18:00 / 21.09.2017
78120

Sudyaning «g‘aroyib» qarori yoxud sudya doim haqmi?

Tahririyatga kelib tushgan navbatdagi murojaat suddagi tanish-bilishchilik munosabatlari haqida.

Unda aytilishicha, «O‘zsanoatqurilishbank» AT bankida mehnat qilib kelgan D.Rajapov sog‘lig‘ini tiklash maqsadida joriy yilning 20 fevralida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini ochtirgan. Oradan bir necha kun o‘tib, 27 fevral kuni u ishdan bo‘shatilgani haqida xat oldi. Mehnat kodeksining 100-moddasiga ko‘ra, ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan mehnat shartnomasi D.Rajapov hali ishlab turgan kuni, 17 fevralda bekor qilingan bo‘lib, KUN.UZ jurnalistining surishtiruvi davomida bu jarayonda bir nechta qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi.

Xususan, ushbu kodeksning 101-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning, Kasaba uyushma organining xodimni ishdan bo‘shatishga roziligini olish uchun yozma taqdimnomasini kiritmaguncha jarayon davom etmaydi. Jurnalistning aniqlashicha, bank raisi o‘z nomiga kiritilgan bildirishnomaga ustxat qilgan holda, Rajapov masalasini «tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun» bank Kasaba uyushma organiga yo‘naltirgan. Bu holatda Kasaba uyushma organining raisi alohida mustaqil shaxs ekanini hisobga olsak, unga alohida taqdimnoma kiritilishi mantiqqa to‘g‘ri keladi.

Nazariy jihatdan, bankdagi Kasaba uyushmasi organi 17 fevralga qadar D.Rajapov ishini muhokama etib, uni ishdan bo‘shatishga rozilik berish yoki bermaslik qarorini taqdim etishi kerak. Muhokama yig‘ilishini tashkil etishda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining 2016 yil 19 apreldagi 2-11-son qarori bilan tasdiqlangan tartibga rioya qilgan holda, D.Rajapov taklif etilishi majburiy, bu haqda dalolatnoma tuziladi. Ammo jurnalist bilan suhbatda bo‘lgan bank xodimi ana shu qoida amalda o‘z aksini topmaganini aytib bergani bizni taajjubga soldi.

D.Rajapov shu va boshqa tafsilotlarga asoslangan holda, hujjatlar eski sana bilan rasmiylashtirilganidan gumon qilib, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Uyushma tomonidan o‘z vaqtida, qonun doirasida amaliy yordam ko‘rsatish hamda uni ishga tiklash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilmagach, D.Rajapov Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritishga qaror qildi.

KUN.UZ jurnalisti olib borgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, sudda Rajapovning qonuniy manfaatlari tuman prokuraturasi tomonidan himoya qilinishi lozim bo‘lsa-da, sudga taqdim etilgan dalillar va sudda 3-shaxs sifatida ishtirok etgan Davlat mehnat huquqi inspektori A.Esonovning mehnat shartnomasini bekor qilishda mehnat qonunchiligi talablari qo‘pol ravishda buzilgani to‘g‘risidagi asosli xulosalari e'tibordan chetda qolganday, oqibatda tuman prokuraturasi tomonidan da'voni qanoatlantirmaslik to‘g‘risida fikr berilgan. Tuman prokurorining yordamchisi A.Ismatulloyev taqdim etgan yozma fikrida «ishni yakunlash arafasida ekanligini» bayon qilib, sudda aniqlangan holatlarga izoh bermay arizani qanoatlantirilishini rad etgan. Shunday qilib, sud ishi tugatildi.

Bu ma'lumot va amaliyotlar xodimni ishdan bo‘shatish jarayoniga, odil sudlovni amalga oshirishga katta ta'sir qiladi, ammo nega sudya bularni to‘liq o‘rganib chiqmadi?

Tushunarsiz qarorlarni qabul qilinishiga nima sabab bo‘lganini o‘rganishga qiziqqan KUN.UZ jurnalisti O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.M.Rafiqov D.Rajapovni ishdan noqonuniy bo‘shatgan «O‘zsanoatqurilishbank» bank boshqaruv raisi A.Q.Mirsoatovning otasi, qolaversa, Yunusobod tuman prokurori X.Q.Mirsoatov esa uning akasi ekanini aniqladi. Bunday tasodifning paydo bo‘lishi kuzatuvchida shubha tug‘dirishi turgan gap.

Shuningdek, sud protsesslarida javobgar vakili sifatida FIB Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida o‘zining sudyalik faoliyatini 2017 yil mart oyida tugatib, bankka huquqshunos lavozimiga qaytgan A.Nazarov ismli shaxs qatnashgan. Ishni ko‘rayotgan sudya F.Xudayberdiyeva bilan ko‘p yillar birga yonma-yon ishlashgani sud va bank o‘rtasida hosil bo‘lgan korporativ manfaatning bir bo‘lagi sifatida da'vo ishini olib borishga ta'sir qilgan bo‘lishi mumkinmidi, degan tabiiy savol paydo bo‘ladi.

Fuqaro D.Rajapov birinchi instansiya sudining qaroridan norozi bo‘lib, FIB Toshkent shahar sudiga kassatsiya tartibida shikoyat kiritadi. Sud jarayonining adolatli tarzda o‘tkazilishini hamda shaffofligini ta'minlash maqsadida sudga ommaviy axborot vositalari vakillari sifatida «Toshkent» telekanali muxbirlarini jalb etmoqchi bo‘lgan da'vogar sud jarayonlari boshlanmasidan 2 kun oldin bu haqda shahar sudi raisi vazifasini bajarib turgan I.Boltaxodjayevani yozma ravishda xabardor qilgan. Bundan tashqari, prokuratura idoralarining vakillari sudlarda uning qonuniy huquqlari tiklanishiga qarshi xulosalar berib kelayotgani, javobgar — ish beruvchi A.Mirsoatovning prokuratura idorasida yaqin qarindoshi, ya'ni akasi borligi va odil sudlovning amalga oshirilishiga ushbu omil g‘ov-to‘siq bo‘layotgani sababli prokuror ishtirokini rad etish to‘g‘risida sud jarayonlari boshlanmasidan 1 kun oldin kassatsiya instansiyasiga ariza taqdim etgan.

Odil sudlovni ta'minlash maqsadida yuqoridagi kabi bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishga intilishlar FIB Toshkent shahar sudining kassatsiya instansiyasi sudyalari A.Abdullayev, G.Mirzayeva, U.Almamedov tomonidan rad etildi. 2017 yil 18 avgust kuniga belgilangan sud majlisi boshlanishi bilanoq televideniye xodimlari tomonidan sud jarayonini tasvirga olish to‘g‘risidagi masala muhokamaga qo‘yilib, sud javobgar vakillaridan fikr so‘raganida, ular bank siriga doir ma'lumotlar oshkor bo‘lishini bahona qilgan bo‘lsa, prokuratura xodimi A.Aytmuratov «ko‘cha kiyimida» kelganini, ustida formasi yo‘qligini ro‘kach qiladi (sud majlisi bayonnomasida prokurorning ushbu gaplari o‘z ifodasini topgan). O‘zbekiston Respublikasi «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 5-moddasida jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida sudlarning ochiq majlislarida hozir bo‘lish, shuningdek ma'lumotlarni zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqlariga ega ekani belgilab qo‘yilganini va bu Qonun bugungi kunda amalda bo‘lib, o‘z kuchini yo‘qotmaganini, Fuqarolik-protsessual kodeksida ommaviy axborot vositalari vakillarining sud jarayonini tasvirga olishlarini taqiqlovchi moddalar mavjud emasligi hech kimning yodiga tushmagan, shekilli.

Ammo sud da'vogarning har tomonlama qonuniy asoslangan fikrlarini inobatga olmasdan «bank siriga oid ma'lumotlar oshkor bo‘ladi» degan xulosa bilan uning iltimosini rad etadi. Sudyalar bu o‘rinda ishga aloqasi bo‘lmagan «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunni tushunarsiz tarzda talqin qilib, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablarini ochiqchasiga inkor etmaganmi? Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: modomiki, sudyalar odil sudlovni amalga oshirmoqchi bo‘lishgan ekan, fuqarolik ishi ochiq sud majlisida ko‘rilayotgan bo‘lsa, jarayonni tasvirga olishga yoki diktofondan foydalanishga nima uchun qonunni buzgan holda qarshilik ko‘rsatishdi?

Fuqarolik-protsessual kodeksining 338-moddasida «Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ishni ko‘rish bilan bog‘liq barcha masalalarga oid iltimosnomalari va arizalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari tinglanganidan keyin sud tomonidan hal qilinadi», deb belgilab qo‘yilgan. Bu o‘rinda faqatgina ishni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar, ya'ni protsessual tartiblarga oid ishga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan masalalar xususida gap ketmoqda.

Da'vogarning prokuror ishtirokini rad etish to‘g‘risidagi arizasining muhokamasi ham ana shunday tarzda yakun topgan. Sud FPKning 25-moddasiga tayanib raddiyani qanoatlantirmaslik to‘g‘risida chiqargan ajrimini prokuratura xodimi A.Aytmuratov ishning pirovard natijasidan manfaatdor emasligi va taraflarning qarindoshi emasligi bilan asoslagan. Lekin ajrim chiqarishda 25-moddadagi normaning «yoxud rad etiluvchining xolisligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa, rad etiladi» degan ahamiyatli tomoni e'tibordan chetda qoldirilgan. Da'vogar D.Rajapov A.Aytmuratovni aynan xolisligiga shubhasi borligi sababli rad etgandi.

Agar do‘ppini bir chekkaga qo‘yib o‘ylasak, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon sudyalarni sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotda o‘z ifodasini topishi, fuqarolarning haq-huquqlari yuksak darajada himoya qilinishi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishga undashi zarur emasmi?

Bir necha oy ilgari OAV orqali O‘zbekiston xalqiga murojaat qilib, «fuqarolarning muammolarini hal etishda yaqindan yordam berish orqali ularning buzilgan huquqlarini tiklaymiz va haqiqatni qaror toptiramiz» deya va'dalar bergan shu sudyalar emasmidi?

Unda sudyalar «har bir g‘ayriqonuniy xatti-harakatga «favqulodda holat» sifatida qaraymiz, adolatga xiyonat qilgan xodimlarga nisbatan murosasiz kurashamiz» demaganmidi?

Xulosa o‘zingizdan, o‘ylaymizki, maqolada ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyati qisqa muddatlar ichida xolisona va chuqur o‘rganib chiqib, umumiy tarzdagi xat berish bilan cheklanib qolmasdan, adolatsizliklarni bartaraf etish borasida ko‘rilgan aniq choralar to‘g‘risida tahririyatga batafsil yozma ravishda javob yo‘llaydi.

Alisher Ro‘zioxunov

Kun.uz jurnalisti

Top