10:21 / 21.09.2017
7979

OAV: Pentagon Afg‘oniston HHKga birinchi Black Hawk vertolyotlarini yetkazib berdi

Foto: Reuters

Pentagon Afg‘onistonga mahalliy HHK uchun ikkita UH-60 Black Hawk vertolyotini yetkazib berdi. Bu haqda Military Times gazetasi AQShning Afg‘onistondagi kontingenti rasmiy vakili kapitan Uilyam Selvinga asosan xabar qilgan.

Selvinning so‘zlariga ko‘ra, vertolyotlar Qandahorga S-17 harbiy-transport samolyoti bortida jo‘natilgan. Yana ikkita Black Hawk shunday yo‘l bilan “keyingi haftada” yuboriladi, dedi Selvin.

Uning aniqlik kiritishicha, "bu to‘rtta vertolyot afg‘on uchuvchilarini qayta tayyorlashga mo‘ljallangan", ular hozirda Rossiyaning Mi-17’sida uchishmoqda. Birinchi ikki guruh oktabr-noyabr oylarida mashg‘ulot olib boradi. Ulardan biri (o‘z ichiga 36 uchuvchini olgani) – Qandahordagi aviabazada, ikkinchisi – 25 uchuvchi – Fort Rakerdagi (Alabama shtati) aviabazada.

Pentagon Afg‘oniston HHKni ancha kuchaytirib, bu davlatda 16 yildan beri davom etayotgan urushda tub burilish yasash niyatida. AQSh Mudofaa vazirligi podpolkovnigi Maykl Endryuning xabar berishicha, to‘rt yillik rejaga asosan afg‘onlarga 159 ta UH-60 va 150 ta ko‘p nishonli MD-530 Cayuse Warrior vertolyotlarini topshirish mo‘ljallangan. Bundan tashqari, qo‘shimcha oltita turbovintli A-29 Super Tucano hujumchi samolyoti, shuningdek, beshta bir motorli turbovintli S-208 Combat Caravan samolyotlari ham beriladi.

AQSh Kongressi joriy yil boshida Afg‘oniston HHKni kuchaytirish uchun 814 mln dollar ajratdi. Pentagon bu mablag‘larga 53 ta UH-60, 30 ta MD-530F, qo‘shimcha A-29 va S-208’larga buyurtma berdi.

Black Hawk’lar esa avval ishlatilgan bo‘lib, mudofaa vazirligi vakillari ular jiddiy ravishda modernizatsiya qilinishini ma'lum qilgan. Xususan, ularga yangi dvigatellar va raketa qurilmalari o‘rnatiladi. Shuning uchun UH-60’ning birinchi partiyasi faqatgina 21 oydan so‘ng yuboriladi. Pentagon har yili Kongressdan qolgan 106 ta Black Hawk modernizatsiyasi uchun mablag‘ so‘rashi kerak. 

Pentagon Afg‘onistondan ruslarning Mi-17 vertolyotlarini “siqib chiqarmoqchi” ekanini yashirayotgani yo‘q. Mudofaa vazirligining iyun oyida e'lon qilingan hisobotida ko‘rsatilishicha, “afg‘on HHKning ruslarning Mi-17’sidan UH-60’ga o‘tishi kelayotgan bir necha yil davomida amalga oshadi". Bunday qarorga "Mi-17’ga xizmat ko‘rsatishning murakkabligi va bunga xarajatlar ko‘payib ketayotgani" bilan izoh berilgan.

Military Times ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston HHKda ayni damda 78 ta Mi-17 bor, ulardan 18 tasi umuman foydalanilmaydi.

Pentagonning ishontirishicha, afg‘on uchuvchilarini qayta tayyorlash uchun atigi 12 hafta ketadi. Yangi uchuvchilar esa 9-13 oy ichida tayyorlanadi. Pentagon yaqin ikki yil ichida kamida 100 nafar afg‘onistonlikni UH-60 va MD-530’da uchishga o‘rgatishi lozim.

Top