16:00 / 29.09.2017
14750

«Yosh futbolchilar so‘yilmagan qovundek gap». Mourino nega eng reklamabop murabbiy?

Foto: GameBet

Fransiyaning France Football nashri har yili eng yuqori maoshga ega bo‘lgan futbol murabbiylari ro‘yxatini havola etadi. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» ustozi Joze Mourino bu ro‘yxatda yetakchilik qilishi hech kimni hayron qoldirmagani tabiiy. 2004 yilda bu ro‘yxatga qo‘shilgan portugaliyalik mutaxassis 12 mavsumda peshqadamlik qilgan. Faqat ikki marta uni ortda qoldirishgan – 2004 yilda Aleks Fergyuson va 2009 yili o‘sha vaqti «Chelsi»da ishlagan Luis Filipe Skolari. 

2016/17 mavsum yakunlariga ko‘ra Joze Mourino 28 million yevro maosh bilan birinchi, keyingi o‘rinlarni Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Marchello Lippi (23.5 million), «PSJ»dagi shartnomasini bekor qilgan Loran Blan (20 million), Karlo Anchelotti (15.8 million) va Pep Gvardiola (14.5 million) band etdi.

Ushbu reytingning muhim xususiyati – bu yerda faqat klubdan olinadigan maoshlargina emas, barcha reklama huquqlari orqali topiladigan daromadlar ham hisoblanadi. Aynan mana shu omil Joze Mourinoni yaqqol peshqadamga aylantiradi, zero ingliz matbuotining yozishicha, uning Manchesterdagi maoshi 16 million yevro, ya'ni Lippi yoki Loran Blanning daromadlaridan kamroq. Karlo Anchelotti, Pep Gvardiola kabi murabbiylar ham Jozega yaqinroq maosh olsalar-da, aynan reklama tufayli Joze raqiblarini deyarli ikki barobar ortda qoldira oladi. Bu har yili shunaqa va tasodif emas. 

Waitrose tuxumlari

2007 yilning kuzida, «Rusenborg»ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida, o‘sha paytda «Chelsi»da ishlagan Mourino jurnalistlarga nolidi: «Bu xuddi quymoq va tuxumlar kabi, tuxum bo‘lmasa, quymoq ham bo‘lmaydi», – degandi o‘shanda Mourino – «hammasi tuxumning sifatiga bog‘liq. Supermarketda birinchi, ikkinchi, hamda uchinchi sortdagi tuxumlar bor. Birinchi sort tuxumlar qimmatroq, ammo ulardan shirinroq quymoq chiqadi. Ya'ni, agar birinchi sort tuxumlar Waitrose’da (Britaniyadagi yirik supermarketlar tarmog‘i) sotilsa va senda u yerga kira olish imkoniyati bo‘lmasa, bu muammo».

O‘shanda hech kim tushunmadi – bu supermarketlarning mukammal rejalashtirilgan piar-aksiyasi edimi yoki Mourino rostan ham quymoq tayyorlaydimi? Nima bo‘lgandayam, bu iqtibos dunyoni kezdi, keyinroq esa, Joze Mourinoning rasmi bilan «qadrini hamma ham bilavermaydi» deb yozilgan Waitrose reklamalari paydo bo‘ldi. So‘z o‘yini ham juda mos kelgan – o‘sha «Rusenborg»ga qarshi o‘yindagi durangdan so‘ng, Mourino «Chelsi»dan iste'foga chiqarilgandi. 

Baribir «Waitrose tuxumlari» iborasi ingliz futbolida folklor bo‘lib qoldi va hozirgacha eslab turishadi. Bu bir narsani, Jozening haqiqatan ham tovarni reklama qila olishini, u qatnashgan har qanday tadbir munozaralarga, e'tiborga molik o‘laroq qolishini bildiradi.  

Waitrose Mourino go‘yoki tasodifan eslab yuborgan yagona brend emas, «Men «Aston Martin»ga ega bo‘lishni istayman, lekin siz bu uchun mendan million funt so‘rasangiz, tentak bo‘lib qolibsiz, deyman, chunki u 250 ming turadi», – 2007 yildan iqtibos.

Yoki «Chelsi»da ishlab yurgan paytida, undan Daff, Robben va Jo Koulni nega rotatsiya qilib tushirayotganini so‘rashganda - «Nega doim «Aston Martin»da yuraverish kerak, axir bundan tashqari senda «Ferrari» va «Porshe» ham bor-ku?» deb javob bergandi. 

Mourinoning chiroyli avtomashinalarga bo‘lgan mehri hammaga ma'lum – uning garajida «Aston Martin» va «Porshe» turadi. Lekin hech kim aniq bilmaydi, Joze bu gaplar orqali yashirin reklama bilan shug‘ullanyaptimi yoki bu shunchaki solishtiruvmi?

Foto: Reuters

Portugaliyalik murabbiy hech kimga o‘xshamasligini u endigina Angliyaga tashrif buyurgandayoq payqashgandi. 2004 yildagi matbuot anjumanida uning o‘zi bu haqida og‘iz ochgan: «Menda top futbolchilar bor va kechirasiz-u, ularning ustozi ham top-murabbiy. Iltimos, meni mag‘rur deb o‘ylamang, shunchaki haqiqatni aytyapman. Men Chempionlar Ligasini yutdim, osmondan tushib qolganim yo‘q bu yerga. Men – o‘ziga xos insonman».

Foto: Skysports

Special One – bu ibora butun dunyoga tarqab ketdi. Kimdir kuldi, kimdir tushunmadi, kimdir hayron bo‘ldi. Ammo hamma bu so‘zni takrorlar edi.  

Shundan buyon Jozening iqtiboslari bir necha kitob bo‘ladigan darajaga yetdi. Uning so‘zlaridan biz «Vengerning vuayyerizm kasalligi borligi»ni, «kinoda Mourinoni Jorj Kluni o‘ynashi kerakligi»ni va yana juda ko‘p «ma'lumot»larni bilib oldik. 

«Menimcha, Xudo meni zo‘r yigit deb o‘ylaydi. Aks holda, u menga bu qadar ko‘p narsa bermasdi. Menga u juda ko‘p bor yordam bergan, demak men haqimda yaxshi fikrga ega bo‘lsa kerak» – Jozening gapi. 

«Yosh futbolchilar so‘yilmagan qovundek gap. So‘yilgandan keyingina ularning yaxshi yoki yomonligini bilish mumkin» – bu ham.

«Avtobusga kech qolgan futbolchini kutgandan ko‘ra, maydonga 10 kishini tushirganim afzal».

«O‘yin oldidan matbuot anjumaniga ketayotganimda, men uchun o‘yin boshlangan hisoblanadi».

Bu iqtiboslar ham unga tegishli. 

Go‘yoki, dunyodagi boshqa barcha murabbiylar bir bo‘lib ham, birgina Jozechalik e'tiborga molik iqtiboslarni aytishmagandek, tuyuladi. «Jarima maydoni oldiga avtobus qo‘yish» – uning bu gapi futbol terminologiyasiga kirib ulgurdi. Qizig‘i, o‘shanda u raqibning himoyaga katta e'tibor qaratganidan noligandi, ammo keyinchalik, Jozening o‘zi ko‘p bora himoyaviy o‘yin ko‘rsatgach, o‘ziga nisbatan ham ishlatiladigan bo‘ldi. 

Mourino chiroyli kiyinadi – maydon chetida ham, matbuot anjumanlarida ham, oddiy kundalik hayotida ham. Ingliz tilini yaxshi biladi – u futbol faoliyatini «Portu»da Bobbi Robsonning tarjimoni sifatida boshlagan. Qo‘shimchasiga g‘alabalar. Ikki karra Yevropa Chempionlar Ligasida, ikki karra Yevropa ligasida, o‘zi ishlagan barcha mamlakatlarda. Aktyorlarga xos tashqi ko‘rinish, aktyorlik mahorati, muvaffaqiyat, so‘zga chechanlik, yumor – brendlar undan yaxshiroq kimni ham topishlari mumkin?

Mourinoning omma oldidagi tajovuzkor xarakteri ko‘pincha jamoaga ham foyda keltiradi. U barcha zarbalarni o‘ziga qabul qiladi, jurnalistlarni gipnoz qilib, e'tiborni butunlay boshqa tomonlarga burib yuboradi va shu orqali futbolchilarni bosimdan ozod qiladi. Uning matbuot yoki hamkasblari bilan doimiy janjallari jamoa ichkarisida «urush holatini» yaratadi. «Hamma bizga qarshi» – shu fikrni singdirish orqali futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya beradi, ularni jipslashtiradi.  

Eng muhimi, Mourinoning bu xislatlari, avvalo, Mourinoning o‘ziga foyda keltiradi. U o‘zidan futbol olamidagi eng taniqli qahramonlardan birini yasab oldi. Tabiiyki, juda ko‘p miqdorda homiylik takliflariga ega. «Manchester Yunayted» bilan shartnomaga ko‘ra, u bonuslarni qo‘shmaganda, bir yilda 15.9 million yevo oladi. 12.1 million yevro esa, unga turli brendlar bilan shartnomalar orqali keladi. Portugaliyalik mutaxassis kompyuter o‘yinlari ishlab chiqaruvchi EA Sports kompaniyasi yuzi hisoblanadi. Shuningdek, Adidas firmasi, Hublot soatlari, Jaguar avtomobil ishlab chiqaruvchilari, BT Sport kanali, Lipton choyi, Atlantis mehmonxonalar tarmog‘i bilan ham shartnomalari bor. 

O‘tgan yilning kuzidan boshlab, Heineken pivo konserni 2020 yilgacha Joze bilan hamkorlik qiladigan va buning uchun har yili 4.5 million yevro to‘laydigan bo‘ldi. Murabbiyning tijoriy ishlarini yuritadigan SAA agentligi ushbu kelishuvni tashkil qildi. Joze Heineken’ning mashhur Hollivud rejisseri Gay Richi suratga olgan reklama roligida ishtirok etib ham ulgurdi.  

Xo‘sh, yangi mavsumda uni bu taxtdan kim tushirib yuborishi mumkin? «Chelsi» klubi uchun rekord bo‘lgan 11 millionlik shartnomani imzolagan ehtirosli Antonio Kontemi? Ammo unda osongina reklama bozorida daromad qiladigan xarizma yetishmaydi. Albatta, Kontening sovrinlari ham ancha kam. 

Foto: Football.ua

Xosep Gvardiola? Ha, unda sovrinlar ko‘proq, lekin Joze kabi kalondimog‘lik unda yo‘q, ingliz tilini u qadar bilmaydi, atrofdagilarga ta'sir o‘tkazish borasida ham Jozening oldiga tusha olmaydi. Yillar o‘tib Pep ham o‘zgarishi mumkin, lekin xarakter jihatidan u hech qachon Joze kabi bo‘la olmasligi aniq. 

Shuning uchun ham, murabbiylar orasida Joze eng mashhuri bo‘lib qolaveradi. Hatto futbolchilar orasida ham marketing faoliyati orqali Mourino darajasida topadiganlar ko‘p emas. Faqat Ronaldu (35 million dollar), Messi (27 million dollar) va Neymar (22 million dollar) homiylik shartnomalari bo‘yicha Jozeni ortda qoldiradilar xolos. 

Forbes materiali asosida

Mavzuga oid
Top