00:30 / 21.09.2017
50469

Muvaffaqiyat sari 46 yil: Ilon Mask tarixi suratlarda

SpaceX va Tesla bosh direktori, The Boring Company asoschisi va OpenAI hammuassisi - aftidan Mask hamma joyda ulguradigan ko‘rinadi. U kosmik raketalar, elektromobillar va quyosh batareyalari qurshovida, qotil-robotlarni tadqiq qiladi - va bu ishlar orasida milliardlab pul topishning uddasidan chiqadi. Shunday bo‘lsa-da, Mask bu darajaga osonlik bilan erishmagan. Qanday qilib maktabda ko‘pchilik ustidan kulgan bola bunday ishbilarmonga, keyin esa xuddi ilmiy-fantastik roman sahifalaridan hayotga ko‘chgan ikki yirik kompaniya rahbariga aylandi - va bu yo‘lda tanazzulga uchramadi? BusinessInsider shu haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

 

Ilon Mask 1971 yilning 28 iyunida Pretoriya (JAR)da dunyoga kelgan.

Foto: Wikimedia Commons

Otasining so‘zlariga ko‘ra, Mask "doim o‘ychan introvert bo‘lgan".

Foto: Bloomberg

"Boshqa bola bo‘lganida do‘stlari bilan ziyofatga borib, vaqtini chog‘ o‘tkazishi mumkin edi, Ilon esa hatto ziyofatga borib qolgan taqdirda ham, darhol kutubxonani topib, kitoblar olamiga sho‘ng‘ib o‘tirardi", - deydi Maskning otasi, muhandis Errol Mask.

Maskning onasi — professional parhezshunos va model.

Foto: Forbes

Mayye Mask Kanadada tug‘ilgan. Special K nonushtalari qutilari va hatto Time jurnali muqovasida uning suratlarini ko‘rishingiz mumkin.

1979 yilda ota-onasi ajrashib ketgach, 9 yoshli Ilon va uning ukasi Kimbal otasi bilan yashashga qaror qilishdi.

Foto: Bloomberg 

1983 yilda, 12 yoshida Mask "Blastar" nomli oddiy o‘yinni yozib, uni kompyuter jurnaliga 500 dollarga sotgan.

Foto: Business Insider

O‘zining aytishicha, o‘yin "u qadar ahamiyatli bo‘lmagan... ammo Flappy Bird'dan yaxshiroq bo‘lgan"

Biroq maktabda unga oson bo‘lmagan — bir kuni tengdoshlari uni shu darajada kaltaklashganki, uni hatto shifoxonaga joylashtirishga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Shutterstock

Eshli Vens "Ilon Mask: Tesla, SpaceX va fantastik kelajak sari" kitobida yozishicha, bezorilar Maskni zinadan pastga tashlab, hushini yo‘qotgunicha kaltaklashgan.

O‘rta maktabni tugatgandan so‘ng Mask Kanadaga yo‘l olgan va ikki yil Ontarioda, Kingston Qirollik universitetida tahsil olgan.

Foto: Wikimedia Commons

Mask Kanadaga onasi, singlisi Toska va ukasi Kimbal bilan ko‘chib o‘tgan.

Biroq u o‘qishni Pensilvaniya Universitetida tugallagan va u yerda biryo‘la ikki (fizika va iqtisodiyot bo‘yicha)diplomni qo‘lga kiritgan.

Foto: AP

Pensilvaniya Universitetida o‘qish davomida Mask sinfdoshi Adeo Ressi bilan talabalar kommunasi binosini tungi klub uchun ijaraga berishgan.

Bu Maskning ilk biznes-tajribalaridan biri edi.

Foto: AP

Shundan so‘ng Mask doktorlik darajasiga erishish maqsadida Stenford universitetiga yo‘l olgan, biroq tezda o‘qishni tashlab ketgan.

U o‘qishning ikkinchi kunidan keyin universitetni tark etishga qaror qilgan, buning o‘rniga endigina tanilib borayotgan dotkomlar bumida omadini sinab ko‘rishga chog‘langan. U Stenfordga qaytmadi.

Foto: Facebook/Stanford University

Ilon ukasi Kimbal bilan Zip2 kompaniyasiga asos solgan.

Foto: Wikimedia Commons

Otasi New York Times va Chicago Tribune kabi gazetalar uchun shaharlar bo‘yicha ko‘rsatmalar beruvchi saytni ishga tushirish uchun o‘g‘illariga 28 ming dollar bergan.

Mask Zip2 ustida ishlagan vaqtida deyarli idorada yashagan va YMCA mahalliy yoshlar tashkiloti binosida dush qabul qilgan.

Foto: Mashable

Biroq Compaq kompaniyasi Zip2'ni 341 million dollarga sotib olganidan keyin barcha harakatlar o‘zini oqlagan. Bitim Maskka 21 million keltirgan.

So‘ngra Mask X.com onlayn-to‘lovlar tizimiga asos solgan.

Foto: AP

1999 yilda u Zip2 sotuvidan tushgan pulning deyarli yarmidan foydalanib, loyihani ishga tushirgan. Taxminan bir yildan keyin X.​com Piter Tilning Confinity moliyaviy startapi bilan birlashdi — shu tariqa PayPal dunyoga keldi.

Mask PayPal'ning bosh direktori bo‘lgan, lekin boshqaruv boshida uzoq qolmadi.

Foto: Getty Images

2000 yilning oktabrida u PayPal hammuassislarini kompaniya serverlarini Microsoft Windows'dagi bepul Unix operatsion tizimiga o‘tkazishga ishontirishga harakat qilgan, biroq texnik direktor tomonidan qat'iy qarshilikka yo‘liqqan.

Mask Avstraliyaga mehnat ta'tiliga ketgan vaqtida direktorlar kengashi uni ishdan bo‘shatgan va Tilni yangi bosh direktor etib tayinlagan.

 

Foto: Business Insider

"Mehnat ta'tili qimmatga tushgan", - deydi Mask ko‘p yillardan keyin 2000 yilgi sayohatini yodga olar ekan.

Biroq Mask uchun barchasi xayrli yakun topdi: 2002 yilning oxirida eBay kompaniyani 1,5 milliard dollarga sotib olgan va shartnoma unga anchagina foyda keltirgan.

Foto: AP

U PayPal'ning eng yirik aksiyadori sifatida 165 million dollar ishlab olgan.

Mask PayPal sotuviga qadar ham yangi loyihalar haqida orzu qilgan, sichqonlar yoki o‘simliklarni Marsga chiqarish rejasi ham shular qatorida bo‘lgan.

Foto: Wikimedia Commons

Ilmiy fantastikaning ashaddiy muxlisi bo‘lgan Mask hatto iste'moldan chiqarilgan sovet raketalarini sotib olishga harakat ham qilgan. Biroq Rossiya tomon har bir raketa uchun 8 million dollar so‘ragan va Mask shaxsiy raketani qurish arzonroqqa tushishiga ishonch hosil qilgan.

2002 yilning boshida Mask bugungi kunda Space Exploration Technologies yoki SpaceX nomi bilan mashhur kompaniyaga asos soldi.

Foto: Reuters

Maskning maqsadlari katta bo‘lgan: kosmik parvozlarni o‘n karra arzonlashtirish.

SpaceX'ning ilk kosmik qurilmalari "Yulduzlar jangi"dagi kosmik kema sharafiga "Ming yillik lochin" deya nomlangan.

Foto: Flickr/SpaceXPhotos

Albatta, gap Falcon 1 va 9 raketalari haqida bormoqda.

Boshqa bir qurilma "Puff the Magic Dragon" qo‘shig‘i sharafiga nomlangan.

Foto: Flickr/SpaceX

Kosmik kema nomi - Dragon - SpaceX hech qachon raketalarini kosmosga uchira olmasligini ta'kidlagan tanqidchilarga javobdek go‘yo.

SpaceX'ning uzoq muddatli maqsadi — Marsni egallash.

Foto: Tech Insider/Recode/NASA

SpaceX transport va yo‘lovchi kemalari Marsga muntazam reyslarni boshlamagunga qadar IPO'ga ariza bermaydi, degan Mask.

Shunday bo‘lsa-da, Maskning Yerda ham ishlari talaygina, ayniqsa uning boshqa bir kompaniyasi — Tesla'da.

Foto: Wikimedia Commons

Kompaniyaga 2003 yilning iyulida Martin Eberxard tomonidan asos solingan, 2004 yilda esa Mask birinchi marta korxonaga sarmoya kiritgan. Bugungi kunda Tesla'dagi  investitsiyalarning umumiy hajmi taxminan 70 million dollarni tashkil qiladi.

Mask Tesla'da faol ishtirok eta boshladi, hozir u kompaniyaning hammuassislaridan biri hisoblanadi. Tesla uning ishtirokida o‘zining birinchi avtomobili — Roadster'ni ishlab chiqardi.

Foto: Getty Images

2006 yilda, elektron Roadster sotuvga chiqqan vaqtda Mask Tesla direktorlar kengashining raisi bo‘lgan. Hozir u - kompaniyaning bosh direktori.

Mask shu bilangina qoniqib qolmadi, tez orada u navbatdagi g‘oyani ilgari surdi: quyosh energetikasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan SolarCity loyihasi.

Foto: AP

2006 yilda Mask o‘zining qarindoshlari - aka-uka Piter va Lindon Rivlarga boshlang‘ich kapital taqdim etib, bu g‘oyani hayotga tadbiq etishni taklif qildi.

Bu vaqtda esa Tesla'da ishlar u qadar silliq kechmayotgan edi.

Foto: AP

Eber­xard bosh direktor lavozimini egallagan bir paytda kompaniya ishlab topayotganidan-da ko‘proq pul sarflardi. 2007 yilda Mask "to‘ntaruv" tashkillashtirgan - dastlab Eberxardni bosh direktor lavozimidan ozod qilgan, keyin esa uni direktorlar kengashi va kompaniyaning boshqaruv tarkibidan chiqarib yuborgan.

2008 yilda, inqiroz moliyalashtirish imkoniyatlarini jiddiy chegaralab qo‘yganida, Maskning shaxsan o‘zi kompaniyani bankrotlikdan qutqarib qolgan.

Foto: Reuters

Mask Tesla'ga 40 million dollar investitsiya kiritgan va kompaniyaga xuddi shu summada kredit taqdim etgan. Shu yilning o‘zidayoq u kompaniyaning bosh direktori etib tayinlangan.

Mask SpaceX, Tesla va SolarCity kompaniyalari o‘rtasida sarson bo‘lgan.

Foto: Reuters

Maskning so‘zlariga ko‘ra, 2008 yil  uning hayotidagi eng og‘ir yil bo‘lgan. Tesla pullarini yo‘qotishda davom etardi, SpaceX'da esa Falcon 1 parvozi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan. 2009 yilga borib Mask deyarli qarzga botgan.

Boz ustiga, deyarli shu vaqtda Mask turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan.

Foto: AP

Maskning sobiq turmush o‘rtog‘i - kanadalik yozuvchi Jastin Mask olti o‘g‘ilni dunyoga keltirgan.

Tez orada Maskni ikki yaxshi yangilik kutardi.

Foto: AP

SpaceX kompaniyasi NASA bilan 1,5 milliard dollarlik shartnomani imzolagan, Tesla esa nihoyat tashqi investorlarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan.

2010 yilga borib barchasi jiddiy o‘zgardi, iyun oyida Tesla muvaffaqiyatli IPO o‘tkazgan.

Foto: Reuters

Kompaniya dastlab 226 million dollar jalb qilgan va 1956 yilda bozorga chiqqan Ford'dan keyingi birinchi ommaviy avtomobil kompaniyasiga aylangan. Moliyaviy muammolarini hal qilish uchun Mask 15 million dollarlik aksiyalarini sotgan.

Maskning noodatiy karerasiga boshqa doiralarda, ayniqsa Hollivudda ham e'tibor qaratila boshlandi.

Foto: YouTube/Kim Stockton

Kenja Ro­ber­t Da­u­nining Temir odam haqidagi filmlar seriyalaridagi personaji Toni Stark qisman Maskning obraziga asoslangan.

U paytlar Maskning shaxsiy hayoti ancha jo‘shqin kechgan.

Foto: Getty Images

2008 yilda Mask aktrisa Talula Rayli bilan uchrasha boshlagan, 2010 yilda ular turmush qurishgan, ammo 2012 yilda ajrashishgan. 2013 yilning iyulida ular qaytadan turmush qurishgan. 2014 yilning dekabrida esa Mask ajrashish uchun ariza bergan, biroq tez orada hujjatlarni qaytarib olgan. 2016 yilning martida Rayli ajrashishga ariza bergan va nihoyat oktabr oyida ular ajrashishgan.

Biznesdagi ishlar esa ancha yaxshi ketayotgandi - ayniqsa SpaceX'da.

Foto: Flickr/SpaceX

2015 yilning oxiriga borib SpaceX kompaniyasi 24 parvozni amalga oshirdi (parvozlar asosan Xalqaro kosmik stansiyaga yuk tashishga asoslangan bo‘lgan) va yo‘l-yo‘lakay ko‘plab rekord o‘rnatdi. 2016 yilda SpaceX birinchi marta okeandagi platformaga ko‘p martalik Falcon 9 raketasini qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan.

Mask doimo yangi g‘oyalar og‘ushida. Eng so‘nggilaridan biri — Hyperloop.

Foto: Hyperloop Transportation Technologies

Hyperloop — vakuum quvur bo‘ylab harakatlanuvchi tezkor poyezd bo‘lib, u Moskvadan Sankt-Peterburggacha bo‘lgan masofani deyarli 35 daqiqada bosib o‘tadi. G‘oyani hayotga tadbiq etishni tezlashtirish maqsadida Mask boshqa kompaniyalarga ham o‘z Hyperloop versiyalarini yaratishga imkon bermoqda.

Yaqinda Ilon Mask yana bir loyihani ishga tushirdi — The Boring Company. Uning nomini ingliz tilidan "Zerikarli kompaniya" deya tarjima qilish mumkin, biroq bu atayin qilingan so‘z o‘yini: aslida u "Burg‘ulovchi kompaniya" ma'nosini anglatadi.

Foto: Business Insider

The Boring Company'ning missiyasi - shaharlar osti va atrofida tunnellar orqali tirbandlikni chetlab o‘tuvchi tezkor transport harakatini ta'minlash.  Bundan tashqari, Mask Nyu-York va Vashington o‘rtasida Hyperloop uchun tunnel qurdirish g‘oyasini Oq uy bilan muhokama qilganini ta'kidlagan.

2015 yil oxirida Mask OpenAI asoschilaridan biriga aylandi. OpenAI - sun'iy intellekt sohasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi notijorat tashkilot. Uning missiyasi - robotlar insoniyatni yo‘q qilmasligini kafolatlash.

Foto: Flickr/Jurvetson

Mask eng yaxshi sun'iy intellekt uchun poyga uchinchi jahon urushiga aylanishi mumkinligidan xavfsiraydi.

To‘g‘ri, bu xadiklar unga haydovchisiz Tesla avtomobillari uchun sun'iy intellekt ishlab chiqishga xalaqit bermaydi.

Foto: Timothy Artman/Tesla

"Avtopilot" tizimi Tesla avtomobillarining barcha modellarida bor.

O‘tgan yili Tesla 2,6 milliard dollarga SolarCity'ni xarid qildi.

Foto: AP

Bu Maskka "yashil" energiya sohasidagi ikki yirik loyihani bir tom ostida birlashtirish imkonini berdi.

2017 yil Mask uchun u qadar yoqimli kechdi deb bo‘lmaydi, har holda siyosat sahnida shunday bo‘ldi.

Foto: AP

Mask Tramp ma'muriyati qoshidagi maslahat kengashiga qo‘shildi, bu jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Dastlab u o‘zining ilg‘or g‘oyalarini amalga oshirishda Oq uyga yaqinligidan foydalanishi mumkinligini aytib, o‘z qarorini himoya qildi. Biroq Donald Tramp iqlim o‘zgarishiga doir Parij kelishuvida ishtirok etishdan voz kechganidan keyin Mask kengashni tark etdi.

Mavzuga oid
Top