08:07 / 29.09.2017
117448

Chevrolet Lacetti’ni sevish va uni yomon ko‘rish uchun 5 sabab

Muxlislarimizning istaklariga quloq tutib, munosib deb atash mumkin bo‘lgan avtomobillardan birini nega sevishlari-yu, undan nega nafratlanishlari haqidagi ma'lumotni e'lon qilishga qaror qildik. Chevrolet Lacetti muhabbatga ham, nafratga ham sazovor bo‘lgan avtomobil hisoblanadi, lekin tan olish kerak, unga mehr berganlar ko‘proq, deb yozadi Kolyosa.Ru. 

Rossiya bozorida bu qadar uzoq yo‘l bosgan va o‘z nufuziga dog‘ tushirmagan boshqa biror avtomobilni eslab topish qiyin. Behazil, «lachetos» jahondagi premerasidan 1–2 yil o‘tgach — 2004 yildan buyon Rossiyada to‘xtovsiz sotilib kelinmoqda.

Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, ayni paytga kelib, butun bir umrini yashab va o‘ziga yarasha obro‘ e'tibor qozonishga ulgurgan VAZning «Granta»si ishlab chiqarilishi boshlanishiga hali yetti yil bor edi... 

Foto: Chevrolet Lacetti '2004 – hozirgi vaqtgacha

Model hozir ham tirik — 2013 yilda O‘zbekistondan Rossiyaga avval Daewoo brendi ostida, 2015 yildan so‘ng Ravon Gentra (Koreyada yasalgan hetchbek yuzi, 1,5 litrli motor, 6 pog‘onali avtomat yoki 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan) eksport qilina boshlandi. «Asil» Lacetti’ning avtomat uzatmalar qutilisi 4 pog‘onali edi, lekin motorlari uch xil bo‘lgan – 1,4 l (95 ot k.), 1,6 l (109 ot k.) va 1,8 (122 ot k.). Bu farqlarga qaramasdan, avtomobil hamon o‘sha-o‘shaligicha qolgan, shu sababli og‘izda «Lachetti» desak ham «Ravon»ni tushunaveramiz. Ushbu maqolamizning intihosida «Ravon»ning xarakterli xususiyatlariga albatta alohida to‘xtalamiz.

Nafrat №5: Shovqindan kuchsiz himoyalanganlik

Qimmat bo‘lmagan avto egalarining aksariyati shovqindan himoyalanganlik borasida yozg‘irishadi, lekin Lachetti bilan bog‘liq holatda, xolis tan olish kerak, u chindan ham ta'mirga muhtoj — 3000 aylanish/daqiqadan boshlab motorning ovozi ro‘y-rost eshitila boshlaydi, g‘ildirak arkalaridagi guvillash esa undan ham oldinroq seziladi. Old o‘rindiqda u dvigatel shovqini bilan biroz bosilsa-da, orqadagi yo‘lovchilar uni aniq-tiniq eshitishadi.

Foto: Chevrolet Lacetti torpedosi

Muhabbat №5: Eskirmas dizayn

Ma'lumki, sedanlar va hetchbeklarda avtomobilning oldingi qismi tuzilishi farqlanadi va dizaynning «abadiy»ligi qo‘shhajmlisiga (2.0 l) ko‘proq taalluqli: bu shunchaki kuzovning sokin va uyg‘un chiziqlariga ega, biror bir tamtaroqli elementlarsiz hetchdir. Ayting-chi, u zerikarlimi? Lekin avtomobilni sotib olayotganlar hamon u chiroyli ekanligini e'tirof etib kelishmoqda! Bu narx darajasida bunday maqtov katta yutuq.

Nafrat №4: Kuchsiz yeldirish dinamikasi

Avtomobilni so‘kishar yoki maqtashar ekan, dinamikani ko‘proq yoqilg‘i sarfi bilan bog‘lashadi — yurmaydi, benzinni “ichadi” (yoki aksincha) qabilida — Lachettining ayrim egalari o‘z mashinalari ko‘rsatkichlarini aynan shunday ta'riflashadi. Lekin uni hech qanday «ochofatlik»da ayblab bo‘lmaydi: «pasporti bo‘yicha» shahar siklida mexanik uzatmalilari 100 km yo‘lga 9,3 litr (1,4 l motorda), 9,1 l (1,6) va 9,8 l (1,8) yoqilg‘i sarflaydi. Avtomat qutiga ega 1,6 litrlisida bu 12–14l/100 km — 4 pog‘onali «avtomat»lar uchun me'yordagi ko‘rsatkich, shikoyatga o‘rin yo‘q. Lekin 100 km/soat tezlikka 11,6–10,7 soniyada erishishi Lacetti haydovchisiga o‘ziga nimadir yetishmayotganidek his qilishiga zamin yaratadi. Faqat 1,8 litrliklari sal tezroq — 9,5 soniyada joyidan 100 gacha jiladi, biroq bunaqasi Rossiyada kam. 

Foto: Chevrolet Lacetti Sedan CDX 

Muhabbat №4: Orqa osma va tormozlar uchun «ilg‘or» yechimlar 

Mustaqil orqa osma va orqa g‘ildiraklardagi diskli tormozlar — bu narx segmentida hozirgi kunda birorta avtomobil bunday afzalligi bilan maqtana olmaydi, bu bejizga emas: bunday yechimlarning ekspluatatsiya plyuslari yumshoqroq qilib aytganda, yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. Lekin bunday «fishka»lar evaziga rossiyalik avtomobilchi ko‘ziga avtomobil statusi bir klass yuqori ko‘rinadi.

Foto: Chevrolet Lacetti Hatchback CDX

Nafrat №3: Yurish qismi elementlarining qisqa resursi

Nima bo‘lganda ham, Chevrolet Lacetti’ning osmasi xususiyatlari — qizg‘in muhokamalar mavzusiga aylangan. Orqadagi richagli osma mashinani boshqaruvda qiziqroq qiladimi? Lekin yarim mustaqil balka ishonchli, sodda va xizmat ko‘rsatilishi arzonroq bo‘lardi. Qattiq va egiluvchan old osma aniqroq manyovr qilishga ko‘maklashadimi? Lekin katta tezlikda u baribir og‘ishga yo‘l qo‘yadi, uning qattiqligi hammaga ham yoqavermaydi. Nima desangiz deng-u, Lachettining yurish qismidagi ayrim komponentlarini «o‘ldirish» juda oson, ayniqsa unchalik batartib bo‘lmagan haydovchilar uchun chikora. Muddatidan avval almashtirilishga amortizatorlar ustuni, stabilizator ustunlari duchor bo‘ladi. Lekin bu ikki «kasallik» Rossiya asfaltlarida yurgan ulkan miqdordagi boshqa avtomobillarga ham xos.

Foto: Chevrolet Lacetti Hatchback CDX 

Muhabbat №3: Keng salon

Bu avtoning ko‘plab egalari Rossiyada ishlab chiqarilgan milliy avtomobillar — asosan LADA Priora, Granta va Kalinadan so‘ng xarid qilishgan. Bu mashinalarga taqqoslanganida Lachettida haqiqatdan ham keng salon mavjud. Ayniqsa buni orqa o‘rindiqqa o‘tirgan yo‘lovchilar yaqqol sezishadi. Bu — bir-ikki santimetr qo‘shimcha yuza yangi yoqimli tuyg‘ularni hadya etadigan holatning o‘zginasi.

 Nafrat №2: Ostidan yo‘lgacha oraliq juda kam

Foto: Chevrolet Lacetti Hatchback CDX 

140 mm atrofidagi klirensga ega avtomobillar Rossiyada o‘zini yaxshi his qilmaydi, bir paytlar Ford Focus’ning oldingi versiyasiga ham tonnalab e'tirozlar bo‘lgan edi, keyingi avlod mashinalarida oraliq masofa oshirildi. Lacetti’da esa klirens 145 mm.ligicha qolgan va ulkan old qismi bilan haydovchilarga noqulaylik tug‘diradi va ular o‘zlarining e'tirozlarini Internetga sochishadi. Bu borada Dastra va Nivada rus yo‘llarida o‘zingni bexavotirroq sezasan. Darvoqe, Lachettining hozirgi inkarnatsiyasi bo‘lmish Ravon Gentra sedanida ham klirens o‘sha miqdorda qoldirilgan.

Foto: Ravon Gentra 

Muhabbat №2: Butlovchi qismlar arzon

Ruslarning milliy «qariya»si Lada bilan taqqosdan qochib bo‘lmaydi, shu sababli oldingi punkt bo‘yicha rus brendi Shevroleni quruq hisobda yutsa, ehtiyot qismlar narxi bo‘yicha Lachetti revansh ololadi. Gap shundaki, aksariyat butlovchi va ehtiyot qismlarining narxi Ladaniki bilan teng miqdorda. Shunday qilib, Lachetti rus avtosevarlarining eng mukammal orzusi: chinakam xorijiy avtomobil, unga xizmat ko‘rsatish esa Ladaniki singari.

Nafrat №1: Klapan qopqog‘i ostidan moy oqadi

O‘z mashinasi kapoti ostiga hech bo‘lmasa bir marta nazar tashlagan har qanday haydovchi bunga guvoh bo‘lgan: klapanlar qopqog‘i ostidan moy sizib chiqadi. Hattoki GMning asl prokladkasi ham svechalar qudug‘igacha oqib boruvchi yog‘ izlarini qo‘yib yuboradi. Ushbu kasallik surunkali hisoblanadi va turli muddatlarda bo‘y ko‘rsatadi: ba'zan qopqoq 20 ming kilometrda «terlasa», ba'zan 2 ming kilometr yetarli bo‘ladi. Ba'zan esa 120 ming km atrofida yo‘l bosilganidan so‘ng moy sizib chiqadi va bu Lacetti egasining bezovtalanishi uchun yakkayu yagona sababdir. 

Muhabat №1: yuqori darajadagi ishonchlilik

O‘ydim-chuqur yo‘llardan avaylab o‘tishni eplaydigan haydovchilar Lachetti bilan birgalikdagi hayotini osoyishtalik bilan o‘tkazishadi. Avtomobil issiq pechkasi, qulay o‘rindig‘i, yaxshi boshqaruv, eng asosiysi — dvigatellari resursining yuqoriligi va shassi komponentlarini ishonchliligi bilan kishini quvontiradi. Uning konstruksiyasi ikir-chikirigacha o‘ylab chiqilgan, shu sababli avtomobilning umri uzoq bo‘lishi ta'minlangan.

Foto: Chevrolet Lacetti Hatchback CDX

Yuqorida sanab o‘tilgan e'tirozlar (aslida ularni nafratlanish uchun sabab sifatida ko‘rsatishning o‘zi noto‘g‘ri, shunchaki formatimiz shunaqa) dan tashqari avtomobil egalari kuzov metallining «yumshoq»ligi, avtomat uzatmalar qutiligi «ochko‘z»ligi, mexanik uzatmalar qutisi richagining uzunroq qadam tashlashi, oynalarining terlashi, noqulay iqlim bloki, «o‘ta oddiy» intererdan shikoyat qilishadi... Bunday e'tirozlarni avval ham qayerdadir o‘qigandeksiz, a? To‘g‘ri, Lada avtomobillariga berilgan taqrizlarda. Kamdan kam «byudjyetli» avtomobilda e'tirozlar ro‘yxati sababi shunchaki o‘ta byudjyetli ekanligiga borib taqaladi, shunday emasmi?

«Afsuski, unaqasini endi ishlab chiqarishmayapti» degan bitiklarni tez-tez o‘qib qolamiz, lekin Ravon Gentra ko‘rinishidagi muqobil hammaga ham mos kelavermaydi: kimgadir hetchbek  tashqi ko‘rinishi bilan ixcham va uyg‘undek ko‘rinadi, Ravonning gammasida esa unaqasi yo‘q, faqat sedan. Plyus va minuslar xuddi Lachettinikidek qolgan, faqat bamperlarning lok-bo‘yoq qatlami birinchi ming kilometrdayoq sidirilib tusha boshlamoqda. 

Lekin bunaqasi «haqiqiy» Lacetti’lar bilan ham yuz berib turgan, qolgani esa... Xullas, Ravon Gentra’ning borligi juda yaxshi — kimdir «byudjyetli» avtomobilning bunday variantini optimal deb topar. Va u ko‘p masalada haq bo‘lib chiqadi.

Mavzuga oid
Top