22:44 / 27.09.2017
25118

«VIM-Avia» mashmashasi: 16 ming yo‘lovchi sarson, Putin ham aralashdi, samolyotlar qarz uchun hibsga olingan

Qiyinchiliklar girdobida qolgan va bankrot bo‘lish arafasida turgan Rossiyaning «VIM-Avia» aviakompaniyasi chipta xarid qilgan yo‘lovchilarni manzilga tashib qo‘yish uchun 840 million rubl davlat kafolati so‘radi. Ayni paytda dunyoning turli aeroportlarida 16 mingdan ziyod sayyohlar «Vim-Avia» aviakompaniyasi tomonidan ko‘zlangan manziliga yetkazilishini kutishmoqda.

Rossiya elektron nashrlarini kuzata turib, «VIM-Avia» aviakompaniyasi atrofidagi mashmashalar haqidagi qisqacha tafsilotlarni sizga yetkazishga qaror qildik.

25 sentabr kuni aviakompaniya moliyaviy qiyinchiliklar tufayli charter parvozlarini bekor qilishini e'lon qilgan.

Foto: RIA "Novosti"

Biri biridan vahimali xabarlar tarqala boshlagach, «Rosaviatsiya» aviakompaniyada rejadan tashqari tekshirishni boshlab yuborgan. Aniqlanishicha, reyslarning ushlanib qolayotganiga «VIM-Avia»ning yoqilg‘i yetkazib beruvchilar oldidagi qarzdorligi sabab bo‘layotgan ekan. RF transport vazirligi vaziyatni o‘z nazoratiga olgan, RF tergov qo‘mitasi esa «yirik miqdordagi firibgarlik» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ham ochgan.

Joriy yildagi sayyohlik mavsumi oxirigacha aviakompaniya turli kurortlarga 50 mingdan 80 minggacha yo‘lovchini eltib qaytarishi kerak edi. Umumiy hisobda aviakompaniya 190 ming yo‘lovchiga chipta sotgan.

Bu orada «VIM-Avia» aivakomaniyasining egalaridan biri Rashid Mursekayev seshanba kuni Rossiyani tark etgani aytilmoqda. U «Sheremetevo» aeroporti orqali Turkiyaga qochgan.

Vaziyatdan xabar topgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin transport vaziri Maksim Sokolovning «po‘stagini qoqqan». Unga «VIM-Avia» aviakompaniyasi atrofidagi mashmashalar tufayli xizmat vazifasiga noloyiqligi haqida ogohlantirish berilgan. 

Foto: RIA "Novosti"

«Agar ushbu vaziyatni tezda va samarali hal qila olsangiz, biz Dmitriy Anatolevich (Medvedev) bilan sizning bu xizmat vazifangizga chala loyiqligingiz uchun sizni nima qilish kerakligini o‘ylab ko‘ramiz. Agar hal qila olmasangiz ham baribir o‘ylab ko‘ramiz», — degan Putin Sokolovga vazirlar mahkamasi a'zolari bilan uchrashuvda.

Ayni paytda charter parvozlarini yakunlagan «VIM-Avia» aviakompaniyasi samolyotlaridan ayrimlar Turkiya va Belgiya aeroportlarida ushlanib turilibdi, degan «Rosaviatsiya» rahbari Aleksandr Neradko Davlat Dumasida chiqish qila turib.

«Hozircha charter reyslar bilan xorijga uchgan yo‘lovchilarni aviakompaniya o‘z kuchi bilan qaytarib olib kelish-kela olmasligi tushunarsiz bo‘lib turibdi. Qarzlari uchun aviakompaniyaning samolyotlari Turkiyaning Antaliya va Dalaman aeroportlarida, shuningdek, Belgiyaning Lej aeroportida ushlanib turibdi», — degan Neradko.

Top