16:40 / 24.09.2017
28167

Ular ketishi mumkin. Messi va shartnomasi tugayotgan yana 10 yulduz

2018 yilda futbol olami yanada katta transferlar guvohi bo‘lishi mumkin. Birgina Lionel Messining «Barselona» bilan shartnomasi tugayotgani va hamon yangi bitim imzolamayotganini hisobga olsak, bo‘lajak yoz bizni katta transferlar bilan siylashini kutishimiz mumkin.

Shu maqsadda Tribuna.Uz 2018 yilning yozida shartnomasi tugaydigan futbolchilar reytingini tuzib chiqdi. Agar bu futbolchilar tez orada yangi shartnoma imzolashmasa, qishdan boshlab ixtiyoriy ravishda yangi klub bilan muzokara o‘tkazishi va jamoani tark etishi mumkin bo‘ladi. FIFA qoidalariga ko‘ra, shartnomasi tugashiga 6 oy qolgan futbolchilarga shunday imtiyozlar beriladi. Quyida ushbu ramziy terma jamoa bilan tanishib olishingiz mumkin.

1. Iker Kasilyas (35 yosh), darvozabon, «Portu»

«Real»da yulduzli onlarini o‘tkazgan darvozabon o‘sha vaqtlarda madridliklar bosh murabbiyi bo‘lib turgan Joze Mourinoga kerak bo‘lmay qolgan va tezda o‘ziga yangi jamoa topgandi — «Portu». Bugungi kunga kelib, endi u Portugaliyani ham tark etish arafasida turibdi.

Buffonning ham shartnomasi kelgusi yilda tugaydi. Ammo uning futbolni tark etishi kutilayotganini hisobga olsak, yozda erkin agentga aylanadigan eng yulduz darvozabon deb bemalol Ikerni ko‘rsatishimiz mumkin.

2. Deyli Blind (27 yosh), himoyachi, «Manchester Yunayted»

Ro‘yxatdan o‘rin olgan eng yosh futbolchi. Mourino o‘zi qurgan jamoada o‘zi olib kelgan futbolchilarni o‘ynatishni yaxshi ko‘radi. Balki shu sababdan niderlandiyalik futbolchi bilan shartnoma uzaytirilmayotgandir. Lekin Blind boshqa jamoaga o‘tsa, ko‘plab jamoalarni kuchaytira olishi mumkin.

3. Joao Miranda (33 yosh), himoyachi, «Inter»

Braziliya terma jamoasida sardor sifatida to‘p surishda davom etayotgan Miranda «Inter» bilan deyarli hech narsaga erisha olmadi. Kelgusi yili 34 yoshda bo‘ladigan futbolchi balki mo‘may pul ishlab olish uchun Osiyo yoki MLSga yo‘l olar?

4. Jorjo Kellini (33 yosh), himoyachi, «Yuventus»

Yozda Leonardo Bonuchchini sotib yuborgan «Yuventus» afsonaviy himoya uchligida birinchi uzilishga sabab bo‘lgandi. Ko‘rinishidan bu bilan cheklanib qolinmaydi...

5. Xuanfran (32 yosh), himoyachi, «Atletiko» Madrid

O‘ng qanotga bo‘lajak yulduz bo‘lishi kutilayotgan Shime Vrsalkoni sotib olgan «Atletiko» bu chiziqning uzoq yillik yetakchisi Xuanfrandan voz kechishi mumkin. Ammo hozircha Vrsalko o‘zidan kutilgan ishonchni to‘liq oqlamoqda deb bo‘lmaydi.

6. Xuan Mata (29 yosh), yarimhimoyachi, «Manchester Yunayted»

O‘z vaqtida «Chelsi»da Mourinoga kerak bo‘lmay qolgan Xuan Mata «MYu»da qaysidir ma'noda bu ishonchni qaytarib olgandek ko‘ringandi. Ammo bir yildan so‘ng vaziyat qanday ko‘rinish oladi, noma'lum. Hozircha Mourino jim.

7. Ander Errera (28 yosh), yarimhimoyachi, «Manchester Yunayted»

Agar Mourino o‘z futbolchilarini olib kelishni yaxshi ko‘radi, desak ularning orasida eski jamoadan qolgan futbolchilar ichida ham onda-sonda «kuzir» topiladi. Errerani xuddi shunday futbolchilar sirasiga kiritish mumkin. Bask futbolchisi Maur kelgach, yangi qirralarini namoyish eta oldi. Ammo hozircha u ham klub bilan yangi shartnoma imzolamadi.

8. Andres Inesta (33 yosh), yarimhimoyachi, «Barselona»

«Barselona»nig uzoq yillik yetakchisi so‘nggi vaqtlarda klub ichki tizimida kuzatilgan inqirozdan so‘ng jamoani tark etishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. «Barselona» barchasini uning ixtiyoriga qoldirgan. Klub afsonasi qolish yoki ketish masalasini o‘zi hal qilishi kerak.

9. Mesut O‘zil (28 yosh), yarimhimoyachi, «Arsenal»

«Arsenal» sobiq yulduzlaridan keskin tanqid qilinayotgan germaniyalik futbolchi, bu gaplarni o‘yini bilan inkor qilish o‘rniga matbuot orqali javob berishga urinmoqda. Kim haq degan savolga esa O‘zil ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatib ham bilib olish qiyin emas. Aftidan yozda «Arsenal» eng qimmatbaho futbolchilaridan biri bilan tekinga xayrlashadi.

10. Lionel Messi (30 yosh), hujumchi, «Barselona»

Messi «Barselona»da qoladi, degan fikrni har bir «Barsa» ishchisi aytayotgan bo‘lsada, Messi hamon yangi shartnomaga qo‘l qo‘ymayapti. Aslida avgustdayoq imzolanishi kerak bo‘lgan shartnoma nega hali ham amalga oshmaganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu yerda bizga ma'lum bo‘lmagan aniq sabab bor. Xullas yoz hozircha «qaynoq» kelishini va'da qilmoqda.

11. Aleksis Sanches (28 yosh), hujumchi «Arsenal»

Transfer oynasining so‘nggi kuniga qadar Gvardiola qo‘li ostida o‘ynashni istagan Aleksisni «Arsenal» qo‘yib yubormadi. Ammo bu bilan jamoa faqat yutqazishi mumkin. Yanvardayoq futbolchi «Siti»ga ketishi kutilmoqda. Ammo endi uning narxi kutilganidan uch baravar arzon bo‘ladi. «Arsenal» uch oyda yutgani shu bo‘ladi. Transfer yozga qolsa-ku Sanches bo‘lajak jamoasiga tekinga tushishi aniq.

Azamat Murodov tayyorladi

Top