18:32 / 22.09.2017
36954

MXX noqonuniy valyutafurushlarga to‘siq qo‘ymoqda

Foto: Fotolia

O‘zbekistonda valyuta siyosatini va moliyaviy bozorni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri - yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy valyutani sotib olish va sotish hamda valyutasini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish huquqlarini to‘la amalga oshirishni ta'minlashdir.

Shu bilan birga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasini oshirishda valyuta siyosatini liberallashtirishning salbiy oqibatlarini kamaytirishga imkon beruvchi barcha tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlov manzilli chora-tadbirlarini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Biroq, mamlakatda 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Strategiya doirasida Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan, shuningdek valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etishga xalaqit berayotgan salbiy holatlar hamon mavjud. Ularning biri - «qora» valyuta bozorining mavjudligi, u nafaqat mamlakatning moliya-xo‘jalik faoliyati asoslarini zaiflashtiradi, inflyatsiyani tezlashtiradi, balki oddiy fuqarolarni ham «talaydi».
 
Bu holatga qarshi kurashish uchun Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, uning davomida noqonuniy valyutafurushlarni aniqlash bo‘yicha muntazam reydlar o‘tkazilmoqda, bank tizimidagi shubhali tranzaksiyalar kuzatib borilmoqda.

Kuni kecha MXX tezkor xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan birgalikda Navoiy viloyatida bir necha valyutafurushlarni qo‘lga oldilar.

«Maxsus amaliyot davomida Zarafshon shahri fuqarosi O‘tkir Isrofilov qo‘lga olindi, u fuqaro «A.B.»ga bir dollar uchun 8150 so‘mlik kursda 2,5 ming AQSh dollarini 20 million 375 ming so‘mga sotgan. Bundan tashqari, tekshiruv vaqtida qo‘lga olingan shaxsning yonidan 3522 dollar, 41 400 Rossiya rubli, 72 500 Qozog‘iston tangesi, 1 000 Belarus rubli, 360 yevro, 100 Xitoy yuani va 94,1 mln. so‘m aniqlangan», - deya qayd etdi huquq-tartibot idorasi vakili.
 
Tezkor xodimlar yana bir noqonuniy valyutafurushni Navoiy shahri mashinasozlik zavodi oldidagi avtomobil turargohida qo‘lga olishdi. Avval sudlangan Zavqiddin Bozorov sherigi Anis Xudoyqulov bilan fuqaro «X.S.»ga bir dollar uchun 8250 so‘mlik kurs bo‘yicha 3,5 ming dollarni 28 million 875 ming so‘mga sotishga urinishgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament ushbu holatlar bo‘yicha O‘.Isrofilov, A. Xudoyqulov va Z.Bozorovlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan ishlar qo‘zg‘atdi.

Mavzuga oid
Top