13:54 / 26.09.2017
10496

Oshkor bo‘lgan qing‘irlik

Orzimurod Nuriddinov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2006 yildan buyon “Umidobod” xususiy korxonasida rahbar bo‘lib ishlardi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Chakana savdoni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomasini olib, 2011 yil 1 yanvardan 2016 yil maygacha bo‘lgan vaqtda “imi-jimi”da faoliyat yuritgan O.Nuriddinov qing‘ir faoliyati vaqti kelib oshkor bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan edi. Shuning uchun u qolipli non mahsuloti ishlab chiqarib, sotish maqsadida Buxoro viloyati hokimligining viloyat aholisini non mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, “Kogondonmahsulotlari”, “Qoraqo‘ldonmahsulotlari” va “Buxorodonmahsulotlari” aksionerlik jamiyatlaridan imtiyozli narxlarda berilgan 1 mln. 545 ming kilogramm unni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib oladi. Shundan 1 mlrd. 672 mln. 935 ming so‘mlik ishlab chiqarilgan un mahsulotini chakana savdo yo‘li bilan pullaydi. Bankka esa mahsulotlarni sotishdan tushgan 959 mln. 123 ming so‘m pulni topshirib, “Tuya ko‘rdingmi? Yo‘q!” qabilida turaveradi. 713 mln. 818 ming so‘m miqdordagi naqd pulni nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazib ham o‘tirmaydi. Bu bilan u tovarlar savdosi va xizmat ko‘rsatish qoidalarini qo‘pol ravishda buzadi.

Shaxsiy manfaati yo‘lida qonunga chap bermoqchi bo‘lgan qonunbuzar sud oldida javob berdi. O.Nuriddinov O‘zbekiston Respublikasi JKning 189-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga oylik ish haqining 30 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish jazosi tayinlandi.

Top