00:51 / 20.09.2017
15094

Litva prezidenti: Rossiya g‘arb davlatlariga hujum qilish ssenariysini mashq qilmoqda

Foto: EPA-EFE/JUSTIN LANE

Litva prezidenti Dalya Gribauskayte 19 sentabrda BMT Bosh assambleyasidagi nutqida Rossiyani g‘arb davlatlariga hujum qilishga tayyorlanayotganlikda ayblagan. Uning aytishicha, "Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha chegaralarida 100 mingga yaqin rossiyalik harbiy "G‘arb-2017" harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda". "Kreml o‘z qo‘shnilariga, G‘arbga hujum ssenariysini mashq qilmoqda", deb aytgan Gribauskayte.

18 sentabrda Gribauskayte BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazib, bosh kotibga Rossiyaning Litva chegarasi yaqinidagi harakatlari, mintaqadagi xavfsizlik borasidagi vaziyat hamda Rossiya va Belarusning "G‘arb-2017" harbiy mashg‘ulotlari insoniyat uchun xavf solishi haqida ma'lumot bergan.

Litvalik mutaxassislarning ta'kidlashicha, Gribauskaytening Nyu-Yorkdagi nutqi Litva OAVda uning tanqid qilinishini bosdi-bosdi qilishga urinish hisoblanadi. OAV "G‘arb-2017"ni bir necha oydan beri mamlakat uchun bosh xavf deb atab kelayotgan Gribauskayteni ushbu mashg‘ulotlar fonida xalqni tashlab, okean ortiga jo‘nab ketgani uchun tanqid qilgan.

Qayd qilish joizki, Rossiya delegatsiyasi Litva prezidentining Bosh assambleyadagi nutqi oldidan zalni tark etdi. Litva prezidenti Bosh assambleya minbariga ko‘tarilishidan oldin Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili birinchi o‘rinbosari Petr Ilichev va Davlat dumasining xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy zaldagi joylarini tark etganlar.

Mavzuga oid
Top