18:22 / 25.09.2017
15616

Kim o‘zi bu Dzappakosta?: «Chelsi»ning bo‘lajak yulduzi haqida

Transfer darichasining so‘nggi kuni Davide Dzappakosta «Chelsi» bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. «Ko‘klar»ning muxlislari darhol guglga kirib, yangi futbolchi haqida ma'lumot izlay boshlashdi – kim o‘zi bu Dzappakosta? Aksariyat muxlislar unchalik taniqli bo‘lmagan italiyalikning transferidan xafa bo‘lishdi, axir xuddi shu pozitsiya uchun Aleks Oksleyd-Chemberleyn asosiy da'vogar bo‘lib turgan edi.

Dzappakosta «Lester»ga qarshi o‘yinning 2-bo‘limida debyut qildi va yomon taassurot qoldirmadi. Oradan uch kun o‘tib, 12 sentabr kuni, «Qorabog‘»ga qarshi kechgan Chempionlar Ligasi o‘yinida esa, ilk golini nishonlab ham ulgurdi. Lekin baribir, mana shunday ajoyib startdan keyin ham, 25 yoshli qanot futbolchisi ko‘pchilik uchun sirligicha qolmoqda – kim o‘zi bu Dzappakosta?

Davide 1992 yilning 11 iyunida Italiya markazidagi Sore shaharchasida tavallud topdi. Futbolga bo‘lgan mehr unda o‘z vaqtida iqtidorli hujumchi bo‘lgan, hozirda murabbiylik qilayotgan otasidan o‘tgan. Qahramonimiz 5 yoshidanoq mahalliy klubning bolalar jamoasiga qo‘shildi. Uning birinchi ustozi Mario Borza bo‘lgandi. 2008 yilda esa, u Isola Liriga o‘tdi, uni darvozabon Palladinelliga almashtirishgandi.

Davidening o‘smirlik yillari hech qanday to‘siqlarsiz o‘tdi, har bir murabbiy uni alohida e'tirof etar, uning mehnatkashligi, har bir yo‘nalishda o‘sishga erishayotgani ta'kidlanardi. Keyingi bosqich ko‘p kuttirmadi, yosh futbolchi o‘sha paytda Sandro Grossi boshqarayotgan «Isola Liri»ning asosiy tarkibiga jalb etildi. Shundan so‘ng, Davidening o‘sishi tezlashadi – S2 Seriyada 14 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urgan futbolchi «Atalanta» skautlarining nazariga tushadi va 2011 yilda u endi La Dea ixtiyoriga o‘tadi. To‘g‘ri, bargamoliklar yosh futbolchi S Seriyada ham ma'lum vaqt tajriba to‘plashini istadilar va «Avellino» klubiga ijaraga berdilar.   

«Avellino» tarkibidagi ilk mavsumda Davide 27 o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa-da, u qadar yorqin kechmadi. Balki shuning uchunmi, «Atalanta» futbolchining yarim transfer huquqini «Avellino»ga sotishga rozi bo‘lib qo‘ya qoldi. «Chelsi»ning bo‘lajak o‘yinchisi uchun ikkinchi mavsum ham u qadar muvaffaqiyatli kechmadi, ammo aynan o‘sha 2012/13 mavsumida Davide S Seriyadagi ilk golini urdi, klub esa, V Seriyaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Foto: Avelino

Yangi mavsumga tayyorgarlik oldidan bosh murabbiy Rastelli jamoa sxemasiga o‘zgartirish kiritishga jazm qildi. 4-3-1-2 o‘rniga 3-5-2 keldi va o‘ng qanot literali vazifasi Dzappakostaga yuklandi. Aynan mana shu yangi sxema futbolchining bor salohiyati ochilishiga katta turtki berdi. 2013/14 yilgi mavsum sorelik himoyachi uchun katta ahamiyat kasb etdi, mutaxassislar uning o‘yinini maqtab, mavsumning kashfiyotlaridan biri sifatida e'tirof etishdi. 

B Seriyada Davide 32 o‘yinda maydonga tushdi, ikki gol urib, bir marotaba golli uzatmani amalga oshirdi. U himoyada ham, hujumda ham ulgurib harakat qila olar, butun o‘ng qanotni o‘z nazorati ostida ushlab turardi. Italiyada hatto uni terma jamoaning kelajagi sifatida ko‘ra boshladilar. Albatta, darrov «Yuventus», «Roma» va «Milan» jamoalaridan qiziqishlar paydo bo‘lganining hayratlanarli joyi qolmagandi. Lekin, jiddiy taklif hali bo‘lmayotgandi.

Foto: Tuttosport

«Atalanta» futbolchining transfer huquqini qaytadan sotib oldi va Bergamoda bir paytlar katta umid bog‘langan futbolchiga yana bir bor imkoniyat berildi. Shu tariqa, 2011 yilda «Atalanta»ga kelgan Davide oradan 3 yil o‘tib, baribir, bu jamoada debyut qilishning uddasidan chiqdi. U A Seriyadagi o‘zining ilk o‘yinini 2014 yilning 31 avgust kuni «Verona»ga qarshi o‘tkazdi, 2015 yilning yanvarida esa, uning yana bir orzusi amalga oshdi – «Jyenoa» darvozasiga gol urdi. Ilk mavsumni Dzappakosta 3 gol va 1 assist bilan yakunladi. 

Eng muhimi, Dzappakosta Bergamoda «o‘ziniki» bo‘la oldiki, bu Italiyada hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Qanotlardan reydlar, o‘ng qanot hokimiga aylanish, juda ham xavfli to‘p uzatishlar va shu bilan birga himoyadagi ishonchli harakatlar tiffozining mehrini qozonish uchun yetarli edi.

«Atalanta» bosh direktori Perpaolo Marino ham Davidening o‘yinlariga ishqiboz ekanini aytib charchamasdi:

«Dzappakostaning orqasida men borman. Unga ilk bor Bergamoga kelganidayoq, e'tibor qaratganman. O‘shanda u menga yoqqandi. Davide – juda kamtar yigit, menga ko‘proq Dzambrottani eslatadi».

«Atalanta»dagi hayot juda maromiga tushib olgan bo‘lsa-da, Davide yangi chaqiriqlar uchun tayyor edi. Bruno Peresga o‘rinbosar qidirayotgan «Torino» e'tiborini Dzappakostaga qaratdi. 2015 yilning iyulida Davide Daniyelle Bazelli bilan birgalikda «Torino»ga ko‘chib o‘tdi. Futbolchilar uchun 10 million yevro to‘lashdi.

Foto: Football Italia

2015/16 mavsumda Bruno Peresning soyasi ostida qolgan Dzappakosta keyingi yildan katta qadamlar tashlay boshladi. Uning Belottiga uzatgan ajoyib to‘p uzatmalari «Torino» o‘yinining muhim qismi bo‘lib qoldi. U xuddi qo‘li bilan tashlab berayotgandek Andreaning boshini to‘pni «qo‘ndirib qo‘yar», hujumchiga gol urishdan boshqa variant ham qolmasdi. Shuningdek, qahramonimiz Italiya terma jamoasiga ham chaqiruv oladi va 2016 yilning noyabrida Lixtenshteynga qarshi ilk o‘yinini o‘tkazadi.  

Yuqori saviyadagi mavsumdan so‘ng, tabiiyki, Dzappakosta yanada yuqoriga ko‘tarildi. Faqat yangi jamoa ko‘pchilik kutganidek, A Seriyaning grandlari emas, Antonio Kontening «Chelsi»si bo‘ldi. Davideni uzoq vaqtdan buyon kuzatib yurgan Kontening o‘zi ushbu transferni londonliklardan talab qildi. «Chelsi» o‘ng qanotini Dzappakostaga ishonish orqali Konte birinchi navbatda Mozesga o‘rinbosar topgan, shuningdek, jamoaning himoyaviy o‘yinini yanada kuchaytirib, uslubda rang-barangliklarni yaratish uchun katta sharoit yaratib olgandi. Mozesdan farqli ravishda, Dzappakostadan kerak bo‘lganda, to‘rt himoyachi bilan o‘yinlarda ham qanotda foydalanish mumkin bo‘lardi.

Foto: BBC Sport

Albatta, ingliz muxlislarini tushunish mumkin. Ular yanam mashhurroq, yulduzroq futbolchini kutgan bo‘lishlari tabiiy. Ammo italiyalik himoyachining kelajakda «Chelsi»ning almashtirib bo‘lmas a'zosi bo‘lishi uchun hammasi tayyordek. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Markos Alonso haqida ham hech kim bilmas, ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘lgan bu transfer ham «Chelsi»ning eng omadli qarorlaridan biri bo‘lib chiqqandi. Aynan «Chelsi» va uning murabbiyi Davidega nihoyat haqiqiy yulduz futbolchi bo‘lishida tramplin vazifani o‘tashi mumkin. Ana o‘shanda, nihoyat, Skuadra Adzura o‘ng qanotiga Dzambrotta davridan beri ilk bor, malakali, saviyali va yulduz futbolchiga ega bo‘ladi, o‘z navbatida «Chelsi» muxlislarining avgust oxirlaridagi eng mashhur savollari ham unutiladi -  «Kim o‘zi bu Dzappakosta?». 

 

Sports.ru materiali asosida

Top