21:51 / 29.09.2017
10531

Deputatlar muhokamasi: Qirg‘iziston bilan shartnoma, havoni muhofaza qilish va jinoyat quroli

Foto: Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati.

Deputatlar dastlab «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2017 yil 5 sentabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Ta'kidlanganidek, yon-atrofda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal etish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Shu ma'noda mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning joriy yil 5 sentabr kuni Qirg‘iziston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risida Shartnomaning imzolanishi ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga imkon berdi.  

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi katta tarixiy ahamiyatga ega ekanligi, orzulari, niyatlari bir qardosh o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishdek ezgu maqsadga xizmat qilishi ta'kidlanib, deputatlar tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.

Shundan keyin bir guruh deputatlar tomonidan qonun tashabbusi huquqi asosida quyi palataga birinchi o‘qishda kiritilgan «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan qonun loyihasida normativ-huquqiy, iqtisodiy mexanizm va vositalarni takomillashtirish, qonun buzilishlari natijasida qo‘llaniladigan iqtisodiy choralar tizimini rivojlantirish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini hamda ekologik huquqlari himoyasini ta'minlovchi huquqiy mexanizmlarni yaratish nazarda tutiladi.

Deputatlar ta'kidlaganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat siyosati va boshqaruvining asosiy yo‘nalishlarini belgilashga, atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlashga, ozon buzuvchi moddalar va ularning tarkibida tutuvchi mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish va olib kirishni huquqiy tartibga solishga shu bilan birga atmosfera havosini transchegaraviy ifloslanishining kamayishiga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng deputatlar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq jinoyat quroli, kimga tegishliligidan qat'i nazar, musodara qilinishi kerak bo‘lgan va tegishli muassasalarga topshirilgan yoki yo‘q qilib yuborilgan.

Mazkur qonun loyihasi bilan esa mulk jinoyat quroli sifatida foydalanilganda, mulkdorning aybi bo‘lmagan holatlar bo‘yicha uni musodara qilish mumkin emasligi tartibi o‘rnatilmoqda. Deputatlarning fikricha, qonuning qabul qilinishi mamlakatimizda xususiy mulk va mulkdorlarning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada mustahkamlanishiga olib keladi.

Majlisda parlament a'zolari Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Top