09:35 / 21.09.2017
8257

Ustasi farang “targ‘ibotchi”

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda “Transport vositalari huquq targ‘ibotchisi” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbarining kirdikorlari fosh bo‘ldi, deya xabar qilmoqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Joriy yilning avgust oyida viloyat bojxona boshqarmasiga tezkor ma'lumotnoma kelib tushdi. Unda I.Q. rahbarlik qilayotgan tashkilotda ish topish istagida bo‘lgan fuqarolarni bir yarim oy davomida o‘qitib, keyinchalik bojxona tizimiga ishga joylashtirishni va'da qilib, pul talab qilayotganligi qayd qilingan edi. Mazkur ma'lumot asosida Milliy xavfsizlik viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi departamentning tezkor tergov guruhi bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida ma'lum bo‘lishicha, fuqaro I.Q. “Transport vositalari huquq targ‘ibotchisi” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilib, mo‘may daromadga ega bo‘lish maqsadida firibgarlik bilan shug‘ullangan. Fuqarolarga tashkilotga bojxona brokeri sifatida ishga olishini targ‘ib qilgan. Targ‘ib qilishga qilganu, ammo bojxona brokeri nima vazifa bajarishi bo‘yicha hattoki o‘zi tushunchaga ega bo‘lmagan.

Dastlab “ustamon” rahbar xonalarni jihozlash maqsadida ish izlab kelgan fuqarolardan ularni aldab, 200 ming so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini olmoqchi bo‘ladi. Rejani amalga oshirish maqsadida viloyat bojxonasi ro‘parasida joylashgan Farg‘ona magistral kanallar boshqarmasi binosining 4 qavatidagi bitta xonani ijaraga oladi. Bu yerdagi mutasaddilar beparvo bo‘lgani holda, ularni kim ekanini  va nima ish bilan shug‘ullanishini surishtirmaydi. Hatto ijara shartnomasi ham tuzilmaydi.

Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi, deganlaridek, I.Q. fuqaro A. va Z.larni ham o‘z so‘ziga ishontiradi. Muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining bir necha moddalari bilan sudlangan fuqarolar T., B.larning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldiradi, ularga soxta guvohnomalar tayyorlab beradi. I.Q.ning gaplariga ishongan bu kimsalar shahar va tumanlarda faol targ‘ibot ishlarini olib borishadi.

Shu tariqa ular 2017 yilning avgust va sentabr oylarida ushbu guruh ishga kirish istagida bo‘lgan 30dan ziyod fuqarolardan 100-200 ming so‘mgacha pul yig‘ib kelgan. Bu pullarni I.Q. o‘z xarajatlariga ishlatib yuborgan.

Firibgarlikda ustamon bo‘lgan I.Q. boshchiligidagi jinoiy guruhning kirdikorlari qisqa muddatda fosh qilindi. 

I.Q. muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168, 165, 211-moddalari bilan 12 marotaba sudlangan. 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining  165-moddasi bilan aybli deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2017 yilning iyun oyiga qadar Toshkent viloyati Chirchiq shahrida jazoni o‘tab, sudning qaroriga muvofiq, jazoni axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan. Afsuski, fuqaro o‘z qilmishlaridan tegishli xulosa chiqarmagan.

Ayni vaqtda mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'sudjon Sulaymonov

Top