18:10 / 22.09.2017
34493

Nyu-Yorkda prezident bilan uchrashgan o‘zbekistonlik talaba: «Harvardda o‘qishimga cizning nutqingiz turtki bo‘ldi»

Foto: O‘zA

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik vatandoshlar uchrashgani haqida xabar berilgandi. Kun.uz​ muxbiri unda ishtirok etgan yurtdoshlarimizdan biri bilan bog‘lanib, uning uchrashuvdan keyingi taassurotlariga qiziqdi.

«Bu juda samimiy va favqulodda qiziqarli o‘tdi. Ochig‘ini aytsam, men o‘zim ham juda hayajonlandim, lekin Prezidentimizning do‘stona gaplari, bizga nisbatan bergan yuqori bahosi - hammamizni darhol tinchlantirdi», deydi Harvard talabasi Nilufar Ko‘chimova.

Nyu-Yorkda tashkil etilgan uchrashuvda turli soha vakillari bo‘lgan 18 nafar o‘zbekistonlik ishtirok etdi. Ulardan aksariyati AQShning moliyaviy poytaxtida yashaydi, shuningdek, mamlakatning obro‘li kompaniyalarida mehnat qiladi.

«Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi qaynab turgan hayotni ko‘rib, atrofdagi odamlarning hammasi o‘z ishlari bilan mashg‘ul ekanligiga guvoh bo‘lib, bizga havas qilayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, mana shunday ulkan jamiyatda har birimiz tinmay harakatda bo‘lib, o‘z maqsadlarimiz sari ildam borayotganimizdan nihoyatda g‘ururlanishini bildirdi. Mamlakatimiz ham rivojlanishi va yuksalishida mana shunday davlatlar tajribasidan foydalanishimiz, bu yerda olgan bilim va mahoratlarimiz yurtimiz ravnaqi uchun sarflanishi zarurligini aytib, yaxshi ishlarga chorladi», deydi hamsuhbat.

Nilufar davlat rahbarining «istalgan paytda O‘zbekistonga qaytib, xalqimiz uchun xizmat qilish, bu borada esa vatandoshlarga zarur hamma shart-sharoitlar yaratib berilishini» bildirgani haqida aytib berdi. Nilufar Ko‘chimova uchrashuvda ishtirok etgan o‘zbekistonliklardan biri bo‘lib, u prezident oldida so‘zlash uchun nutq tayyorlagan. Quyida uning nutqi matni keltiriladi:

«Assalomu alaykum, hurmatli Shavkat Miromonovich! Avvalam bor, muhim ishlaringiz bo‘lishiga qaramay, qimmatli vaqtingizni ayamasdan biz bilan uchrashayotganingiz uchun sizga katta rahmat. Shu fursatdan foydalanib, ushbu uchrashuvni tashkillashtirgan insonlarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Men, Nilufar Ko‘chimova, 23 yoshdaman. Bu yil Harvard universiteti, huquqshunoslik fakultetining magistratura bo‘limiga o‘qishga kirdim. Ushbu nufuzli universitetga o‘qishga topshirishimga sizning nutqlaringiz ham katta turtki bo‘ldi! Prezidentlik faoliyatingizning ilk kunlaridanoq mamlakatimizdagi qonun himoya qilish organlari kamchiliklarni tanqid qildingiz, inson huquqlarini himoya qiluvchi tizimlardagi xodimlarni o‘z vazifalarini haqqoniy bajarishlarini talab qildingiz. Bu sohadagi kamchiliklarni bartaraf qilish, begunohlarni oqlash haqidagi nutqlaringiz nafaqat bizning oilamiz, balki respublikamizdagi minglab kishilarning ko‘nglidagi gaplar edi.

O‘shanda men uchun aziz bo‘lgan inson yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida tinmay qilgan mehnatlariga qaramay, nohaq tuhmatlar bilan ayblangani tufayli oilamiz iztirobda edi. O‘sha kunlarda sizning nutqlaringizni eshitib, jinoiy javobgarlikka nohaq tortilgan ko‘plab begunoh kishilarning oila a'zolarini ko‘zlariga yosh olib, sizni duo qilishganini guvohi bo‘ldik. Sizning ayni o‘sha talablaringiz tufayli ko‘plar qatorida mening dadam ham ozodlikka chiqdilar. Buning uchun biz sizdan juda minnatdormiz!

Bugungi kunda vatanimizda yangilanishlar va o‘zgarishlar jarayoni kechmoqda. Buni jamiyatimizning har bir sohasida kuzatyapmiz. Jumladan, sizning tashabbusingiz va talablaringiz asosida sud va prokuratura tizimida ham ijobiy siljishlar ro‘y bermoqda. Ochig‘ini aytish kerak, ilgarilari odamlar sud va prokuratura xodimlaridan juda qo‘rqishardi, ular noto‘g‘ri qaror chiqarsa ham, ishlari yanada og‘irlashib ketishidan qo‘rqib, har qanday alamlarini ichiga yutib, indamay ketishardi. Oxirgi paytlarda bu narsa o‘zgardi. Xalq o‘z huquqini talab qilishdan cho‘chimayapti. Odamlarda o‘ziga ishonch paydo bo‘ldi. Bu xalqimizning siz tufayli erishgan katta yutuqlaridan biridir! O‘zingiz aytganingizdek, bir noto‘g‘ri qaror chiqarish bilan nafaqat bitta insonning, balki uning oila a'zolariyu, qarindoshlarining ham hayotini iztirobga qo‘yish, ularni yer bilan yakson qilish hech gap emas! Shuning uchun qonun himoya qiluvchi organlar xodimlari nihoyatda saviyali, dunyo qarashi keng, asosiysi esa insofli-vijdonli bo‘lishlari muhim, deb o‘ylayman.

Men bu yerda, huquqshunoslik bo‘yicha kuchli ilmga ega bo‘lgan tajribali professorlardan bilim o‘rganib, kelajakda vatanimiz sud tizimini yaxshilashga, hamda huquqshunoslik oliygohlaridagi o‘qish tizimini tubdan o‘zgartirishga va rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilmoqchiman. Lekin ayni vaqtda men Harvard universitetida tahsil olishim bilan birgalikda huquqshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borishga kirishdim. Kelajakda ushbu ilmiy ishim albatta yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladi, degan umiddaman.

Bugungi kunda butun dunyo yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Ana shunday katta o‘zgarishlarni amalga oshirishda esa har birimiz xorijiy yurtlardamizmi, O‘zbekistondamizmi, qayerda bo‘lishimizdan qat'i nazar o‘z hissamizni qo‘shishishimiz burchimiz deb o‘ylayman».

Suhbat so‘ngida Nilufar bir jumlaga alohida urg‘u bilan to‘xtaldi: «Bo‘lib o‘tgan uchrashuv mendagi vatanparvarlik tuyg‘usini yanada oshirdi. Prezidentning naqadar samimiy ekani, vatanimiz va xalqimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan sa'y-harakatlari nechog‘lik kuchli ekaniga amin bo‘ldim. Shu payt O‘zbekiston farzandi ekanimdan, uning rivoji uchun intilishim zarurligini anglab, ko‘ksimda g‘urur paydo bo‘ldi».

Top