14:00 / 29.09.2017
12133

Abdulaziz Komilov: Afg‘oniston muammo bo‘lishi kerak emas

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga bo‘lgan tashrifi doirasida o‘zbek diplomatiyasining yangi trendlariga bag‘ishlangan sessiya vaqtida ma'lum qilishicha, Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha aniq sanalar hozircha aniqlanmagan.

“Kun tartibi biz qilgan va hozirda shug‘ullanayotgan masalalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Biz Afg‘onistonda murakkab holat saqlanib qolayotganiga qaramay, savdo-iqtisodiy, gumanitar aloqalarni davom ettirmoqdamiz. Afg‘oniston – bizning qo‘shnimiz. Umumiy chegaraga egamiz. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu davlat hududida bir necha million o‘zbeklar istiqomat qiladi. Biz Afg‘oniston bilan tarixiy, chuqur madaniy, gumanitar aloqalarga egamiz. 

Aniq kun tartibiga keladigan bo‘lsak, gap bizning iqtisodiy o‘zaro munosabatlarimizni mustahkamlash, O‘zbekistonning transport, yo‘l kommunikatsiyalariga aloqador qator loyihalardagi ishtirokini muhokama qilish hamda Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat bo‘yicha fikrlar almashish haqida ketmoqda.

Shuni aytib o‘tmoqchimanki, Afg‘oniston muammo emas, balki umumiy mintaqamizda tinchlik, farovonlik va barqarorlikni o‘rnatish jarayonining bir qismi bo‘lishi kerak”, - dedi Abdulaziz Komilov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston prezidenti oktabrda O‘zbekistonga kelishi xabar qilingandi.

Top