20:27 / 26.09.2017
47736

Dunyoning eng qimmatbaho futbolchisi qanday yashamoqda?

Futbol tarixidagi eng qimmatbaho transfer 3 avgust kuni amalga oshdi — mojaroli xabarlardan keyin Neymar «Barselona»dan Parijga keldi. Shundan buyon bir yarim oy muddat o‘tdi — Neymar o‘ynamoqda, gollar urmoqda va jamoadoshlari bilan bahslashmoqda.

Neymar kuniga 100 ming yevro topadi. Hatto o‘ynamasa ham
Braziliyalik futbolchining «Barselona»dan «PSJ»ga o‘tishi bo‘yicha gaplar futbol olamidan tashqarida ham muhokama qilindi: fransuzlar klubi rahbarlari, qatarlik shayxlar «Barselona»ga braziliyalik futbolchi uchun 222 million yevro to‘lab berdi. Neymar bilan shaxsiy shartnoma bandlari esa ko‘p vaqt sir tutildi. Braziliyalik futbolchi juda ko‘p olishini hamma bilardi, ammo aynan qancha ekanini hech kim ayta olmasdi.

Sentyabrda esa Spiegel va Football Leaks nashrlari Neymarning oylik maoshi miqdori 3 million yevroni tashkil qiladi. Bu esa kuniga yuz ming yevro degani — Neymar o‘ynamagan va mashg‘ulot o‘tkazmagan kunlar uchun ham pul to‘lanadi.

U samaradorlik ko‘rsatmoqda
Neymar «PSJ» uchun 6 o‘yin o‘tkazdi — Fransiya chempionatida 5ta va Chempionlar ligasida bitta. 6 o‘yinda u 5 gol urdi va 6ta golli pas berdi, u maydonga tushgan o‘yinlarda jamoa g‘alaba qozondi.

«Tuluza» bilan o‘yinda u 2 gol urib, 3 marta golli pas muallifi bo‘ldi, shuningdek, penalti ishladi.

Neymar va Edinson Kavani mojarosi
Edinson Kavani — Neymar kelguniga qadar Parij klubining asosiy hujumchisi va asosiy to‘purari edi. Tashqaridan qaralsa, braziliyalik va urugvaylik bu ikki futbolchida hammasi joyidadek ko‘rinadi, ular birga hujumlar qilishadi, Neymarning paslaridan keyin Kavani gol urardi, ular gollarini birgalikda nishonlashardi.

Lekin baribir bu ikki yulduz o‘rtasida taranglik kelib chiqdi. Bu «Lion» bilan o‘yinda yuzaga chiqdi: avvaliga futbolchilar jarima zarbasini kim ijro etishi borasida bahslashishdi, Dani Alves to‘pni olib qo‘yib uni Neymarga uzatdi. Neymar zarbani yaxshi ijro etdi, darvozabon uning zarbasini bartaraf etdi. Ko‘p o‘tmasdan «PSJ»ning yana bir yangi futbolchisi Kilian Mbappe raqib himoyachilari tomonidan yiqitildi va penalti belgilandi, Neymar to‘pni tepishga chog‘langan Kavanining oldiga kelib, to‘pni so‘radi. Urugvaylik futbolchi rad etib, uni ketkazib yubordi. Va penaltidan gol ura olmadi.

«PSJ» mashg‘ulotlariga tashrif buyurgan jurnalistlar Neymar klubdagi braziliyalik futbolchilar davrasida ekani, Kavani esa Neymarga yaqinlashmaganini payqashgan.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Dani Alves tomonlarni yarashtirish uchun ziyofat tashkillashtirgan.

Neymar jarohat olishga ham ulgurdi
Fransiya chempionatining 6-turida «PSJ» «Monpele» bilan o‘ynadi — hamma e'tibor qaratgan jihat yulduz futbolchilar bu mojarodan keyin maydonda o‘zlarini qanday tutishi bo‘lgandi? Ammo Neymar bu o‘yinda qatnashmadi. Murabbiy Unai Emeri Neymarda kichik jarohat borligini aytdi. U shuningdek, Dani Alvesni ham maydonga tushirmadi. Bu sababmi, yo‘qmi, «PSJ» Neymarsiz ochko yo‘qotdi. Bu parijliklar mavsumda ilk marta g‘alaba qozona olmagan o‘yin bo‘ldi (O‘yinda eng xavfli vaziyat Kavani ijrosida bo‘ldi, ammo u qulay imkoniyatdan foydalana olmadi).

27 sentabr kuni «PSJ» Chempionlar ligasida «Bavariya» bilan o‘ynaydi, Neymar bu o‘yinda maydonga tushishi kerak bo‘ladi. Bu o‘yin uning yangi klubi safidagi birinchi eng jiddiy o‘yin bo‘lishi kutilmoqda.

Top