15:49 / 27.09.2017
8771

Oliy tibbiy ta'limning kasbiy fanlar bloki kengaytirildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun 27 sentabr kuni Milliy matbuot markazida “Tibbiy ta'limdagi islohotlar — mamlakatimiz tibbiyot sohasining taraqqiyot mezonlaridan biri” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.

Tadbirda ta'kidlanishicha, tibbiyot xodimlarini tayyorlash borasida to‘plangan tajribalar bu sohani, ayniqsa, o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish vaqti kelganini ham ko‘rsatmoqda.

O‘quv soatlari tahlil qilib o‘rganganilganda, o‘quv dasturlaridagi mavzularning 15 foizi va hatto undan ortig‘i qaytarilish holatlari mavjudligi aniqlandi. Bundan tashqari, bakalavriat va magistratura bosqichidagi o‘quv reja va dasturlarda mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlarning ko‘pligi ham talabalarning ortiqcha vaqtini olib, ixtisoslik bo‘yicha bilim olishiga sezilarli ta'sir qilib kelayotgandi. Yana bir muammoli holat — ta'lim jarayoniga tibbiyot sohasidagi zamonaviy bilimlarni kiritishda vujudga kelgan qiyinchiliklar bilan bog‘liq edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan oliy tibbiy ta'limning klinikagacha bo‘lgan va klinik fanlar bloklari bo‘yicha o‘quv soatlari salmog‘i oshirilishi, oliy tibbiy ta'lim standartlarini qayta ko‘rib chiqish belgilandi. Shunga ko‘ra, bakalavriat bosqichi uchun davlat ta'lim standartlari qayta ishlab chiqilmoqda, ya'ni kasbiy fanlar bloki kengaytirilib, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar blokini 7 foizgacha qisqartirish, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmini 85 foizgacha ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Avvalgi Davlat ta'lim standartlarida belgilangan o‘quv rejalarida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki bo‘yicha o‘quv soatlari hajmi 15-20 foizgacha edi. Asosiy mutaxassislik bo‘yicha esa 40-50 foizni tashkil qilardi. Bu islohot oliy tibbiy ta'limning birinchi bosqichidan boshlab, bo‘lajak shifokorning sohaga doir bilimlarini shakllantirishiga keng imkoniyatlar yaratadi.

Top