10:36 / 21.09.2017
10757

Bishkek Sovetlar Ittifoqidan qolgan uran chiqindilari bilan kurashda yordam so‘ramoqda

Qirg‘izistonga Sovetlar Ittifoqi vaqtidan respublika hududida qolgan 286 million tonna uran chiqindilari bo‘lgan yerlar holatini tiklash uchun yordam kerak. Bu haqda mamlakat prezidenti Almazbek Atamboyev payshanba kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi “maydonida” Markaziy Osiyo davlatlarida uran “merosi” obektlari muammolari bo‘yicha yig‘ilishda ma'lum qildi.

"Bizning davlatda 286 million tonna uran va boshqa yuqori zaharli chiqindilarga ega 90dan ortiq maxsus yerlar bor. Ular asosan daryolar bo‘yida joylashgan. Bu joylarda avariyalar yuz beradigan bo‘lsa, daryolarning ifloslanishi keng ko‘lamli ekologik va gumanitar falokatlarga olib kelishi mumkin... Bizga bu muammoni hal qilishda xalqaro hamjamiyat tomonidan ham moliyaviy, ham texnik qo‘llab-quvvatlov kerak", - dedi Atamboyev.

Uning eslatishicha, Sovetlar Ittifoqidagi birinchi atom bombalari qirg‘iz uranidan tayyorlangan va "katta davlatlar yangi bombalarni ixtiro qilish uchun pul sarflamasdan, avvalgi urushlardan qolgan muammolarni hal etish uchun mablag‘ yo‘naltirishsa yaxshi bo‘lardi".

Prezident ma'lumotlariga ko‘ra, uran “merosini” yo‘q qilishning umumiy qiymati taxminan 210 million yevroni tashkil etadi. Shu bilan birga, taxminan 180 million yevro bunday maxsus joylarni avvalgi holatga qaytarish, shuningdek, ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni tiklash masalalariga yo‘naltirilishi lozim. "Bugungi kunda ushbu rejalarda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun yetmayotgan mablag‘ miqdori taxminan 130 million yevroga teng", - dedi u.

Top