalarini o‘rganish markazi eksperti Tijyey Bouz tomonidan alohida ta'kidlanib, o‘z vaqtida bildirilgan oqilona tashabbus, deya baholangan.


2. 1995 yilda BMT tashkil etilganiga 50 yil to‘lgani munosabati o‘tgan sessiya

Oktyabr oyida tashkil etilgan mazkur yirik tadbirda Islom Karimov ishtirok etgan va nutq so‘zlagan. Ana shunda mamlakat sobiq rahbari qo‘shni Afg‘oniston muammosiga konstruktiv yondashish kerakligini ta'kidlab, o‘z fikrlarini bildirgandi.


3. 2000 yilda BMT Bosh Assambleyasining "Ming yillik sammiti"da

Yangi mingyillikning ilk davrida tashkil etilgan maxsus yig‘ilishda Islom Karimov xalqaro terrorizm va narkobiznes bilan bog‘liq muammolarni hal etish; mintaqaviy xavfsizlik, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash; jahon xavfsizligi tizimini takomillashtirish, BMT faoliyati va tarkibiy tizimini isloh qilishga taalluqli takliflar bilan chiqdi. Ushbu nutq ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi, oradan biroz muddat o‘tib, ya'ni 11 sentabr voqealari yuz berganidan so‘ng, O‘zbekiston vakilining so‘zlarida achchiq haqiqat borligi ayon bo‘ldi.


4. 2010 yilda BMT Bosh assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan yalpi majlisida

Davlat rahbari mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni hamda izchil taraqqiyotni ta'minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari ustuvor vazifalardan ekanini alohida ta'kidladi. BMTning mazkur anjumanidan so‘ng mamlakatimizda 2011-2015 yillarda Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksi tasdiqlandi.

Bugun, biz ana shunday tarixiy voqealardan biriga, ya'ni Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan butun dunyo xalqlariga yetkizajak nutqini kuzatib borishga muvaffaq bo‘lamiz. Kun.uz​ barcha jarayonlarni batafsil yoritib borishga harakat qiladi.

Top